Bolakay bir kunda injiqlashib, ovqat yemay qo‘ydi. Shifokor ko‘rigida esa stomatit (grekcha “stoma” – og‘iz, demak) tashhisi qo‘yildi, ya’ni og‘iz shilliq qavatini yallig‘lanishi sodir bo‘lgan. Bunda og‘iz shilliq qavati shishadi: milklarda, tanglay va hatto tilning pastki tomonida, atrofi yorqin qizarish bilan o‘ralgan oq-sariq bo‘rtmalarni (“blyashka”) ko‘rish mumkin.
Kasallik 2-3 kundan bir necha haftagacha davom etadi va uning sabablari turlicha bo‘ladi. Stomatit nafaqat bolalar, balki katta yoshdagi odamlarda ham uchraydi. Ushbu kasallikni kataral, yarali, aftozli va boshqa xillari farqlanadi.
Kataral stomatit, og‘iz shilliq qavatini jarohatlovi, nobop tish protezlaridan foydalanuvchi shaxslarda paydo bo‘ladi. Yarali stomatit esa umumiy va mahalliy infeksiyalar hamda o‘tkir va surunkali zaharlanishlarda yuz beradi. Ashaddiy tamaki chekuvchilarda esa og‘izning lunj, milk va halqum shilliq qavatlarida ko‘kimtir qizarishlarni ko‘rish mumkin (“chekuvchilar stomatiti”). Stomatit, biron-bir kasallikdan keyin zaiflashib qolgan odamlarda ham uchraydi.
Bolalardagi stomatit nimadan bo‘ladi? Ko‘pincha, uni skarlatina, qizamiq, qizilcha, suvchechak va boshqa bolalar kasalliklari paytida kuzatish mumkin. Kasallikni stafilokokk, streptokokk va boshqa mikroblar chaqiradi, aksariyat hhollarda og‘iz orqali organizmga kiradi, chunki yosh bolalar qo‘liga tushgan narsani (o‘yinchoqlar, konfet qog‘ozlari, koptokcha va atrofidagi boshqa predmetlar) darhol og‘ziga olib boradi.
Ko‘pincha, yosh onalar bola injiqlik qilishni boshlashi bilan atrofidagilarning maslahatiga ko‘ra turli dorilarni ichirishga boshlab, stomatit kasalligini kuchaytirib yuboradilar. Bolada har qanday betoblik holati boshlanishi bilan o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish zarur.
Shifokor kelgunicha bolaning og‘zini tez-tez soda eritmasi bilan (bir stakan suvga yarim choy qoshiq soda) chayish kerak. Agarda bola mustaqil ravishda og‘zini chayishni eplay olmasa, uni tizzaga qorni bilan yotqizib, rezina balonchikdagi sodali suv bilan og‘zi chayish qulay bo‘ladi va bu suv pastdagi tog‘orachaga oqib tushadi.
Stomatit bo‘lganiga shubha qilinsa, milklarni jarohatlab qo‘ymaslik uchun tishlarni tozalamaslik kerak. Ko‘plab suyuqlik (shirin choy, sutli choy) ichish tavsiya etiladi.
”Здоровье” jurnali, 1962, № 6, stomatolog Ye.M.Lebedeva maqolasidan foydalanildi"