(Bizning bolalar – bu bizning keksaligimizdir)
INJIQ (SЕRXARXASHA) BOLA
BOLAM XUNOBIMNI OSHIRADI
INJIQ BOLA TUZALADIMI ?
BOLAM INJIQ, NIMA QILAY?
BOLAJONINGIZ INJIQMI?
Oiladagi bolakay juda serxarxasha, injiq bo‘lsa, hammani – ota-onasi, buva-buvisi, opa-akalari, yasli-bog‘chasidagi tarbiyachilari, xullas atrofidagilarning barchasini xunobini oshiradi va charchatadi. Eng qizig‘i, bu borada kattalarning hammasi bir-birini ayblaydi, ammo muammo hal bo‘lmaydi.
Adolat yuzasidan aytganda, bolajonning injiq bo‘lib qolishida, aksariyat hollarda aybdor kattalarning o‘zidir, ya’ni bolaning rivojlanishida uning ruhiyati, istaklariga yetarli e’tibor berilmagan. To‘g‘ri, ba’zan o‘tkir yoki surunkali og‘ir kasallikdan (jarrohlik amaliyoti) so‘ng ham bolada turli darajadagi injiqlik alomatlari kuzatiladi, lekin bu boshqa masala.
Bolalardagi injiqlik deganda, uni bo‘lar-bo‘lmas narsaga ham serxarxasha qilishi, aytilgan gapga tixirlik ko‘rsatishi, rad etishi yoki janjal ko‘tarib, yig‘i-sig‘i bilan o‘z istagini qondirishga atrofidagilarni ko‘ndirishga bo‘lgan harakatlarini tushunamiz. Bunday holat, ilmiy jihatdan tushuntirilganda, bolaning asab tizimiga tashqi va ichki (biron-bir kasallikni boshlanish belgisi yoki surunkali kasallikni asorati va hokazo) ta’sirlar natijasida sodir bo‘ladi. Odatda, bolalardagi shartli reflekslar juda erta shakllanadi va uzoq muddat - boshlang‘ich sinf yoshidagilarda ham saqlanib qoladi. Masalan, bolani kichik yoshidan dasturxon oldiga o‘tirishidan oldin qo‘lini yuvishga o‘rgatilsa, asta sekin u bunga odatlanadi, ya’ni unda shartli refleks yuzaga keladi. Ammo shartli refleks vaqtinchalik bo‘lib, keyinchalik takrorlab, mustahkamlanmas ekan, so‘nib qolishi mumkin. Kattalardachi? Ha, ulardagi injiqlik holatini biron bir og‘ir o‘tkir yoki surunkali kasallik, jarrohlik amaliyoti oqibatida kuzatish mumkin.
Ma’lumki, bosh miya faoliyati o‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan qo‘zg‘alish va tormozlanishdan iborat bo‘lsa-da, aslida bir-birini to‘ldirib turuvchi yagona jarayon hisoblanadi. Bosh miya po‘stlog‘idagi qo‘zg‘alish qanchalik kuchli bo‘lsa, bola organizmi uni yengishga qiynaladi, chunki buni yengish uchun ko‘p energiya talab etiladi, natijada bolaning asab tizimi taranglashib, buzilishni keltirib chiqaradi va turli darajadagi injiqlik holatini yuzaga keltiradi. Garchi bosh miyaning tormozlanish funksiyasi asab hujayralarini yengil va o‘rta darajadagi qo‘zg‘alishlardan saqlay olsada, kuchli qo‘zg‘alishlarda yordam berolmaydi.
Tabiatan bolaning bosh miya po‘stlog‘ida sodir bo‘ladigan qo‘zg‘alish jarayoni tormozlanishga nisbatan ancha oldin shakllanadi. Masalan, erkin yotqizib qo‘yilgan go‘dak qo‘l-oyoqlarini tipirchilatib, betartib harakatlar qilsada, keyinchalik bu harakatlar o‘tirish-yurish davrida tartibli holga kelib qoladi. Ba’zida bolalardagi kuchli qo‘zg‘alish jarayoni boshlang‘ich maktab yoshida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Demak, oila, bog‘cha va qisman maktab sharoitida bolalarni yoshligidanoq tarbiyalashda bosh miyaning tormozlanish faoliyatini mashq qildirish, mustahkamlash natijasida qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarining mutanosibligi ta’minlanadi. Aks holda, bolalardagi nevroz, injiqlik holatlari kelib chiqishi mumkin. Boladagi injiqlikni bartaraf qilish uchun ota-ona va tarbiyachilarga quyidagi tavsiyalarni beramiz:
* bolaga alohida e’tibor, munosabat ko‘rsating (xarakterining xususiyatlari, injiqligi sabablari (to‘yib uxlamaslik, ovqat hazm qilishni buzilishi, ob-havoni buzilishi, sovqotish va h.) va istak-hohishlarini aniqlashga harakat qiling, lozim bo‘lganda oila shifokori bilan maslahatlashishing;
* bolaning ilk yoshidan boshlab, asab tizimidagi qo‘zg‘alishga nisbatan tormozlanish jarayonini mustahkamlang va o‘zaro muvofiqligini shakllantiring;
* bolaga nisbatan beriladigan talab, ta’qiqlarni keskin va baland ovoz ohangida ifodalamaslik, zarda qilmaslikka harakat qiling. Buning o‘rniga unga iltimos yoki taklif sifatida murojaat qilish, ba’zan bolaning diqqatini boshqa narsalarga chalg‘itish foyda beradi. Masalan, deraza oldiga borib “Qaranglar, osmonda suzayotgan bulutlar xuddi ayiqqa o‘xshaydi-ya” deng.
* hadeb bolani tergab, unga “mumkin emas”, “tegma”, “quloqsiz bo‘lma” kabi buyruq ohangidagi gap-so‘zlarni bo‘lar-bo‘lmasga ishlataversangiz, undagi injiklik ortishini unutmang. Ammo, ota-ona, tarbiyachining ta’qiqlashi o‘rinli bo‘lsa, bu borada qat’iylik ko‘rsating va bolaning istak-hohishiga suyanib qolmang;
* injiqlik qilayotgan bolakayga yalinish, uning xarxashalarini tinchlantirishga harakat qilish zararlidir. Gohida bolani yakka holda qoldirib, boshqa xonadan uning hatti-harakatlarini kuzating.
Shokir QOSIMOV
(“Здоровье” jurnali, 1957, № 2, A.M. Pisareva maqolasidan foydalanildi)