Odamlar orasida haftaning dushanba kuni haqida turli gap-so‘zlar yuradi: “dushanba og‘ir kun”, “dushanbada yangi ishni boshlama”, “dushanbada uchrashuvga borma”, “dushanbada ish yurishmaydi”, “dushanbada ishga bormagan ma’qul” va hokazo. Nima uchun bunday gaplar tarqaladi? Axir yakshanba, dam olish kuni mazza qilib, o‘ynab-kulib, hordiq chiqarib olgach, yaxshi kayfiyat va kuch-quvvatni to‘plagan holda dushanbani kutib olishimiz tabiiy emasmi? Ko‘pchilik “ha, shunday” deb, fikrimni tasdiqlasalar, ba’zilar bu fikrga qarshi chiqadilar. Kimdir shu kunni uydagi og‘ir jismoniy mehnat – kun bo‘yi binoni ta’mirlash, bog‘ hovlisidagi bir talay chopiq ishlari, qo‘shimcha daromad topish maqsadida yelib-yugursa yoki aqliy soha kishilari ishxonasida ulgurmasdan uyiga olib kelgan o‘qish va yozuv-chizuvlardan bosh ko‘tarmay ishlash, ayollar esa uyni yig‘ishtirish, saranjom-sarishta qilish, hafta mobaynida yig‘ilib qolgan kiyim-boshlarni yuvish-dazmollash, mehmon kutishga tayyorgarlik ishlari bilan o‘tkazsa, yana kimdir yakshanbani kechgacha divanda televizor ko‘rish, kitob-jurnallarni mukkasiga tushib o‘qish, shaxmat o‘ynash, oshna og‘aynilari bilan gap-gashtak bilan kayfu-safo qilish bilan o‘tkazishi mumkin.
Xo‘sh, yakshanbani qanday tashkillashtirish kerak? Hamma gap shundaki, dam olish kunini qanday o‘tkazishni har kim o‘zicha tashkil qiladi va shu sababli hammaga bir qolipdagi tavsiyalarni berib bo‘lmaydi. Ammo umumiy bo‘lgan ayrim fikr-mulohaza, tavsiyalarni berish mumkin.
Ayni haqiqat, og‘ir jismoniy mehnat bilan yakshanbani o‘tkazganlarda mushaklar charchog‘i to‘plansa, aqliy mehnat kishilarida ruhiy charchoq (diqqat, xotirani susayishi, bajarayotgan ishiga nisbatan qiziqish, ishtiyoqni pasayishi va h.) yuzaga keladi va shunga yarasha dushanbani har sohada toliqish bilan kutib olib, o‘tkaziladi. Taniqli rus fiziologi I.P.Pavlovning ta’kidlashicha, kuchli charchoqlar natijasida avvalo bosh miyaning hujayralari toliqadi va himoya choralari ishga tushib, charchagan odamda uxlashga moyillik kelib chiqadi. Darhaqiqat, uxlab turgan odamda, charchoqni yo‘qolib, kishi o‘zini yana bardam his qilishi, kayfiyatini ham ko‘tarilishi barchaga ma’lum.
Ayrim kishilar, “har qanday charchoqni 100 gramm spirtli ichimlik bilan yo‘qotish va qotib uxlab turilgach, hammasi yaxshi bo‘ladi” deb o‘zlarini yupatadilar. Ha, avvaliga kayf tarqagunicha sog‘lom odam o‘zini qushdek yengil va xushchaqchaq sezishi, yana qayta kuchga to‘lgandek his qilishi mumkin. Ammo, bosh miya jarohati asoratlari, nevrasteniya, arterial gipertoniya (xafaqonlik), yurak va bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, jigar, oshqozon yarasi, o‘t puffagi yallig‘lanishi (xoletsistit) va boshqa surunkali kasalliklari bo‘lgan odamlarda kasallik yana qaytalanib, ertangi kuni o‘zida behollik, bosh og‘rishi va aylanishi, ko‘ngil aynishi kuzatilishi tayin.
Xalqimiz orasida bejizga “Yaxshi dam, mehnatga hamdam” degan purma’no ibora yurmaydi. Dam olish kuni, o‘z mohiyati jihatidan odamni bir hafta davomidagi mehnat jarayonidan keyin organizmiga yangi kuch-quvvatni qaytarish, akkumulyatsiya qilishi, so‘ngra yuqori kayfiyatda ish joyida mehnat faoliyatini dushanba kuni davom ettirishiga xizmat qilishi darkor. Yakshanba kunida oila a’zolari bilan shahar tashqarisidagi so‘lim tabiat qo‘yniga chiqish, yaqin qarindoshlaridan xabar olish, tavallud kunlari bilan muborakbod etish, bir muddat teatr, kino, stadion, suv havzalari, bog‘larga borib zavqlanish, jismoniy tarbiya mashqlarini maroq bilan bajarish, oila davrasida hammaga manzur bo‘luvchi taomlar qilib, dasturxon atrofida qiziqarli suhbatlar qurish, badiiy kitob, jurnallar mutolaa qilish va hokazo tadbirlar bilan mashg‘ul bo‘lish foydalidir.
Eng muhimi, ish joyida yoki oilada bo‘ladimi, har doim biron-bir jismoniy yoki aqliy mehnat bo‘ladimi, mashg‘ul bo‘lgan paytingizda, ishni tugashini mo‘ljallab toliqquncha ishlamasdan, orada tanaffus qilishni unutmaslik shart.
Ta’kidlash lozimki, dushanba – ishlash va dam olishni yaxshi biladigan, ularni mutanosib ravishda aql bilan amalga oshiradigan insonlar uchun sharaflidir.
(“Здоровье” jurnali, 1959, № 4, A.B.Aleksandrovskiy maqolasi asosida tayyorlandi)