BOSHIM OG‘RIYDI...
img description
og'riqning turlari va sabablari

BOSHIM OG‘RIYDI...

Bosh og‘rig‘i, uning xarakteri va kuchi juda turli-tumandir. 

Ular kuchli va kuchsiz, o‘tkir va o‘tmas (tupoy), bosuvchan yoki burg‘ilovchan, siquvchan yoki yorib yuborgundek, sanjiqli yoki imillaydigan, lo‘qillovchan, kuyduruvchan va hokazo og‘riq hollarida his qilinadi. Og‘riqlar boshning turli qismlarida joylashuvi, asta-sekin yoki tanaffuslar bilan boshlanishi, ertalab, 

kun bo‘yi yoki kechasi bo‘lishi mumkin. Ba’zan bosh og‘rig‘i boshni aylanishi, bosh ichidagi shovqin, ko‘z qorachig‘ini torayishi yoki kengayishi, yuzni rangi o‘chishi yoki qizarishi, ko‘z yoshini oqishi, ko‘ngil aynash, qusish bilan birgalikda kechadi. Bosh og‘rig‘ini kuchayishi yoki pasayishi boshning holati, aksirish, yo‘tal va hatto atrof-muhitdagi haroratni yoki atmosfera bosimiga bog‘liq holda o‘zgarishi mumkin.


Bosh og‘rig‘i qanday sodir bo‘ladi?
Og‘riq sezgisi, avvalo organizmni turli a’zo va to‘qimalaridagi sezgi retseptorlaridan nerv tolalari orqali qabul qilinadi. Nervlarning og‘riqni sezuvchi uchlari mexanik, kimyoviy, harorat, elektr toki ta’sirida impuls hosil qilib, bosh miya po‘stloq qavatiga uzatiladi va u yerda og‘riq sezgisi sifatida his qilinadi.
Bosh miya suyak qutisi isida juda ko‘plab og‘riqni sezuvchan nerv uchlari joylashgan bo‘lib, aksariyati miya pardalari va miya qon tomirlarida bo‘ladi. Ma’lumki, bosh miya ichki va tashqi tomondan miya suyuqligi (likvor) bilan yuvib turiladi. Agarda bosh miya qutisi ichidagi bosim ortsa, miya pardalari siljiydi, qon tomirlar kengayadi, shamollash jarayoni rivojlanadi va shundan keyin odamda bosh og‘rig‘i kelib chiqadi.
Bosh og‘rishi nimalarga bog‘liq? Uni qanday sabablar keltirib chiqaradi? Bular turlichadir. Ta’kidlash lozimki, bosh og‘rig‘ining kuchli yoki kuchsizligi uning tabiatini aniqlamaydi. Ba’zi holatlarda kasallikning og‘ir kechishida bosh og‘rig‘i bo‘lmasligi, boshqa bir holatlarda odamni qattiq bosh og‘rig‘i bo‘lib turishiga qaramasdan uzoq yillar yashab, mehnat qobiliyatini yo‘qotmasligi mumkin. Ammo bosh og‘rig‘ini bo‘lishi organizmni biron bir joyida noqislik mavjudigidan darak beradi. Lekin qayerda?
Har qanday bosh og‘rig‘i biron-bir kasallikning bo‘lgisi bo‘lgani sababli, uni keltirib chiqaruvchi jarayonlarga qarab, 

tibbiyot olimlari bosh og‘rig‘ini xarakteriga ko‘ra ajratish lozim deb topganlar. Vaqti-vaqti bilan yoki doimiy, lekin kuchayib boruvchi bosh og‘riqlari odatda bosh miya va uning pardalaridagi xavfli va xavfsiz o‘smalar, yiringli shamollash jarayonlari –miyadagi abssesslarda kechadi.


Bosh miya, bosh suyak qutisi ichida har tomonlama o‘ralgan holda (germetik) joylashgan bo‘lib, unda rivojlanayotgan o‘sma miya ichidagi bosimni oshirishi natijasida undagi qon tomirlarni joyidagi suradi, nervlar eziladi va bosh og‘rig‘i his qilinadi. Har qanday yo‘tal, aksirish, jismoniy harakatlar bosh og‘rig‘ini kuchaytiradi va qusish, ba’zan tutqaloq xurujlari bo‘lib, ko‘zni ko‘rishi buziladi. O‘sma va miyadagi abssessni davolashning yagona usuli – jarrohlikdir. Kasallik qanchalik erta aniqlansa, uni olib tashlash shunchalik yengil va samarali bo‘ladi.
Bosh miyaga yiringli bakteriyalar o‘rta quloq, burunning qo‘shimcha bo‘shliqlari (gaymor, frontal), yuzdagi furunkul va boshqa yiringli o‘choqlardan o‘tishi mumkin. Uni oldini olish uchun esa organizmdagi barcha yiringli o‘choqlarni o‘z vaqtida to‘liq davolash lozim.
Meningitdagi (miya pardalarini shamollashi) bosh og‘riq asosiy va eng xarakterli simptom (belgi) hisoblanadi. Ushbu kasallikdagi bosh og‘riq juda erta boshlanadi va qusish, bo‘yindagi mushaklarni taranglashuvi bilan kechadi.
Sil kasalligi bilan bog‘liq meningit asta-sekin boshlanadi, ayniqsa yosh bolalar bezovtalanib, uyqu bosadi, kattaroq yoshdagi bolalar esa holsizlanish va bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladilar. Har ikki holatda ham ishtaha yo‘qoladi va ozishga boshlaydi, injiq, lanj bo‘lib, tana harorati ko‘tariladi. Keyinchalik kasallik tez rivojlanadi. Bunday paytda ota-onalar tezda shifokor bilan maslahatlashishlari kerak.
Bosh miya qon tomirlarini sklerozida bosh og‘rig‘i tupoy bo‘lib, ko‘pincha boshni og‘irlashuvi, xotirani pasayishi, uyqusizlik, jahlni tez chiqishi, ish qobiliyatini kamayishi kuzatiladi. Aksariyat hollarda, xafaqonlik kasalligidagi bosh og‘riq arterial qon bosimni ko‘tarilishi natijasida ro‘y beradi va qon bosimni ko‘tarilish darajasiga bog‘liq bo‘lmaydi. Ushbu kasallikning dastlabki bosqichidayo bosh og‘rig‘i boshlanib, yurak sohasida yoqimsiz og‘riq hissi paydo bo‘ladi. Bosh og‘riq, ayniqsa, qon bosimni keskin ko‘tarilishida (kriz) qattiq bo‘ladi, bosh aylanib, tananing turli qismlarida et uvishadi va nutq buziladi.
Qon bosim keskin oshganda bemorni yotqizib, shifokorga murojaat qilish zarur va qon tomirlarni kengaytiruvchi, miyani oziqlanishini yaxshilovchi dorilar beriladi, ensa yoki boldir mushaklariga xantal qo‘yilib, ichaklar faoliyatiga e’tibor qaratiladi.
Bosh og‘rig‘i, bosh miya jarohatining oqibatida doimo bemorni bezovta qiladi. Boshga zarb berilishidan keyin bemor o‘ziga kelgach, qattiq bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladi va u bir necha kun, hafta, oylar, ba’zan yillar mobaynida uni bezovta qiladi. Og‘riqkuchli hayajonlanish, biron-bir infeksiyaga chalinish, spirtli ichimlik ichish, dim xonada uzoq muddat turib qolish natijasida kuchayishi mumkin. Boshni yengil chayqalishida xush yo‘qotilmagan bo‘lsa-da, dastlabki kun, hafta davomida bezovta qilmasligi mumkin. Ammo keyinchalik hayot uchun xavfli ko‘rinish olishi mumkin. Shuning uchun har qanday boshni jarohatida, albatta shifokorni ruxsati bo‘lmagunicha to‘shakda yotish rejimiga rioya qilish shart.
O‘tkir yuqumli kasalliklarda (gripp, dizenteriya, ensefalit), bemorni organizmida ko‘plab zararli moddalar va mikroblarning zahari – toksinlar to‘planadi. Ular miya pardalari va qon tomirlardagi nerv tolalarining uchiga ta’sir etib, bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Tana haroratini ko‘tarilishi natijasida miya qon tomirlari kengayadi va miyani qonga to‘lishi yana bir bor boshni lo‘qillab og‘rishiga sababchi bo‘ladi.
Boshdagi og‘riqlar – yurak, o‘pka, buyraklar, jigar, modda almashinuvini buzilishi, qon kasalliklari va boshqalarning o‘tkir va surunkali kasalliklarning yo‘ldoshidir.
Ichaklar faoliyatini buzilishi, shu jumladan qabziyat, gijjalarda (ayniqsa, bolalarda) ham bosh og‘rig‘i bo‘ladi. Bu holatlarda ichaklar faoliyatini tiklash, gijjalarni yo‘qotish bilan bosh og‘rig‘i ham to‘xtaydi.
Ayollarda bosh og‘rig‘i hayz ko‘rish boshlanishidan oldin kuzatiladi. Ko‘pgina holatlarda bosh og‘rig‘i klimaksdan oldin, ichki sekretsiya bezlarini faoliyatidagi va asab tizimi bilan o‘zaro aloqasidagi o‘zgarishlar natijasida sodir bo‘ladi.
Shuningdek, quloq, burun va uning qo‘shimcha bo‘shliqlaridagi kasalliklar (gaymorit, frontit) ham boshdagi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Tumov, gaymorit, frontitda bosib, ezuvchi og‘riqlar peshona, burun asosida joylashadi va undan shilimshiq oqishi, nafas olishni buzilishi bilan kechadi.
Ko‘zning ayrim kasalliklarida (glaukoma, shamollash jarayonlari, astigmatizm, shabko‘rlik) bosh og‘rig‘i qo‘shilishi mumkin.
Bosh og‘rig‘i bilan kechadigan kasalliklar orasida migren kasalligi katta va alohida o‘rin tutadi va uni kelib chiqish mexanizmi va sabablari hanuzgacha aniq emas. Bosh miya qon tomir kasalliklarida miyani o‘zidagi tomirlar spazmga uchrasa, migrenda cheklangan spazmlr miya pardalari va bosh suyak qutisi tashqarisidagi qon tomirlarda ro‘y beradi. Migrendagi og‘riq xurujlari ko‘pincha qattiq aqliy mehnatdan charchash, salbiy his-hayajonlar, sovuq qotish yoki isib ketishdan keyin qaytalanadi. Ayollarda hayz ko‘rishdan oldin bo‘lishi kuzatiladi. Odatda migrenga xos bo‘lgan og‘riqlar boshning yarmida sodir bo‘lib, kamdan-kam holatlarda ikkinchi tomonga o‘tishi mumkin. Migrendagi bosh og‘riqlar xuruji miya qon tomirlaridagi xurujga nisbatan bexavotirroq, lekin uzoq muddat davom etishi, bemorning ruhiyatini buzishi (serjahllik, doimo bosh og‘rig‘i xurujini boshlanishidan xavfsirash, mehnat qobiliyatini pasayishi) bilan o‘tadi. Bunday bemorlar mehnat va dam olishni to‘g‘ri tashkil etishlari, aksariyat ochiq havoda bo‘lishlari, sutli va meva-sabzavotli taomlardan iste’mol qilishlari, yengil jismoniy badan tarbiya mashqlari bilan shug‘ullanishlari kerak.
Shuningdek, turli shakldagi nevrozlarga (isteriya, nevrasteniya) uchragan bemorlar ham bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladilar. Nevrasteniyada bemor boshini nimadir bosayotgandek, tosh bilan siqayotgandek his qilsa, isteriyada og‘riq boshning sochli qismida joylashgan bo‘ladi, go‘yoki boshini burg‘ilayotgandek yoki metall halqa bilan siqayotgandek his qilinadi. Isteriyaga xos og‘riqlar ko‘pincha biron bir ko‘ngilsizlik, muvaffaqiyatsizlikdan keyin ro‘y beradi.
Bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi omillardan biri – mehnat va turmushdagi o‘tkir hamda surunkali zaharlanishlardag (margimush, simob, qo‘rg‘oshin, silikat changlari, etilli benzin, is gazi, serovodorod, o‘z tarkibida turli zaharli ximikatlarni tutuvchi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari (ayniqsa, go‘sht, kolbasa, baliq) ro‘y beradi.
Odamni azoblaydigan bosh og‘riqlarini yana biri chekish va spirtli ichimliklarni su’istemol qilish, havosi dim bo‘lib, kislorod tanqis bo‘lgan muhit, haddan ortiq jismoniy yoki aqliy mehnat bilan shug‘ullanish, quyosh va suvdan oqilona foydalanmaslik hamda boshqa ko‘plab zararli omillar keltirib chiqarishi mumkin.
Demak, bosh og‘rig‘ini kelib chiqish mexanizmlari va sabablari turli-tuman ekanligini ko‘rib chiqdik. Shuning uchun, bosh og‘rig‘ining asl sababini aniqlash maqsadida qanchalik erta shifokorga murojaat qilinsa, barcha zarur bo‘lgan tekshiruvlardan o‘tishda sabrli bo‘linsa, natijasi ham ijobiy bo‘ladi. Bir narsa aniq: bosh og‘rig‘ini oldini olish, bartaraf etish uchun og‘riqni keltirib chiqaruvchi sabablarni yo‘qotish kerak.


(“Здоровье” jurnali, 1960, № 5, prof. Ye.V.Shmidt, vrach V.A.Kachko maqolasi asosida tayyorlandi)