Har bir ota-ona bolasini doimo sog‘lom va barkamol o‘sishini hohlaydi va buni maktab yoshigacha bo‘lgan davrda, bola uyg‘ongach, tonggi badan-tarbiya tadbirlari (“”zaryadka”) bilan boshlash ayni muddao. Natijada bolaning organizmi to‘liq uyg‘onishi, kayfiyati ko‘tarilib, harakatlari faollashuviga erishiladi. Tonggi badan-tarbiya mashqlarini qishda soat sakkizda, yozda esa yettida o‘tkazgan ma’qul. Ertalabki jismoniy badan-tarbiya mashqlarini esa nonushtadan 1,5-2 soat o‘tgach o‘tkaziladi. Mashqlarni yozda ochiq hovli yoki bahavo joylarda (uy atrofida, bog‘da, hiyobonda) yengil ichki kiyimlarda, qishda ayvonchada xalatda, yumshoq oyoq kiyimini (tapochka) kiygizgan holda bajarish lozim. Ushbu mashqlar nafaqat bolani jismoniy jihatdan chiniqtiradi, balki yurak va o‘pka faoliyatini yanada yaxshilaydi hamda boladagi faollik, intizomlik, qat’iylik, ijodkorlik xislatlarini ham shakllantiradi.
Harakatlarni yengil yurishdan boshlab, so‘ngra 5-10 daqiqa davomida ota yoki ona ishtirokida bolani qiziqtirish maqsadida turli qiziqarli o‘yinlar ko‘rinishidagi mashqlar (“botqoqda yurgan turna”,“ayiqchaga o‘xshab yuramiz”, “quyoncha kabi sakraymiz”, “darchadan cho‘zilib qaraymiz”, “daraxtdan olmani uzib savatchaga solamiz” va hokazo) bajariladi. Odatda, bolalar serharakat va qiziquvchan bo‘lgani sababli o‘yin mashqlarini bajarar ekan, o‘zlari ham biron-bir qo‘shimcha mashqlarni bajarishga harakat qiladilar va buni ma’qullab, rag‘batlantirish kerak.
Piyoda yurish, sayr qilish mashg‘ulotida 1-3 kilometr masofa yetarli hisoblanib, bola charchaganda yuzlari qizarib, nafas olishi ham tezla shgan, yurishga tixirlik qila boshlasa, mashqlarni to‘xtatib, 10-15 daqiqa dam oldirish, so‘ngra yurishda davom etish kerak. Bolangizni hech qachon majburlab mashq qildirmang, aksincha kam harakat talab qilinadigan mashqlarga o‘ting (yirik barglarni yig‘ib taxlash, qaychi bilan qog‘ozni qaychilash, rasm chizish, plastilin bilan ishlash va h.). Bolalarni turli qiziqarli o‘yinlarga jalb qilish foydalidir va uning davomiylik muddati 20-30 daqiqa bo‘lishi mumkin. Har kuni bajariladigan bir xil mazmundagi o‘yinlar esa bolalarni tezda sovutib qo‘yadi va u o‘yinlarga e’tibor bermaslikka harakat qiladi. Agarda bolaning asab tizimi tabiatan o‘ta qo‘zg‘aluvchan bo‘lsa, uni munosib ravishda ortiqcha zo‘r jismoniy harakatlar talab qilinmaydigan o‘yinlarga jalb etish lozim.
Badan-tarbiya mashqlari tugagach, suv bilan muolajalarga o‘tilib, suvning issiqligini 35-32 darajadan 22 darajagacha iliq holatga keltirib yuvintiramiz va badanini yumshoq, keyin esa dag‘al sochiqlar bilan badan terisi pushti rangga kirguncha artamiz. Bunda bola sovuq qotmasligi lozim. Ba’zan bola badan-tarbiya mashqlarini bajarib bo‘lgach, yuvinishdan bosh tortishi mumkin. Bunday holatlarda uni majburlab yuvintirish shart emas.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarga og‘ir, mushaklar zo‘riqishi bilan bajariladigan mashqlar (uzoq masofaga yugurish, to‘sin ustiga chiqib mashq qilish, statik, ya’ni bo‘g‘imlarni bukmasdan bajariladigan mashqlar va h.) tavsiya etilmaydi. Har qanday jismoniy badan-tarbiya mashqlaridan keyin bolaning holatini nazorat qilib, kuzatish lozim. Bolada mashqlarni bajarishga kayfiyatni yo‘qligi, mashqlarni to‘liq yoki buzib bajarish, harakatlaridagi sustkashlik, esnash, injiqlik belgilari kuzatilgan taqdirda, oila shifokori bilan maslahatlashish kerak.
Eng muhimi, to‘g‘ri tashillashtirilib, muntazam ravishda bajariladigan jismoniy badan-tarbiya mashqlari yordamida bolani sog‘lom o‘sishi, hayotga munosib tayyorlash, mehnatsevarlik va ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlanishiga erishiladi.
(“Здоровье” jurnali, 1959, № 3, V.L. Strakovskaya maqolasidan foydalanildi)