Ushbu kasallikning asosiy uchta klinik belgisini (bo‘qoq, chaqchaygan ko‘zlar, yurakni juda tez urishi) nemis shifokori Karl Bazedov 1840 yili batafsil yozib qoldirgan. Kasallikni (“tireotoksikoz”, “Bazedov kasalligi”) asosida odam organizmidagi qalqonsimon bez faoliyatini kuchayib ketishi va tiroksin gormonini ko‘p miqdorda ajralishi yotadi. Natijada organizmdagi modda almashinuvi zo‘rayib, kislorodga bo‘lgan talab ortadi va markaziy asab tizimining faoliyati tezlashadi.
Qalqonsimon bezni kattalashuvi bilan odamda jahlni tezda chiqishi, umumiy quvvatsizlik, arzimagan narsadan ko‘z yoshi to‘kish, yurak urishini tezlashuvi (taxikardiya), yurak sohasida og‘riq bo‘lishi, butun tanada titroq turishi, bosh og‘rig‘i, ko‘p terlash belgilari paydo bo‘ladi. Ular issiq havoni yoqtirmaydilar, uyqu buziladi, ovqatni ko‘p istemol qilishlariga qaramasdan ozishga moyil bo‘ladilar. Kasallik juda ko‘p hollarda o‘tkir stress yoki surunkali asab buzilishlari bilan bog‘liq holda boshlanadi va odamning kayfiyati buziladi: mehnat qobiliyati pasayadi, shishlar paydo bo‘ladi, teri birmuncha qorayadi.
Kasallikni boshlanishida har doim ham qalqonsimon bez kattalashmaydi va uning yuqorida keltirilgan belgilari boshqa kasalliklarda (masalan, nevroz) ham bo‘lgani sababli to‘g‘ri tashhislash birmuncha kechikishi mumkin.
Tog‘li aholi o‘rtasida, ayollarda, yoshlarni bo‘yi o‘sishi davrida, ba’zan qalqonsimon bezni kattalashganini kuzatishimiz mumkin, lekin bu Bazedov kasalligi degani emas va kundalik rejimni to‘g‘ri tashkil etilishi bilan hammasi joyiga keladi.
Kasallikni davolashda, shifokor eng avvalo asablarni tinchlantiruvchi, ba’zan uxlatuvchi dorilarni, insulin, glyukoza preparatlarini qo‘llashi hamda qalqonsimon bez faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus dori preparatlar – metiltiouratsil, merkazolil, oz miqdordagi yod, diyodtirozin, kortin va kortizondan foydalanishi mumkin.
Agarda kasallik tez rivojlanishda davom etib, dori-darmonlar foyda bermasa, ya’ni Bazedov kasalligini III-IV-bosqichlarga o‘tish ehtimoli aniq bo‘lsa, og‘ir asoratlarni oldini olish va bemorning hayotini saqlab qolish maqsadida jarrohlik amaliyoti qo‘llaniladi.
Kasallikni oldini olishda, ya’ni profilaktikasida o‘ziga xos, maxsus chora-tadbirlar ma’lum emas, lekin kasallikni boshlanishi asablarni o‘tkir va surunkali taranglashuvi, qattiq qo‘rquv yoki uzoq muddat davom etgan ruhiy ezilish bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, har bir odam o‘zining asab tizimini jilovlashga odatlanishi, arzimagan gap-so‘zlar, oila va ish joyidagi xafagarchiliklarni yuragiga yaqin olmaslikka harakat qilishi kerak.
Shuningdek, bemorga yolg‘iz siqilib o‘tirmasdan ochiq havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlar va do‘stlardan xabar olish, shahardan tashqariga oilaviy chiqib dam olish, madaniy hordiq chiqarish maskanlariga borish, o‘zi yoqtirgan yumushlar (xobbi) bilan shug‘ullanish kabi tadbirlar tavsiya etiladi. Organizmni chiniqtirish maqsadida suv havzalari, basseyn, saunalarga borish va albatta, jismoniy badan-tarbiya mashqlari, qiziqishi bo‘lgan sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish lozim.
Kundalik rejimni to‘g‘ri tashkil etish – o‘z vaqtida va yetarli uxlash, to‘yimli va yengil ovqatlanish (oz-ozdan kuniga 4-5 mahal), aqliy va jismoniy mehnat hamda dam olishni muvofiqlashtirish, issiq yoz kunlari soya-salqin joyda dam olish, qiziqarli kitoblarni mutolaa qilish ham Bazedov kasalligini (tireotoksikoz) oldini olishdagi muhim omillardan hisoblanadi.
“Здоровье” jurnali, 1960, №11, prof. O.V. Nikolayev maqolasidan foydalanildi.