Bolalarda eng ko‘p tarqalgan oshqozon-ichak kasalliklaridan biri ichburug‘ (dizenteriya) kasalligidir. Kasallik yoz oylarida ko‘p tarqaladi, chunki ichburug‘ni keltirib chiqaruvchi mikroblar issiqda oson va tez rivojlanadi hamda uni tarqalishiga pashshalar yordam beradi. Qulay tashqi sharoitda ichburug‘ mikroblari tuproqda 30 kun, sutda – 10 kun, sabzavot va ho‘l mevalarda 14 kungacha saqlanib turadi. Ularni qaynatish yoki dezinfeksiya qiluvchi suyuqliklar (lizol, xlorli ohak, xloramin) bilan zararsizlantirish mumkin.
Kasallikni yuqtiruvchi manba’ – ichburug‘ kasalligiga chalingan bemor hisoblanadi. Mikroblar uning ichaklarida ko‘payadi va ahlati bilan tashqariga chiqib, tuproqni, atrofdagi suv, oziq-ovqatlarni ifloslantirishi mumkin. Kasallikni nafaqat bemorni o‘zidan, balki o‘zini sog‘lom hisoblab yurgan, ammo o‘zida ichburug‘ batsillasini olib yurgan odamdan ham yuqtirib olish mumkin.
Shuning uchun ham, bolalar muassasalari, oziq-ovqat korxonalari va do‘konlarga maxsus laboratoriya tekshiruvidan o‘tmagan shaxslar ishga qabul qilinmaydi.
Uch yoshgacha bo‘lgan bolalar, katta yoshdagi bolalarga nisbatan ko‘proq kasallanadilar va uni og‘ir o‘tkazadilar. Ayniqsa, sun’iy ravishda ovqatlantiriladigan, raxit kasali bo‘lgan bolalar organizmi kuchsiz bo‘lgan bolalar uchun kasallik o‘ta xatarlidir. Kasallik ularda cho‘zilib ketadi va davolash ham ko‘p vaqt, sabr talab qiladi.
Kasallik yuqishidan keyingi 1–7 kun oralig‘ida vaqt o‘tgach, dardning dastlabki belgilari kuzatiladi. Ichburug‘ mikroblari ichaklarga tushgach, undagi yumshoq qavatlarni yallig‘lantiradi va o‘zidan zaharli modda – toksinlarni ajratadi. Toksinlar esa qonga o‘tib, butun organizmni, jumladan yurak, jigar, buyraklarni zaharlaydi.
Aksariyat, kasallik to‘satdan boshlanib, tana harorati ko‘tariladi, bolani qornida og‘riqlar, tez-tez ich keta boshlaydi, ahlati shilliq quyqalari va taram-taram ipchalar ko‘rinishidagi qon bilan aralashgan bo‘ladi.
Bola ovqatdan bosh tortib, injiqlik qiladi, yig‘laydi va uxlamaydi, ba’zan qusadi va tirishish holatlari ro‘y berishi mumkin.
Eng kichik yoshdagi bolalarda kasallik o‘ziga xos ravishda kechadi – ahlat gohida kelishi yoki kelmasligi mumkin, bola o‘qtin-o‘qtin qichqirib yig‘laydi, qizarib ketadi va haftani oxirida kasallikni to‘liq ko‘rinishi namoyon bo‘ladi. Ba’zan kasallik ularda tanaffuslar bilan, xurujlar ko‘rinishida kechishi mumkin.
Ko‘krak yoshidagi bolalarda kasallikni og‘ir asoratlari – o‘pkani yoki o‘rta quloqni yiringli (otit) yallig‘lanishi bilan kechishi kuzatiladi.
Ba’zan bolalardagi ichburug‘ yengil ko‘rinishda kechishi va uning umumiy ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatilishi mumkin, ammo bu holat atrofdagilarga ichburug‘ni yuqtirish xavfini yanada oshirib yuboradi.
Shifokor kelgunicha kichkina bolada qusish yoki ich ketishi kuzatilsa, odatdagi ovqatni bermaslik kerak. Eng to‘g‘risi – 8-10 soat mobaynida faqat shirin suv yoki choy berish kerak. So‘ngra shifokor tavsiyasiga ko‘ra, 2-2,5 soat o‘tkazib, oz miqdorda ona suti yoki sut kislotali aralashmadan berish mumkin.
Ichburug‘ga chalingan bemor bolalarni tez-tez cho‘miltirish kerak. Cho‘milish bolaning kayfiyatini yaxshilaydi va turli yara-chaqalarni oldini oladi.
Vaqti-vaqti bilan xonani shamollatish kerak; yozda yaxshisi oyna kecha-kunduz ochiq turgani ma’qul.
Agarda, shifokor bemor bolaga ho‘l meva-chevalardan tayyorlangan xom sharbatlar ichirishni tavsiya etgan bo‘lsa, unga rioya qilish lozim. Dorilarni belgilangan soatlarda berish o‘ta muhim hisoblanadi va kasallikni ortga qaytishi ham tezlashadi. Antibiotiklar odatda tezda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi va bolani umumiy ahvoli yaxshilanib, ich ketishi to‘xtaydi. Lekin, bu degani, bemor sog‘aydi degani emas va antibiotiklar bilan davolash kursini oxirigacha yetkazish zarur. Shuningdek, kasalxonadan chiqqan bemor bolani ham to‘liq tuzalgan, deb bo‘lmaydi va uni parvarishlash, tegishli rejimda ovqatlantirish kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham statsionardagi ichburug‘ kasalligi bo‘limida davolangan bolani, sog‘ayishga yuz tutgan bolalar uchun mo‘ljallangan alohida bo‘limga o‘tkazish haqida shifokor tavsiyasi berilgan hollarda, uni rad etmaslik lozim.