Bandaj so‘zi, fransuz tili lug‘ati bo‘yicha “bog‘ich” ma’nosini anglatadi. Odamlar bandajlardan qadimdan davolash va kosmetika maqsadlarida foydalanib keladilar. O‘tmishdagi Gretsiya va Rim aholisi o‘rtasida qad-qomatini chiroyli bo‘lishini istab, qorinlariga maxsus taxtakachlarni bog‘lab ham yurganlar.
Bugungi kunda, qorindagi a’zolarni pastga surilishi, qorin devoridagi churra va to‘liq bitmagan jarrohlik chandiqlari, qorin mushaklarini kuchsizligi, semirishda, shuningdek profilaktika maqsadida davolash uchun mo‘ljallangan bandajlar ishlatiladi.
Qorindagi a’zolarni pastga surilishi, ko‘pincha og‘ir yuklarni ko‘tarish, xomilani noto‘g‘ri rivojlanishi, turli sabablarga ko‘ra ozib ketish, noratsional ovqatlanish va jarohatlar, qorin devori mushaklarini bo‘shashi bilan ichki bosimni o‘zgarishi natijasida ro‘y beradi. Bunda, qorin pastida, biqinda va bel sohasida og‘riq, ba’zan ich ketishi, ko‘ngil aynashi kuzatiladi.
Davolash bandajlari, yurish bilan bog‘liq harakatlanishda qorin devoridagi bitmagan chandiqlar, ichki a’zolar uchun tinch va qulay sharoit yaratish, silkinmasligini oldini olish, qorin devoridagi churrani kattalashib ketmasligini oldini olish uchun xizmat qiladi. Davolash bandajlaridan foydalanish davrida jismoniy badan-tarbiya mashqlari, qorin devorini uqalash, turli suv muolajalarini olish kerak. Bandajlar ip gazlama, zig‘ir va shoyi tolasidan tayyorlanadi hamda sirg‘alib ketmasligi uchun paypoqqa bog‘lamalar bilan ulab qo‘yiladi. Bandaj taqishdan avval qorin devori pastdan yuqoriga kaft bilan uqalanadi va yotgan holatda, tugmachalarini pastdan yuqori tomonga taqib chiqiladi.
Shuningdek, tug‘ishdan oldingi va keyingi davrda foydalaniladigan bandajlar bo‘ladi. Tug‘ishdan oldingi bandaj, xomiladorlikni ikkinchi yarmida, qorin devorini ortiqcha cho‘zilib ketishi va osilib ketishini oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. Ushbu bandajlar qayta xomiladorlik va xomiladorlikni noto‘g‘ri rivojlanishida tavsiya etiladi. Tug‘ishdan oldingi davrda rezina bilan tortib turadigan bog‘ichli bandajlarni xomiladorlar foydalanishi qat’iyan man etiladi.
Tug‘ishdan keyingi davrda qorin ichki bosimi ortishida va chanoq osti mushaklari cho‘zilganda tavsiya etiladigan bandajlar, qorin devorini bo‘shashib ketishi va ichki a’zolarni pastga siljishini oldini olishga mo‘ljallangandir. Bandaj kun bo‘yi taqib yuriladi va kechqurun uyquga yotishdan avval yechiladi. Bandajni iliq suvda sovun bilan yuvib tozalash mumkin.
Kosmetik bandajlardan (gratsiyali, yarim gratsiyali, rezinali va oddiy) ba’zan qad-qomatni to‘g‘ri va chiroyli holat ko‘rinishiga keltirish uchun haddan ortiq siqib foydalanish holati kuzatiladi. Bunday kosmetik bandajlar yurishda va mehnat qilish jarayonida noqulaylik yaratadi hamda qorin devori va ichki a’zolarni pastga siljishini keltirib chiqaradi.
Bandajdan foydalanishda (ayniqsa, keksa yoshdagilarda va semizlikda) qorinni ortiqcha siqib bog‘lash tavsiya etilmaydi. Ular davolash uchun tayyorlangan bandajlardan foydalanganlari ma’qul.
To‘g‘ri tashkil etilgan kundalik rejim, davolash bandajlaridan foydalanish, jismoniy badan tarbiya mashqlari, suvli muolajalar, uqalash qorin devorini pastga osilishini oldini oladi va qomatni chiroyli ko‘rinishini ta’minlaydi.
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 4, t.f.n. N.M.Troynina maqolasi asosida tayorlandi)