Bolaning ko‘zi g‘ilay bo‘lishi, har qanday ona uchun qayg‘ulidir. Haqiqatan, g‘ilay o‘z bolaning yuz ko‘rinishini buzadi. Bu ham mayli, bunday kosmetik nuqson natijasida ko‘zni ko‘rishi o‘zgaradi hamda kasb tanlashda (masalan, transport haydovchisi, san’atkor, suxandon, arxitektor va h.) ham cheklanishlar yuzaga keladi.
G‘ilaylikni to‘g‘rilash borasida qadimdan tabiblar turli, ammo samarasiz usullarni qo‘llab kelganlar va faqat XIX-asrning o‘rtalariga kelib bu ishni shifokorlar o‘z qo‘llariga olib, birinchi marotaba jarrohlik amaliyotini bajarganlar. Ko‘zdagi g‘ilaylikni kelib chiqishi haqida ko‘plab nazariyalar ilgari surilgan va oqibatda bir xulosaga kelingan, ya’ni ushbu kasallikni davolash kompleks ravishda (operatsiya, ko‘zoynak taqish, ko‘zni bintli bog‘lama bilan berkitish, turli mashqlarni bajarish va h.) olib borilishi kerak. Keyinchalik g‘ilaylikni sodir bo‘lish sabablarini tushuntirishda uzoqni yaxshi ko‘rish yoki shabko‘rlikni mavjudligi, o‘ng va chap ko‘zni birgalikda to‘g‘ri ko‘rolmaslik yoki asabiylashuv (qo‘rquv, og‘ir ruhiy kechinmalar) haqidagi fikrlar tug‘ilgan.
Jarrohlik amaliyotisiz g‘ilaylikni davolash uchdan bir holatda muvaffaqiyatga erishilsa, qolgan hollarda operatsiya qilish kerak bo‘ladi. Barcha bemorlarda g‘ilaylikni davolash ko‘zoynaktanlashdan boshlanadi va katta yoshdagilarda buni oftalmolog maxsus jadval yordamida bajarsa, yosh bolalarda buning imkoniyati yo‘qligi sababli 10 kun davomida ko‘zga atropin tomiziladi. Natijada ko‘z ko‘rishi tumanga aylanadi, ammo bolaga qanday ko‘zoynak taqish kerakligini aniqlash imkoniyati tug‘iladi. Bolalarda atropinni ko‘zga tomizish butunlay xavfsiz, lekin katta yoshdagilarga (45 yoshdan keyin), ayniqsa keksalarga mumkin emas.
Agarda ko‘zoynak taqish bilan g‘ilaylik tezda tuzalsa, keyinchalik davolashni ko‘zoynak va maxsus moslama yordamida mashqlar bajarish yordamida davom ettiriladi. Agarda ushbu vositalar muvaffaqiyatli bo‘lmasa, jarrohlik usuli qo‘llaniladi va uning mohiyati quyidagicha:
Har bir ko‘zdagi 6 tadan, jami 12 ta mushaklar harakati bilan ko‘zlarni to‘g‘ri holatga kelishi ta’minlanadi. Mushaklarning bir uchi ko‘zga, ikkinchi tomondagi uchi ko‘z olmasi joylashgan suyak kosachasiga birikkan bo‘ladi. Har bitta ko‘z mushagi eni 6-8 millimetrdan bo‘lgan plastinkalar kabi bo‘lib, yupqa kapsula va biriktiruvchi to‘qima qoplangan paylar bilan tugaydi. Agarda g‘ilaylik o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, ushbu to‘qimalar qattiqlashib, jarrohlik amaliyoti va umuman davolash jarayonini murakkablashtiradi.
Operatsiya jarayonida o‘ta tarang tortilgan mushak bo‘shashtiriladi yoni uni oldinga surib, kuchsiz mushak taranglashtiriladi, so‘ngra kesilgan mushak yana ko‘z olmasiga biriktirib qo‘yiladi. Mabodo bu ish bajarilmasa, keyinchalik asorati ro‘y beradi: ko‘z boshqa tomonga burilib, tashqariga bo‘rtib chiqadi (“chaqchaygan ko‘z”).
Jarrohlik amaliyotidan keyingi mashqlar nafaqat statsionar sharoitida, balki uyda ham bir kunda 12-15 daqiqa davomida bajarilishi mumkin. Erishilgan ijobiy natijani mustahkamlash uchun maxsus katakli panjara orqali o‘qishni mashq qildirish tavsiya etiladi.
G‘ilaylikni davolash natijasi har doim ham darhol ko‘rinmaydi. Ko‘pincha ko‘zoynak taqish yoki operatsiya natijasi bemor va uning atrofidagilarga bilinmaydi (faqat shifokor aniqlashi mumkin) va bir necha oylar o‘tgach oydinlashadi.
G‘ilaylik yosh bolaning ruhiy muvozanatiga, o‘smirlik yoshidagi qiz va o‘g‘il bolani orzusidagi kasbni tanlash oldidagi noqulaylik keltirib chiqarishi qanchalik og‘ir, iztirobli bo‘lishini tasavvur qilinsa, ularni o‘z vaqtida (bir yoki bir yarim yoshdan toki maktabga chiqish yoshigacha) davolatish muhimligini tushunish mumkin. Bir yoshli bolakayga ko‘zoynak taqish va 5-6 yoshlik bolada g‘ilaylikni bartaraf etish uchun jarrohlik amaliyotini qo‘llashdan qo‘rqmaslik, kerakli mashqlarni bajarish uchun vaqt ajratishdan qizg‘anmaslik kerak. Bolani g‘ilaylikdan xalos qilish va unga jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi bo‘lish imkoniyatini yaratish uchun barcha tadbirlarni qo‘llash zarur.
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 6, t.f.n. Ye.M.Belostotskiy maqolasi asosida tayyorlandi)