BOLALAR UYQUSI HAQIDA
img description
Bolalar uyqusi kattalarga qaraganda uzunroq bo‘ladi. Nima uchun?

BOLALAR UYQUSI HAQIDA

Bolalar uyqusi kattalarga qaraganda uzunroq bo‘ladi. Nima uchun? Chunki bolalarning bosh miyasi to‘liq rivojlanib ulgurmaganli sababli asab hujayralari tashqi ta’sirlar ostida tezda toliqib, dam olishga, ya’ni tormozlanish bilan uyquga moyil bo‘ladi.
Bola 9 oylik bo‘lguniga qadar, kuniga kunduzi 2 soatdan 3 mahal, kechasi 9-10 soat uxlashi kerak. Bir yoshlik bola, kunduzi 1,5-2 soatdan 2 mahal va tunda 10 soat uxlashi, 1,5 yoshdan boshlab esa bir mahal uxlashi lozim.
Bola tug‘ilgan kundan e’tiboran, alohida o‘ringa yotqizish kerak va hech qachon kattalarni yonida olib yotmaslik zarur. Buning uchun bolaning krovatchasi o‘ziga mos bo‘lib, qo‘lga yuqmaydigan rangli metalldan yoki yog‘ochdan qilingan bo‘lgani yaxshi. Uning krovatchasini xonaning qorong‘u burchagiga yoki bolaning ko‘ziga oftob nuri tushadigan joyga qo‘yilmasligi lozim. Bola uxlaydigan xona kuniga 2-3 marotaba toza havo bilan shamollatiladi (ulardan biri bolani uxlatishdan oldin) hamda haftasiga 2 marotaba krovatchadagi to‘shak, yostiqcha va odeyal silkitib, qoqib tozalangani durust. To‘shak tekis bo‘lishi hamda o‘ta yumshoq bo‘lmasligi kerak. Par yostiqlarda bola kechasi terlab ketishi mumkin va bunday hollarda, asta-sekin uyg‘otmasdan kiyimini almashtirish lozim. Albatta, bolaning paxtadan qilingan tungi kiyimi (pijama) uzun va keng bo‘lib, oyoqlarini to‘pig‘i bilan yopib turishi kerak.
Ba’zi bir bolalar to‘shakda bukchayib, oyoqlarini qoringa yig‘ib yotadilar. Bunday holat kelgusida bolaning umurtqa pog‘onasini noto‘g‘ri rivojlanishiga olib kelishini unga tushuntirib, kerak bo‘lsa qayta-qayta eslatish va nazorat qilish talab etiladi. Agarda shunday holat kuzatilgan taqdirda, asta-sekin bolani uyg‘otib qo‘ymasdan oyoqlarini uzatib qo‘yish kerak bo‘ladi. Ayrim holatlarda bola ko‘rpani boshiga burkab olgan holda uxlashga odatlanadi va bu holatni ham tezda to‘g‘rilash zarur. Bola to‘shakda uxlaganda qo‘llarini ko‘rpadan chiqarib yotishi lozim.
6 yoshgacha bo‘lgan bolalar kechqurun soat 20.00 da, 7 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lganlar – soat 21.00 da, 9 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar soat 21.30 da yotib uxlashlari maqsadga muvofiqdir.


(“Здоровье” jurnali, 1959, № 3, R.I.Arkadeva maqolasidan foydalanildi)