Odamning burni nega qonaydi? Bu savolga javob berishdan avval, burun ichidagi shilliq qavatda ko‘plab mayda qon tomirlar (kapillyarlar) mavjudligi, o‘z navbatida ular shu joydagi yirikroq vena qon tomiriga ulanishini eslamoq lozim. Ushbu kapillyarlar burunichki qavatidagi tog‘aylarga yopishib ketgani uchun devorlari ham dag‘al bo‘ladi. Shuningdek, qon quyuqlashganda, uning tarkibidagi xolesterin moddasi ham burundagi kapillyarlarda to‘planib, uning ichini toraytirib, berkitib qo‘yishi ham mumkin.
Yurak-qon tomir kasalligi, aterosklerozda qon bosimi keskin ko‘tarilishi natijasida,
aksariyat mayda kapillyardagi bosim ortib, yoriladi va burundan qon keladi. Qon oqishi to‘xtatilgandan keyin, yorilgan qon tomir o‘rnida qatqaloq yuzaga keladi. Ba’zan, quruq tumovda burun o‘rtasidagi to‘siq devorning shilliq qavatida qattiq po‘st paydo bo‘lib, nafas olish qiyinlashadi va qo‘l barmog‘i bilan ana shu qatqaloq, po‘stni ko‘chirish natijasida kapillyarlar yorilib qon oqadi, to‘xtagach, yana hosil bo‘lgan qatqaloq tirnaladi va qayta qon oqa boshlaydi. Ayrim hollarda, o‘tkir predmetlar bilan ham burun ichki shilliq pardasini jarohatlash natijasida ham qonaydi.
Shuningdek, burundan qon oqishini qon kasalligi, burun shilliq qavatini sil, o‘sma kasalliklarida, kimyoviy ta’sirlar oqibatida o‘zgarishi, burun ichiga qattiq predmetlarni kirib qolishi kabi holatlarda ham kuzatish mumkin. Odatda, burunni qattiq qoqish, tana haroratini yuqori ko‘tarilishi kabi holatlarda uni tezda to‘xtatish mumkin. Ammo, qon kasalligi, o‘sma rivojlanishida (burun va frontal va gaymor yuz suyagi bo‘shlig‘ida) qon oqishi tez-tez, davomli oqadi va bunday bemorlarni kasalxonaga yotqizib, tez yordam ko‘rsatish, so‘ngra kasallik tashhisini aniqlashga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, burundan qon oqishi ro‘y berganda qanday yordam ko‘rsatiladi?
Avvalo, bemorni tinchlantirish, vahima qilmaslik kerak. Ba’zilar aytganidek, bemorni yotqizib, boshini ensa (gardan) tomonga egib qo‘yish tavsiya etilmaydi, chunki bunda burundan oqayotgan qon endi orqaga qaytib, burun-halqumga tushadi. Agarda bemorni osmonga qaratib yotqizilgan taqdirda ham, boshini tagiga biron bir bolish qo‘yib ko‘tarib qo‘yish kerak. Bemorni boshi oldinga engashtirib turilsa, bo‘yindagi vena qon tomirlarini qisilishi natijasida bosh miya ichidagi bosim ortadi. Eng to‘g‘ri va qulayi, bemorning boshini tik tutgan holda o‘tqizib, burun katagining qaysi tomonidan qon oqayotganini aniqlash kerak va shu tomondagi burun devorini barmoq bilan burun ichki to‘sig‘iga 15-20 daqiqa bosib turiladi. Qon oqishi ikki burun katagidan kelayotgan bo‘lsa, barmoq bilan ikkala burun parraklarini o‘rta to‘siqqa qisib turiladi. Ushbu tadbir yordam bermasa, efedrin eritmasi yoki perekis vodorod bilan namlangan paxtani qattiq o‘rama shaklida burun katagiga tiqiladi.
Shuningdek, muz parchasi yoki sovuq suvga ho‘llangan sochiqni bemorning ensa qismi va yuziga bosiladi. Yuzni sovuq suv bilan yuvish mumkin. Bemorni 15-20 minut davomida burun orqali chuqur-chuqur nafas olishi ham yaxshi yordam beradi.
Bolalarni dimog‘ bilan gapirishiga burundagi adenoid sabab bo‘lishi va bolani burun qoqishida tez-tez burun qonashi ro‘y beradigan va dori-darmonlar yordam bermasa, adenoidni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashga to‘g‘ri keladi.
Umuman, burni tezda qonaydigan fuqarolarni un tayyorlash, chang va qipiqlar, kimyoviy moddalar ta’siri yuqori bo‘lgan korxonalarda mehnat qilishi tavsiya etilmaydi.
("Здоровье" jurnali, 1960, № 3, t.f.n. Yu.N.Ovchinnikov maqolasi asosida tayorlandi)