Fiziologiya nuqtayi nazaridan aytganda, miyani bir xududida qo‘zg‘alishni to‘plashi va boshqa bir xududida esa ozmi-ko‘pmi tormozlanishni sodir bo‘lishi diqqatni anglatadi. Aynan ana shu ikki asablar jarayonini qo‘shilishi, insonni biron-bir narsani o‘rganishi, tushunishi, mulohaza qilishi uchun o‘ziga ahamiyati kam bo‘lgan narsalardan “vatinchalik” uzilishi orqali, fikrlarini jamlash imkonini beradi. Natijada odam atrof muhitni aniqlab, chamalab olishi, uning ta’siriga moslashib olishi, unga to‘g‘ri munosabat ko‘rsatishi uchun sharoit yuzaga keladi. Lekin bu chamalab olish (oriyentatsiya) taniqli fiziolog olim I.P.Pavlov ta’biri bilan aytganda “bu nima?” refleksi – biz uchun ongsiz ravishda, kutilmagan holda sodir bo‘luvchi diqqatdir.
Odamni o‘qishi, ishlashi jarayonida yana bir narsa, ongli ravishda zaruriy iroda kuchi bilan paydo bo‘ladigan, talab etiladigan diqqat ham kerak bo‘ladi. Xo‘sh, uni qanday hosil qilish mumkin va uzoq muddat saqlab turish mumkin?
Diqqat qilib ishlab uchun avvalo mehnatni to‘g‘ri tashkil qilish – chalg‘itadigan barcha narsalarni ko‘zdan chetlatish, kerakli buyumlarni tartibli ravishda yig‘ishtirib qo‘yish, qulay joylashib, o‘tirib olish kerak. Odatiy ravishda ishni boshlashdan oldin ana shunday qulay sharoitni yaratib olishingiz, uni boshlashga tayyor ekanligingiz hissiyotini uyg‘otadi va odam organizmini kerakli mehnat qilishga “sozlaydi”.
Biron-bir narsaga qiziqish – diqqat qilishning eng muhim shartlaridan biridir. Yangi, noodatiy narsa “bu nima?” refleksini uyg‘otadi va diqqatni ongsiz ravishda jalb etadi. Aynan shu refleksni o‘chib qolmasligini oldini olgan holda, o‘qituvchi ham o‘quvchilarni darsga yanada qiziqtirishga harakat qiladi.
Bir xillik, qolipga solingan ishlar – diqqatning ayovsiz dushmanidir. Bitta ta’sirlovchi uzoq muddat davomida bosh miya po‘stlog‘ining ma’lum bir xududini oldiniga qo‘zg‘otadi, so‘ngra nerv hujayralarini toliqishi natijasida tormozlanish ro‘y beradi. Masalan, poyezd g‘ildiraklarini to‘xtovsiz birdek “taqa-tuqi” yoki shivalab yog‘ayotgan yomg‘irni tovushi beihtiyor odamning uyqusini keltiradi. Shuningdek, ma’ruzachining bir xildagi, monoton, hissiz tovushi ham tinglovchini zeriktirib, diqqatini kamaytiradi.
Diqqat jarayoni bilan xotira mustahkam bog‘langan – ko‘rgan, eshitgan, o‘qigan narsani saqlamoq, miyada “ushlab qolmoq” va keyincha mustaqil ravishda uni qayta tiklamoq, miyaning ajoyib xususiyatidir. Ta’sir kuchi qanchalik kuchli va tez-tez takrorlansa, uning qoldiradigan izi ham shunchalik uzoq saqlanadi.
Har qanday qobiliyat kabi, xotirani ham doimo tarbiyalash, mashq qildirish, uni yanada o‘tkir qilishi mumkin. Psixologiyada xotirani turli xil tiplarga (eshitish, ko‘rish, harakat) bo‘linadi. Haqiqatan ham bitta odam eshitanini, ikkinchisi – ko‘rganini, uchinchisi – yozgani, chizgani, rasm solganini xotirasida yaxshi saqlab qoladi. Bu xususiyatlar tug‘ma, o‘zgarmas ham emas. U o‘qitish jarayonida, biron-bir odat natijasida shakllanadi. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari eshitish orqali xotirada bilimni yaxshi saqlab qoladilar, ammo institut kutubxonasida o‘tirib o‘qishda materialni xotirada saqlab qolish qiyin kechadi.
Eng unumlisi – xotiraning barcha usullarini (eshitish, ko‘rish, yozish, ichida o‘qish, tovush chiqarib o‘qish, so‘z yoki jumlani tagiga chizish va h.) birgalikda qo‘llashdir. Odamning bosh miya po‘stlog‘ini ensa qismida joylashgan ko‘ruv analizatorini hujayralari, xotirani ko‘p va uzoq saqlovchi qism hisoblanadi.
Xotira his-tuyg‘ular (emotsiya) bilan chambarchas bog‘langandir. Nima qiziqarli, hayajonga soladigan, ta’sirli, xursand yoki xafa qiladigan bo‘lsa, osonlik bilan esda qoladi va aksincha, biz befarqlik, e’tiborsizlik bilan qaragan narsalar xotirada saqlanishi qiyin kechadi.
Yana bir jihat, biron bir materialni (masalan, she’r, formula, matn, qoida) xotirada yaxshi saqlab qolish uchun uni qayta takrorlash lozim bo‘ladi. Tadqiqotchi psixologlar bu borada ham yana bir yangilikni aniqladilar: matnni xotirada yaxshi saqlab qolish uchun har yarim soatdagi tanaffus bilan 11 marotaba, 2 soat tanaffus bilan 7 marotaba, 10 soat tanaffus bilan 5 marotaba qaytarishlariga to‘g‘ri kelgan. Demak, qaytarishlar orasidagi ko‘p yoki kamroq uzoq tanaffus qilish, nerv hujayralarining ish qobiliyatini tiklanishiga yordam berar ekan. Bundan tashqari, ta’sirlash ketma-ket bo‘lganda emas, ma’lum bir vaqt oralig‘ida berilganida turg‘un shartli aloqalarni hosil bo‘lishiga qulay sharoitlarni yaratar ekan.
Diqqat va xotira odamni kayfiyatiga, umumiy holatiga ham bog‘liq. Masalan, ko‘ngil aynishi, aqliy mehnat qobiliyatini pasaytiradi, diqqatni jamlashga to‘sqinlik qiladi; bunday holatlarda xotirada saqlab qolish tezligi, uni mustahkamligi kamayadi.
Shuningdek, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va tamaki chekish ham hotiraga yomon ta’sir ko‘rsatishini unutmaslik kerak.
Ish qobiliyatini oshirishda, kundalik rejimni to‘g‘ri tashkil qilish, uyqu va dam olish, ovqatlanish, jismoniy va aqliy mehnatni muvofiqlashtirish, jismoniy badan-tarbiya, sport bilan shug‘ullanish muhim ahamiyatga ega. Aqliy mehnatni samarali bo‘lishini tashkillashtirish uchun tartibli tanaffuslar qilish kerak. Kitob bilan bir necha soatlab, to‘xtamay ishlash kerak emas va juda uzoq tanaffus (bir necha hafta) qilish ham noto‘g‘ri. Kundalik, zo‘riqtirmaydigan mehnat markaziy nerv tizimining funksiyalarini takomillashtiradi, mashq qildiradi va uni mustahkamlaydi.
Diqqat va xotira odamni amaliy faoliyatida takomillashadi, ushbu funksiyalarni tarbiyalash – umuman odamni tarbiyalash, sog‘lig‘ini chiniqtirish, kuchli irodani maqsad sari intilish, ichki intizomli bo‘lishini shakllantiradi. Ilm olishga chanqoqlik, yuqori maqsadlarni ongli ravishda tushunib yetgan holda amalga oshiriladigan ishlar – diqqat va xotirani kuchaytiruvchi omillardir.