Qo‘z qovoqlarining milkini shamollashi – blefarit – ko‘pincha ikki xil bo‘ladi: oddiy va yarali.
Oddiy, gohida uni tangachasimon blefarit, deb ataluvchi xili ko‘z qovoqlari milkini qizarishi va qalinlashuvini keltirib chiqaradi; kipriklarni asosida katta bo‘lmagan teri tangachalari paydo bo‘ladi. Aksariyat hollarda blefarit qovoqlarni shilliq qavatini shamollashi – kon’yunktivit bilan birgalikda kechadi. Shunda, ko‘rsatilgan belgilarga qovoqlarning shilliq qavatini shamollashi qo‘shiladi va ba’zan shilliq yoki yiring ajraladi.
Yarali blefarit bilan og‘rigan odamda, qovoqlarning cheti shishgan, qalinlashgan va sariq po‘stloq bilan qoplangan bo‘ladi. Ularning tagida qontalash yuzasini ko‘rish mumkin. Shamollash jarayoni tolalarning qopchasini ham egallasa, bemorning kipriklari tushadi. Agarda bemor o‘z vaqtida davolanmasa va shifokorning tavsiyalariga e’tiborsiz bo‘lsa, unda qovoqlarni ag‘darilib tushishishi kabi asorat rivojlanishi mumkin.
Blefarit kamdan-kam holda mustaqil ravishda rivojlanadi. Odatda u surunkali yuqumli kasalliklar, oshqozon ichak kasalliklari va modda almashinuvini buzilishidan keyin ro‘y beradi. Surunkali angina – tonzillitlar, burun bo‘shliqlarini shamollashi, ekzema, tish kasalliklari, gijjalar blefaritni kelib chiqishiga yordam beradi. Shuning uchun blefaritni bartaraf etishdan avval, asosiy kasallikni davolash lozim. Shu bilan birga ko‘zning ko‘ruv o‘tkirligini ham tekshirtirish kerak. Zero, to‘g‘ri tanlangan ko‘zoynak blefaritni davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umumiy davolash maqsadida, ko‘pincha shifokorlar kalsiy xlorid, kalsiy glyukonat, dimedrol kabi dorilarni tayinlaydilar; mushaklar orasiga yangi qaynatilgan sut, aloe ekstrakti yuboriladi va baliq yog‘i ishlatiladi. Bemorning umumiy ahvolini yaxshilash uchun ba’zan bemorni o‘zidan olingan qondan foydalaniladi. Bunda qonni bemorning vena qon tomiridan olib, mushaklar orasiga in’eksiya qilinadi.
Shuningdek, mahalliy davolash usullaridan (tomchi, malham hamda turli fizioterapiya muolajalari) ham foydalaniladi. Sulfanilamid va antibiotiklar ham yaxshi yordam beradi.
Albatta, shifokorning ko‘rsatmasi va nazoratisiz dori vositalarini, ayniqsa antibakterial preparatlardan foydalanmaslik kerak.
Bemor o‘zining yaqinlarini qiynab qo‘ymasligi uchun, ba’zi bir oddiy muolajalarni o‘zi mustaqil ravishda o‘rganishi lozim. Tomchi dorilarni yaxshisi toshoyna oldida turib bajargan ma’qul. Buning uchun boshni orqa tomonga engashtirib, chap qo‘lning bosh yoki ko‘rsatkich barmog‘i bilan pastki qovoqni pastga tortiladi, o‘ng qo‘l bilan esa pipetkadagi dori tomchilatiladi. Malhamni surtish uchun bir uchi yassi bo‘lgan shisha tayoqchadan foydalaniladi – pastki qovoqni tortib, unga malhamni tayoqcha qo‘yiladi; ko‘zlarni yumib, tayoqcha olinadi va qovoqlarni yengil uqalanadi, shunda malham birdek taqsimlanadi. Qovoqlarning chetiga malham surtish, uchiga paxta piligi o‘ralgan gugurt cho‘pi yoki metall zond yordamida amalga oshiriladi. Blefaritni oldini olishda to‘g‘ri tashkil etilgan, yetarlicha vitaminlarga boy ovqatlarni iste’mol qilish muhim ahamiyatga ega. Haddan ortiq tuzlangan oziqa mahsulotlarini tanavvul qilish, shuningdek uglevodlari ko‘p bo‘lgan xamirli ovqatlar, kartoshka va shirinliklar, ba’zan kasallikni qayta avj olishiga sababchi bo‘ladi.
"Здоровье" jurnali, 1962, № 7, t.f.n. M.G.Margolis maqolasidan foydalanildi.