Bu savolni hamma onalar berishadi. Javob esa aniq va bitta: chiniqtirish. Agarda javob shunchalik oddiy bo‘lsa, nega bolalar tez-tez shamollaydi, tumov bo‘ladi, tomog‘i og‘riydi, aksiradi, yo‘taladi, angina bo‘ladi? “Bolamni doimo issiq kiyintiraman, ammo baribir shamollaydi, nega?” deb shikoyat qiladi onalar.
Ma’lumki, bolalar organizmi atrof-muhit ta’sirlariga juda sezgir bo‘ladi va bu narsa uning anatomik va funksional xususiyati bilan bog‘liq. Hatto qisqa muddatli, ammo tezda yoki kuchli bo‘lmagan, uzoq davom etadigan sovqotish bolaning chidamlilik kuchini pasaytiradi va u osongina shamollaydi. Nima qilish kerak?
Har bir sovqotishga organizm qon aylanishini o‘zgarishi bilan javob beradi. Issiqlik ko‘plab ishlab chiqariladi, sarflanishi esa pasayadi. Shunday qilib, buzilgan “issiqlik balansi” tiklanadi. Hamma gap, ushbu issiqlikni muvozanatga keltiruvchi mexanizmlar qanchalik tez va samarali ishlab ketishiga bog‘liq.
Biz biron-bir mashq bilan zo‘r berib shug‘ullansak, organizmning istalgan qobiliyatini rivojlantirish mumkin. Masalan, qulog‘i kar odam atrofidagilarni ovozidan, hattoki oyoq tovushidan ajratib oladi, ba’zilari daraxt barglarini shitirlashidan uning nomini ham aytib beradilar. Ushbu xususiyat kattalarga qaraganda bolalarda yanada rivojlangan bo‘ladi. Zero, bolalar organizmi o‘ziga xos nozik va egiluvchandir. Demak, sovqotishdan qutulib bo‘lmas ekan, bolani rejali ravishda, asta-sekin unga o‘rgatish orqali uni haroratni o‘zgarishiga bo‘lgan chidamligini oshirish mumkin. Bu – hech shubhasiz, ilmiy va ko‘plab tajribalarda tasdiqlangan voqelikdir, boshqacha fikr bo‘lmaydi.
Hammaga ham chiniqish foydalimi? Ha, hammaga. Lekin chiniqishning yo‘llari, usullari har bir bolada o‘ziga xos turlicha bo‘ladi. Bitta bolni nisbatan past haroratli suvga darhol o‘rgatish mumkin bo‘lsa, boshqasida asta-sekinlik bilan, bilintirmasdan iliqroq haroratdan salqinroq haroratga o‘tish lozim. Ayniqsa, o‘pkasi tez-tez kasallanadigan, surunkali bronxit, revmatizm kasalliklari bo‘lgan bolalarni chiniqtirish kerak va bunda ehtiyotkorlik bilan yengil hamda qulay usullardan foydalanish zarur.
Ba’zan tez-tez tumov bo‘lish, yo‘tal faqat shamollash bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Masalan, adenoiddan ozor chekadigan bolalarda, burundan nafas olish doimo buzilgan bo‘ladi. Bunday hollarda chiniqtirishni o‘zi yordam bermaydi va maxsus davolash usullarini qo‘llash lozim bo‘ladi. Shuningdek, diatez, sovuq va issiq, benzin hidi va turli sanoat tutunlari, chang va gullagan o‘simliklarning chang zarrachalari ta’sirida ham tumov, tovushni bo‘g‘ilishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Albatta, bolani o‘ta sezuvchanligi, chidamli bo‘lishi uning asab tizimi holatiga ham bog‘liqdir. Shu sababdan bolani to‘g‘ri tarbiyalash, ovqatlanish, uyqu va dam olish rejimiga alohida e’tibor berish lozim. Qattiq charchoq, televizor oldida uzoq o‘tirish, tez-tez kinoteatrga borish, ayniqsa qish kunlari archa bayrami va boshqa ko‘ngil ochar joylardagi dim xonalarda bo‘lish bolaning sog‘lig‘iga yomon ta’sir ko‘rsatadi.
Chiniqtirishning umumiy qoidalari bormi? Hamma uchun bir xil retsept bo‘lmaydi. Har bir bolani qanday chiniqtirish uchun uning sog‘lig‘i, xarakteri, chidamliligi, o‘ziga xos reaksiyalarini bilish kerak.
Iliq suvda yuvinish, artinish, pastroq haroratli suv tadbirlariga o‘tish oralig‘i 5 kundan keyin bir gradus darajasida pasaytirilishi, nimjon va sovuqqa sezgir bolalarda esa bu oraliq 7-10 kun bo‘lgani yaxshi. Chiniqtirishni qachon boshlagan ma’qul? Bolani tarbiyalash kabi, uning hayotini birinchi kunlaridan boshlash lozim. Darvoqe, chaqaloqni har bir yo‘rgaklashni o‘zi, uni chiniqtirish hisoblanadi. Zero, choyshabni (pelenka) ostidagi harorat tahminan 28 gradus bo‘lsa, xonadagi harorat 20-22 gradus bo‘lishi tabiiy. Demak, bolakayni ana shunday haroratni farqli sharoitiga moslashtirishga to‘g‘ri keladi. Chiniqtrish qanchalik erta boshlansa, shunchalik yaxshi va aytish mumkinki, chiniqishni kechi bo‘lmaydi.
Chiniqtirishni qachondan boshlash kerak? Avvalo, bolani issiq kiyim-boshlar bilan o‘rab-chirmashdan voz kechish lozim. Bola tashqarida sayr qilib, o‘ynat kelganidan keyin uning oyoqlari issiq, lekin terlamagan bo‘lsa, demak siz uni to‘g‘ri kiyintiribman deb hisoblashingiz mumkin.
Eng yengil usul, bolani havo yordamida chiniqtirishdir. Havo vannasi kuz va qish mavsumlarida, bolani harorati 20 gradus atrofida bo‘lgan xonada, issiq oylarda esa ochiq hovlida bo‘lgani yaxshi. Agarda hovlida namgarchilik, shamol esib turgan, salqin havo bo‘lsa, bundash sharoitda bolani yoshi va sog‘lomligi hisobga olinadi.
Maktab yoshidagi bolalarni havo bilan chiniqtirishda uydagi harorat 10-12 gradusda bo‘lgani ma’qul.
Bolani ustidan suv quyish, artish, dush qabul qilish muolajalari, organizmga kuchli ta’sir kursatuvchi tadbirlar sirasiga kiradi. Tez-tez shamollaydigan, tumov, yo‘tal tutadigan zaif bolalarni quruq paxmoq sochiq bilan tanasini artiladi, so‘ngra ikki hafta o‘tgach iliq suvda namlangan sochiq bilan artinish tavsiya etiladi. Ba’zi bolalar artinishni yoqtirmaydilar va birdaniga ustlaridan suvni quyishga intiladilar. Bunday holatlarda suvning haroratini 33-32 gradusdan boshlab, 15 gradusgacha tushirish mumkin.
Bolani bir yoshligidan boshlab oyoqlarini salqin suv quyilgan tog‘orachaga solib, chiniqtirish yaxshi bo‘ladi. Bolakay 23-daqiqa davomida huzur qilib, oyoqlari bilan suvni shaloplatib o‘ynaydi. Suv harorati 35-34 gradusdan boshlanib, so‘ngra salqinlatib darajasi pasaytirib boriladi.
Eng muhim qoida – barcha chiniqtirish muolajalari bolaga shodlik bag‘ishlashi kerak. Agarda bola suv va boshqa chiniqtirish tadbirlaridan seskanib, o‘zini chetga olib qochsa, boshqa chiniqtirish usullarini qo‘llash lozim. Har bir muolajani bola quvonch bilan bajaradigan bo‘lsa, kelgusidagi yutuqlar ham ulkan bo‘ladi.
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 8, prof. G.N.Speranskiy maqolasi asosida tayyorlandi)