Bolalarni yaxshi ko‘rib ketganimizdan erib ketamiz va uni xursand qilish uchun shokolad bilan ko‘nglini olgan bo‘lamiz. Aslida hamma bolalarga ham shokolad to‘g‘ri keladimi?
Shokolad yuqori oziqaligi, yaxshi ta’mliligi bilan boshqa shirinliklardan ajralib turadi. Ammo uning tarkibidagi kakao urug‘ida ko‘p miqdorda faollashtiruvchi moddalar bo‘lib, bolaning asab tizimini qo‘zg‘atib yuboradi. Ana shuning uchun ham shokoladni 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga berish zararlidir.
Ekssudativ diatezi bo‘lgan bolalarda, shokolad yoki shokoladli konfetlar ko‘pincha qichituvchi toshmalarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, jigar va oshqozon kasalliklari bo‘lgan asabiy bolalarga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Shokolad kaloriyali bo‘lgani uchun bolalarda ishtahani tezda bo‘g‘ib qo‘yadi.
Ba’zi bir onalar bolani uyquga yotishidan oldin qo‘liga shokolad berish kabi yomon odatga yo‘l qo‘yadilar. Natijada og‘izda uzoq turib qolgan shirin shokolad tishlarni buzilishiga olib keladi. Bundan tashqari uyqudan oldin berilgan shokolad bolada notinchlik, ko‘ngil aynishi va hatto, qusishga sababchi bo‘lishi mumkin.
Demak, shokoladni 3 yoshdan katta bolalarga, shunda ham oz miqdorda va belgilangan vaqtlarda (tushlikdan keyin), ekstra faol moddalari kam bo‘lgan shokoladlarni tanlab berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Nahotki bolalarga shirinliklarning foydali tomonlari bo‘lmasa? Ha, foydali va hatto kerakli hamdir, lekin uning sifati va miqdori bolaning yoshiga mos kelishi kerak. Bolakayni birinchi oylaridagi hayotida ona suti tarkibidagi shakar miqdori yetarlidir; bolalarning ovqat ratsioni sharbatlar, shirin sutli aralashmalar, kasha, kisellar tarkibidagi shakar miqdori ortib boradi. Katta yoshdagi bolalarda tarkibida shakar bo‘lgan ovqatlarning turlari (shirin kulchalar, kekslar, pechenelar, turli xil jelelar) kengayib boradi.
Qandolat mahsulotlaridan, bir yoshdan oshgan bolalarga marmelad, pastila, mevali karamellar, zefir, eng yaxshisi – ho‘l mevalar, meva sharbatlari, rezavor mevalar berish mumkin.
/”Здровоье” jurnali, 1962, № 7, shifokor R.I.Arkadeva maqolasidan foydalanildi/.