Bavosil (gemorroy) – qadimdan odamlarga ma’lum kasallik hisoblanib, uni kelib chiqish sabablari, tashhislash va davolash haqida Gippokrat, Sels, Galen, Abu Ali ibn Sino asarlarida ham ma’lumotlar keltirilgan. Gemorroy so‘zi grek tilidagi haima – “qon” va “rheo” –“oqish”, ya’ni organizmdagi har qanday qon oqishini bildirsa-da, keyingi asrlarda asosan to‘g‘ri ichak devoridagi vena qon tomirlarini kengayib (varikoz), so‘ngra yorilishi natijasida qon ketishi tushunib kelinmoqda. Qizig‘i shundaki, Gippokrat davrida bu kasallik bezarar, hattoki inson uchun bir qadar foydali ekanligi haqida fikrlar bildirilgan. Chunonchi, gemorroyda yuz beruvchi qon ketishi, odamdagi ba’zi kasalliklarda, masalan xafaqonlikda qon bosimini tushishiga, ma’lum bir ma’noda qonni tozalanishiga yordam beradi, degan fikrlar ham bildirilgan.
To‘g‘ri ichakda yuqori (ichki) va pastki (tashqi) vena qon tomirlari bo‘lib, o‘zaro chigal mayda vena tomir chigallari orqali o‘zaro bog‘langan. To‘g‘ri ichak devoridagi vena qon tomirlarida qonni harakatlantiruvchi klapanlar bo‘lmaydi. Yuqori vena qon tomirlari to‘g‘ri ichakning shilliq qavatini ostida, pastki vena qon tomirlari bevosita to‘g‘ri ichak teri ostida joylashgan bo‘ladi. Ichki va tashqi bavosil alohida uchraydi va ba’zan, og‘ir, o‘tkazib yuborilgan kasallik holatlarida birgalikda kuzatiligi mumkin. Vena qon tomirlarining devori irsiy jihatdan nozik, pishiq bo‘lmagani sababli turli bosimlarga chidamsiz, kengayishga moyil bo‘lib, osongina yorilishi natijasida qon ketadi, degan qarashlar ham mavjud. Lekin bavosil kasalligi aksariyat o‘rta va keksa yoshdagilarda uchrashini hisobga olsak, bu fikr o‘zini oqlamaydi. Agarda o‘smirlik yoshidagilarda uchrab, bemorning ota-onasida ham bavosil kuzatilgan bo‘lsa, uni kelib chiqishini irsiy kelib chiqishi bilan bog‘lash imkoniyati tug‘iladi.
Bavosil erkaklarda (70-75 foiz) ayollarga (25-30 foiz) nisbatan ko‘proq, o‘rtacha 35 yoshdagilar va ulardan kattalarda uchraydi. Buning sababini har ikki jins organizmining chanoq qismidagi to‘g‘ri ichaklarni anatomiq tuzilishi bilan izohlanadi. Xalq orasida bu kasallik uzoq vaqt o‘tirib ishlaydigan, kamharakat odamlarda uchrashi haqida tushuncha mavjud. Aslida esa bavosil tik turib ishlaydiganlarda ham uchraydi. Qorin devorini taranglashuvi natijasida vena qon tomirlarida bosimni ortishi bilan bog‘liq mehnat (og‘ir yuklarni dast ko‘tarish, musiqa asboblarini ishlatishda puflash, chilangar iskanjasida (“tiski”) kuchanib, bosim berib ishlash, uzoq vaqt tik oyoqda turib ishlovchilar sotuvchi, sartarosh, konduktor va h.) turlarida va kamharakat qiluvchi aqliy mehnat qiluvchi shaxslar, shuningdek o‘tirib ishlovchi hunarmandlar, soatsozlar, kompyuter mutaxassislarda bavosil tez-tez uchraydi. Shuningdek, uzoq muddat ich qotishiga (qabziyat) uchragan odamlarda, quyuq qovurma, o‘tkir tuzlangan ovqatlarni iste’mol qiluvchilarda, ichki ahlatni chiqarishga bo‘lgan fiziologik reflekslarga bee’tibor bo‘luvchilarda ahlatni turib qolishi oqibatida to‘g‘ri ichak venalarida qonni turib qolishiga sababchi bo‘ladi. Bavosilni kelib chiqishida qabziyat oldiniga sababchi omil bo‘lsa, keyinchalik uning oqibat omiliga aylanadi.
Odatda, ichki va tashqi bavosil biron-bir belgisiz kechadi, ya’ni odamni bezovta qilmaydi, to‘g‘ri ichak venasini tuguncha shaklicha varikoz kengayishi bu hali bavosil degani emas. Qachonki ushbu vena tugunchasi yorilib, qon oqsa, shamollash yuz berishi bilan tashqariga osilib chiqsa, bavosil haqida so‘z yuritiladi. Agarda ich kelgandan keyin (defekatsiya), qog‘oz salfetka orqali, qotgan ahlatni shilliq qavatni tirnalishi natijasida shishgan vena tugunchasiga infeksiya tushishi oqibatida yallig‘lanish, tromboflebit yuzaga kelib, vena qon tomiri qotgan qon bilan berkiladi hamda vena tugunchasi qattiqlashib, kuchli og‘riq paydo bo‘ladi.
Bunday paytlarda shifokor tomonidan yumshoq va suyuq ovqatlar, qizil lavlagi, sabzavot va ho‘l mevalar, ayniqsa ayollarga ichni yumshatuvchi ravoch, izofenin, purgen, bavosil choyi, itshumurt (krushina) po‘stlog‘idan qaynatma tavsiya etiladi. Go‘sht, baliq va qo‘sh go‘shti qovurilmasdan, qaynatiladi yoki dimlanib tayyorlanadi. Ovqat ratsioniga seld balig‘i, xom piyoz va sarimsoqpiyoz, xantal, sirka, tuzlangan bodring kiritilmaydi.
Vena tugunchasidagidagi tromb 7-8 kundan keyin so‘rilib ketadi va bemorni kayfiyati ko‘tarilib, avvalgi sog‘lom holatini tiklab olgach, har doimgi mehnat faoliyatiga qaytadi, ammo kundalik rejimni davom ettirish kerak bo‘ladi. Bavosil qaytalanib, to‘g‘ri ichak vena tugunchasida shamollash jarayoni ketayotgan paytda, turli asoratlarni oldini oish maqsadida jarrohlik amaliyotini qo‘llash tavsiya etilmaydi. Gohi-gohida vena tugunchasi yorilib, qon ketishi ro‘y berganda streptotsid kukunidan orqa teshikka sepish va uni bint bilan yaxshilab bog‘lab qo‘yish yordam beradi. Agarda kon ketishi tez-tez kuzatilib, bir necha oyo mobaynida davom etsa, organizmda kamqonlik yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, shishgan vena tugunchasini qayta-qayta tashqariga osilib tushish holati ro‘y bersa, to‘g‘ri ichakning shilliq qavati yoki o‘zini to‘liq tushishi ham mumkin. Oddiy muolajalar yordam bermagan og‘ir va murakkab bavosil turlarida, turli asoratlar (anemiya, paraproktit, oqma yara teshiklari) kelib chiqqanda jarrohlik amaliyoti taviya etiladi.
Uzoq muddat davom etgan va davolanmagan bavosil kasalligi, ba’zan og‘ir asoratlarga, masalan, to‘g‘ri ichak atrofidagi to‘qimani zararlanishi (paraproktit), oqma yara teshigi yoki shilliq qavatini shamollashi (proktit), kamqonlikka olib kelishi mumkin. Ayrim odamlarning bavosilni o‘z vaqtida davolamasa, o‘sma kasalligiga o‘tib ketishi mumkin degan fikrlari noo‘rin. Chunki to‘g‘ri ichak o‘smasi, alohida rivojlanadi va bavosilga aloqasi yo‘q, deb hisoblanadi, va odatdagi tibbiy ko‘rik paytida aniqlanishini ta’kidlash lozim. Shuning uchun, bavosilda dastlabki qon oqishi kuzatilgandayoq, kasallikka to‘g‘ri tashhis qo‘yish uchun shifokorga (terapevt, xirurg-proktolog) murojaat qilish zarur. Bavosil kasalligini qanday oldini olish mumkin?
• qabziyatni bartaraf etish, kundalik ovqatlanish va mehnat rejimiga rioya qilish;
• ko‘katlarga boy ovqatlarni, jumladan, pichoq bilan maydalanib, o‘simlik yog‘iga qorilgan qizil lavlagidan tanavvul qilish (100 gr.lavlagi, 15-20 gramm kartoshka, sabzibir xil miqdorda olinib, aralashtirgan holda);
• kechqurunga 6-8 dona ertalabdan suvda ivitib qo‘yilgan qora olxo‘ridan iste’mol qilish;
• grechka bo‘tqasi, olma va boshqa ho‘l mevalar (uzum va nok ba’zan ichni qotirishi mumkin) yeyish;
• bemorga sutli mahsulotlarni, jumladan, chuchuk qatiq (prostokvasha) va bir kunlik ivitilgan qatiq (kefir) berish;
• kuchli qabziyatda ichni yumshatuvchi bavosil choyi, itshumurt po‘stlog‘idan qaynatma, moychechak, yalpiz teng miqdorda aralashtirilib, qaynatmani kechqurun ichish;
• ayniqsa 35-40 yoshlardan keyin mehnat jarayonida tanaffuslar qilib, faol jismoniy harakatlar mashqlarini bajarish;
• sport turlari (chang‘i, konki uchish, tennis, voleybol) bilan shug‘ullanish, yotishdan avval piyoda sayr qilish tavsiya etiladi. Ta’kidlash lozimki, bavosil kasalligini oldini olish uchun kundalik va ovqatlanish rejimlariga qat’iy rioya qilish ayni muddaodir. (“Здоровье” jurnali, 1959, № 4, A.N. Rqjix maqolasidan foydalanildi)