Tadqiqotchilar xolesterin miqdorini bitta inʼyektsiya orqali pasaytirishning yangi usulini topdilar. Ushbu texnologiya DNK tuzilishini o‘zgartirmasdan jigarni qon tozalash jarayonida yanada samarali ishlashga undaydi.
Yuqori xolesterin yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishining asosiy xavf omillaridan biri hisoblanadi. Bu esa dunyo bo‘ylab o‘limning eng asosiy sabablaridan biri sanaladi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, O'zbekiston aholisining katta qismida xolesterin darajasi yuqori, lekin atigi 7,6% bemorlarga tegishli terapiya qo‘llaniladi. Ko‘pchilik o‘z salomatligi haqida xabardor emas, boshqalari esa statinlarning nojo‘ya taʼsirlaridan xavotirlanib, dori ichishdan bosh tortishadi yoki ularni tartibsiz qabul qilishadi. Holbuki, xolesterinni nazorat qilish odatda umrbod terapiyani talab qiladi.
Yuqori xolesterin yurak-qon tomir kasalliklari bilan chambarchas bog‘liq. Agar siz qon bosimi muammolariga duch kelsangiz, to‘g‘ri ovqatlanish ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada batafsil ma'lumot olish uchun quyidagi maqolani o‘qib ko‘ring: 👉👉 Yuqori bosimda qanday qilib to‘g‘ri ovqatlanish mumkin?
Amerikalik genetik olimlar muqobil yechim taklif qilishdi: ular faqat bir marta amalga oshiriladigan inʼyektsiya orqali yuqori xolesterin muammosini hal qilishga yordam beradigan yangi texnologiyani ishlab chiqishdi. Ushbu usul PCSK9 genining faolligini bostirishga qaratilgan bo‘lib, buning natijasida jigar qon tozalash jarayonini yanada samarali bajara oladi.
PCSK9 geni 2003-yilda aniqlangan bo‘lib, u xolesterin almashinuvi jarayoni haqidagi ilmiy tushunchalarni tubdan o‘zgartirdi. Mazkur gen yomon xolesterin deb ataluvchi past zichlikdagi lipoprotein (LZLP) retseptorlarini yo‘q qilishga yordam beradi. Bu esa jigarning qon tozalash qobiliyatini kamaytiradi va natijada qondagi xolesterin doimiy ravishda yuqori bo‘lib qoladi. Xususan, ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, PCSK9 darajasini dorilar yoki genetik tahrirlash orqali pasaytirish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Bugungi kunda mavjud bo‘lgan gen tahrirlash usullari DNK tuzilishini o‘zgartirishni talab qiladi, bu esa xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarni keltirib chiqaradi. Shu sababli olimlar epigenetik tahrirlash texnologiyasidan foydalandilar, yaʼni ular gen faolligini bostirishdi, lekin uning tuzilishini o‘zgartirishmadi.
Ushbu metod avvaliga inson jigari hujayralarida sinovdan o‘tkazildi, so‘ngra odamga xos PCSK9 geni mavjud bo‘lgan sichqonlarda va keyinchalik makakalarda tekshirildi. Eksperimentlar shuni ko‘rsatdiki, yagona inʼyektsiya sichqonlarda PCSK9 faoliyatini 98% ga pasaytirdi, natijada qondagi yomon xolesterin darajasi ancha kamaydi. Muhimi, bu taʼsir bir yildan ortiq vaqt davomida saqlanib qoldi. Hatto jigar qayta tiklanganidan keyin ham davo samaradorligi yo‘qolmadi: olimlar jigar to‘qimalarining bir qismini olib tashlash orqali uning qayta o‘sishini rag‘batlantirishdi va natijada epigenetik tahrirlash natijalari hali ham saqlanib qolganini aniqlashdi.
Maymunlarda PCSK9 darajasi deyarli 90% ga, yomon xolesterin miqdori esa 70% ga kamaydi. Olimlarning taʼkidlashicha, bu natija statinlar bilan uzoq muddatli davolash samarasi bilan tenglashadi, biroq bor-yo‘g‘i bitta ukol bilan amalga oshiriladi.
“Bizning PCSK9 ga qaratilgan epigenetik tahrirlash texnologiyamiz xolesterinni butun umr davomida pasaytirish imkoniyatiga ega. Ayniqsa, uzoq muddatli dorilarni muntazam qabul qilish qiyin bo‘lgan bemorlar uchun bu usul ayni muddao bo‘lishi mumkin”, — deyiladi Nature Medicine jurnalida chop etilgan tadqiqotda.
Albatta, bu usul klinik sinovlardan o‘tishi kerak, ammo agar u inson organizmida ham samarali bo‘lsa, yuqori xolesterinni davolashda inqilobiy yutuqqa aylanib, kunlik dori vositalariga ehtiyojni yo‘qotishi va bemorlarning terapiyaga bo‘lgan rioya qilish darajasini oshirishi mumkin.