Epidermofitiya keng tarqalgan surunkali zambrug‘ kasalligi hisoblanib, asosan oyoq barmoqlari orasi va tashqi yuzasida, tovonda tangacha po‘stloq shaklida, so‘ngra suvli puffakchalar ko‘rinishida paydo bo‘lib, tirnoqlarni ham zararlaydi. Odatda, epidermofitiya bemorning umumiy ahvoliga uncha ta’sir qilmaydi, ammo baribir yoqimsiz tug‘diradi. Gohida vaqtinchalik mehnat qobiliyatini buzilishiga sababchi bo‘ladi. Ushbu toifadagi bemorlar zambrug‘ infeksiyasini tarqatishi sababli garchi ular o‘zlarini sog‘lom deb hisoblasalarda, ularni bolalar muassasalari, umumiy ovqatlanish shohobchalari, hammom, sauna, basseyn, kirxona kabi ish joylariga qabul qilinmaydi.
Epidermofitiya kasalligini keltirib chiqaruvchi zambrug‘lar (epidermofiton) mikroskop ostida ipsimon shaklda ko‘rinib, ularga mitseliya deb nom berilgan. Zambrug‘larning turli xillari bo‘lib, ko‘pincha oyoq terisi va tirnoqlarini, boshqa birlari qo‘l terisi va tirnoqlari, qo‘ltiq osti terisi, ba’zida boldir va boshqa tana a’zolariga tarqaladi. Aksariyat katta yoshdagi odamlarda uchraydi, lekin bolalarda ham aniqlanishi mumkin.
Epidermofitiya zambrug‘lari yuqori va past haroratlar, ko‘plab kimyoviy moddalar ta’siriga chidamli bo‘lsada, qaynoq suvda, kuchli kislota, ishqorlar, formalin eritmasida halok bo‘ladi. Ayniqsa, zambrug‘lar issiqlik va namlik bo‘lgan, oftob nuri tushmaydigan sharoitda tez rivojlanadi. Oldiniga oyoqdagi barmoqlar orasi yoki tovon terisiga joylashadigan zambrug‘lar oqish rangli, osongina ko‘chadigan quruq po‘stloq tangachalar ko‘rinishida bo‘ladi va bemorni bezovta qilmaydi. Po‘st tashlash oylar davomida kechadi, yozda kuchayadi va kuchli bo‘lmagan qichishish hosil qiladi.
Keyinchalik, kasallik rivojlanib navbatdagi bosqichga o‘tishi bilan oyoq panjasini ichki va tashqi teri yuzasida suvli katta va kichik puffakchalar yuzaga kelib, teri qizaradi. Shuningdek, zambrug‘lar oyoq tirnoqlarini zararlaydi va ular dag‘allashib sarg‘ayadi, so‘ng uvalanib tusha boshlaydi. Epidermofitiya kasalligiga chalingan bemor o‘z vaqtida shifokorga uchramagan taqdirda, davolash yillarga cho‘zilib ketishi mumkin.
Epidermofitiya zambrug‘i odamlarga quyidagi yo‘llar bilan yuqadi:
Oyoq va qo‘llardagi zambrug‘ kasalligini davolash usullari, epidermofitiyani shakli va bosqichlariga bog‘liqdir. Ba’zi hollarda yodning ikki foizli spirtli damlamasi (nastoyka) yordam bersa, boshqalarda rivanol va lyapis eritmasiga ho‘llangan bog‘lamalar, yana bir holatlarda tarkibida oltingugurt, qatron, salitsil kislota va zambrug‘larga qarshi dori moddalari bo‘lgan krem yoki pastalar qo‘llaniladi.
Agarda bemorning tovonida ochiq yiringli puffakchalar bo‘lsa yoki barmoqlar orasidagi terida yoriqlar kuzatilsa, kaliy permanganatning yengil eritmasidan vanna qilish yaxshi samara beradi. Lekin bemorni oyoqlarida yengilgina teri po‘st tashlashi bo‘lsa, margansovka zarar keltirishi ham mumkin.
Zambrug‘ kasalligini davolashda faqat shifokor qanday davolash usuli kerakligi, davolashda qachon tanaffus qilish yoki to‘xtatish, qayta muolajalar kursini o‘tkazish muddatini belgilaydi.
Epidermofitiyani oldini olishda avvalo oyoqlarni to‘g‘ri parvarishlash va poyafzalni toza tutishga oid gigiyena qoidalariga rioya qilish kerak. Vaqti-vaqti bilan oyoq kiyimlarini shamollatish, benzin bilan ichki va tashqi yuzalarini, iplarini artish lozim. Oila sharoitida oyoq kiyimini quyidagicha dezinfeksiya qilinadi: bir-ikki qism paxta yoki gazeta qog‘ozini g‘ijimlab mushtdek qilinadi, so‘ngra formalinni 40 foizlik suvli eritmasi yoki sirka essensiyasida bo‘ktirib, uni oyoq kiyimi ichiga joylashtiriladi. Shundan keyin, har bir poy oyoq kiyimini gazetaga alohida o‘rab, ikki kecha-kunduz muddatga yaxshi yopiladigan yashikka solinadi. Ushbu muddat o‘tgach, oyoq kiyimlari ochiq havoda bir sutka davomida shamollatiladi. Bunda formalin bug‘lanib ketadi va teriga ta’sir qilmaydigan bo‘ladi. Foydalanilgan paypoq va noskilar, kiyim kechaklar yaxshilab qaynatiladi.
Oyoq panjalarini zambrug‘ kasalliklaridan asrashning eng oson va maqsadli usuli – hammom va dushxonalarda rezinali tuflidan foydalanishdir. Hammom, sauna va basseynlarda har kuni pol va o‘rindiqlarni artish, dezinfeksiya qilish shart. Agarda oilada epidermofitiya kasalligi aniqlansa, uydagi barcha kattalar va bolalar shifokor ko‘rigidan o‘tishlari lozim.
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 10, prof. A.M.Ariyevich maqolasi asosida tayyorlandi)