Organizmdagi o‘t qopini shamollashi, ya’ni xoletsistit kasalligi, nafaqat katta yoshdagilarda, balki bolalarda ham uchrab turadi. Kasallik o‘t qopi ichiga ichki a’zolardan qon va limfa tomirlari orqali mikroblarni kirib qolishi sababli yuz beradi. O‘t xaltasini shamollashi. Ichburug‘ (dizenteriya), yo‘g‘on ichakni shamollashi (kolit), appendetsit, qorin tifi, paratif, Botkin kasalligi, skarlatina, angina, tish kasalliklariga uchragan bolalarda rivojlanishi mumkin.
Shuningdek, bolalarni ingichka ichaklarini yuqori qismi, 12-barmoqli ichakda joylashgan gijjalarni (lyambliya) ham o‘t qopiga o‘tishi xavfi mavjud. O‘z o‘rnida, gijjalar ichakka sifatsiz suv, yaxshi yuvilmagan ho‘l mevalar, sabzavotlar, qaynatilmagan sut, ifloslangan qo‘llar, kiyim va idishlardan tushish ehtimoli ko‘p.
Xoletsistitni kelib chiqishida uzoq vaqt mobaynida ovqat rejimini buzilishi – tartibsiz ovqatlanish; bir tomonlama ovqatlanish: ovqatlanish paytidagi yalinishlar, erkalatish va qo‘rqitish; ta’mni buzilgan holatlari – bolani ohak, ko‘mir va boshqalarni iste’mol qilishi ko‘pincha rol o‘ynaydi.
Bolalardagi xoletsistit kamdan-kam hollarda to‘satdan boshlanadi, ko‘pincha asta-sekinlik bilan boshlanadi. Bolani ishtahasi yo‘qoladi, ba’zan o‘tkir narsalarga (chuchuk, tuzlama) moyillik tug‘iladi: bosh og‘rig‘i, tezda charchab qolish, kko‘ngil aynish, ba’zida qusish (asosan yog‘li, ko‘p ovqat yeyishdan keyin); katta yoshdagi bolalarda esa ich qotishi, ichni suyuq ketishi bilan almashinib turadi.
Qorindagi og‘riq deyarli har bir bolada kuzatiladi va u turli xarakterda kechadi: qisqa muddatli yoki doimiy; gohida ovqat yegandan keyin, gohida ovqat yesa-yemasa bo‘lishi; kunduzi yoki kechasi paydo bo‘ladi.
Ba’zi bolalarda qorindagi og‘riqlar turli darajadagi ko‘ngil aynish, qusish bilan kechadi. O‘tkir hodisa bo‘lib o‘tgach, bola ortiqcha shikoyat qilmasligi ham mumkin.
Kichik yoshdagi bolalar qorin og‘rig‘ini kindik atrofida deb ko‘rsatsalar, kattaroqlari o‘ng qobirg‘a ostini ko‘rsatib, jig‘ildon qaynashi, kekirikdan shikoyat qiladilar. Ayrim hollarda qorindagi og‘riq jismoniy harakatlar kuchaygandan (yugurish, sakrash, serharakatli o‘yinlar) so‘ng kuzatiladi. Kasallik uzoq muddatga cho‘zilsa, bola ozishi va o‘qishdagi faolligi pasayishi mumkin.
Aksariyat hollarda bolalardagi tana harorati 37; 37,2; 37,5 gradus atrofida ko‘tarilib, bir necha kungacha davomli bo‘lishi; ba’zan ko‘tarilib-tushishi yoki umuman tana harorati ko‘tarilmaslik holatlari ham uchraydi.
Kasallikni davolashda, avvalo uni kelib chiqish sababini (infeksiya, lyambliya) aniqlash kerak. Eng muhimi, bolani to‘g‘ri ovqatlantirish katta ahamiyatga ega. Ovqat ratsionidan qovurilgan go‘sht, baliq, kart dumba yog‘, konservalar, tuzlanmalar, souslar, marinadlar, yog‘li xamir ovqatlar, blinchiklar, chuchvaralar, yog‘li pirojniylar chiqariladi. Tuxumni iste’mol qilish cheklanadi.
Shu bilan birga, turli xil sabzavotlarli ovqatlar, ho‘l meva, kasha, kisel, tvorog, kefir, chuchuk qatiq (prostokvasha), qaynatilgan yoki go‘sht, baliqni yog‘siz sortlari, kam miqdorda sariyog‘, eritilgan yog‘, smetana, qaymoq berish tavsiya etiladi.
Ovqatni sabzavotlar, mevali sharbatlar, qora smorodina, na’matak qaynatmalari hisobiga vitaminlashtirish kerak. Bola beriladigan ovqat to‘rt mahal bo‘lib, doimo belgilangan vaqtlarda tashkil etilishi lozim. Bolani kechki yotishdan oldin ovqatni ko‘p yedirmaslik, yengil sabzavotli ovqat, kefir, chuchuk qatiq berilgani ma’qul.
Yessentuki, borjom, slavyan, smirnov mineral suvlarni ichish mumkin. Shifokor tomonidan tegishli dori-darmonlar, fizioterapiya muolajalari tayinlanadi.
Bolalardagi yuqorida keltirilgan har qanday ichki kasalliklarni o‘z vaqtida davolatish, gijjalarni oldini olish uchun bolalarni sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilishga o‘rgatish zarur.
”Здоровье” jurnali”, 1962, № 4, prof. V.P.Bisyarina maqolasidan foydalanildi"