Aksariyat kech kuz, qish va bahor oylarida havo sovuq, quyosh nuri kam, ovqatlarda vitaminlar kamayadi va organizmni shamollashga moyilligi ortadi. Gripp viruslari yuqori nafas yo‘llaridagi shilliq pardalardagi hujayralardan osongina ichkariga kiradi.
Gripp hammaga yuqishi mumkin, chunki kasallikdan keyin hosil bo‘ladigan immunitet uzoq saqlanmaydi. A tipidagi virus keltirib chiqargan grippdan keyin yuzaga keladigan immunitet bir yarim yilgacha saqlansa, V tipidagi grippdan keyingi immunitet uzoqroq saqlanib turadi. Ammo odamlar grippdan tez-tez kasallanadi, chunki ushbu kasallikni keltirib chiqaradigan viruslarning tiplari ko‘pdir.
Grippni o‘zi organizm uchun xavfli hisoblanadi, 3-5 kun o‘tgach tana harorati pasayib, bosh og‘rig‘i yo‘qoladi, ammo organizm gripp infeksiyasi bilan kurashib o‘zi ham charchaydi.
Ba’zan grippdan keyin tezda yoki bir qancha vaqt o‘tgach, odamda to‘satdan o‘pka shamollashi, angina va boshqa asoratlar kelib chiqadi. Gohida davolanishdan keyin kasallik yana qaytalanadi, angina yana bosh ko‘taradi, surunkali o‘pka va yurak kasalliklari faollashadi.
Ko‘pchilik bemorlar gripp bilan og‘riganlarini esdan chiqarib, shifokorning tavsiyalariga amal qilmaganliklari uchun jazolanadilar. Gripp kasalligi paytida to‘shakda yotish rejimiga rioya qilish shart, ayniqsa “yengil” deb hisoblangan grippda rejimni saqlamaslik ko‘p asoratlarni keltirib chiqaradi. Aksariyat, ayniqsa yoshlar grippni qisqa davrda kechishi va o‘zlarini chiniqqan, kuchli deb hisoblashlari oqibatida xatolikka yo‘l qo‘yadilar.
Ular nafaqat o‘zlarining, balki atrofdagilarni ham sog‘lig‘ini xavf ostiga qoldiradilar. Ayniqsa, gripp dastlabki kunlarda o‘ta yuqumli bo‘ladi.
Grippni davolashda antibiotiklar (terramitsin, eritromitsin, oleandomitsin, sigmomitsin) va sulfanilamid preparatlari samarali yordam beradi, ammo gripp infeksiyasiga qarshi kuchli maxsus dori vositasi yo‘q.
Faqat to‘shakda yotish rejimiga qat’iy rioya qilish va gripp virusiga qarshi barcha kuchlarni safarbar etish organizmga katta yordam beradi. Kasallik paytida bemorni yaxshilab o‘rab qo‘yib, u yotgan xonani tez-tez havosini almashtirish kerak, natijada uy havosi viruslardan ancha tozalanadi. Xonalarni tozalashda nam lattani ikki foizli xloramin eritmasi yoki yarim foizli xlorli ohak eritmasida ho‘llab olish kerak.
Bemorni alohida xonaga yotqizib, unga tegishli idish-tovoq, sochiq berish, so‘ngra ishlatilgandan keyin birma-bir sovun bilan yuvib, qaynatiladi. Organizmdagi toksinlarni chiqarib tashlash uchun bemorga ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Sharbatlar va vitaminlar, ayniqsa askorbin kislota berish foyda keltiradi. Xantal solingan (bir paqir suvga bir osh qoshiq xantal) issiq suvda oyoqlarni vanna qilish, eng yaxshi davolash tadbirlaridan biri hisoblanadi.
Bemorni parvarish qilishda to‘rt qavatli marlidan tayyorlangan niqobdan foydalanish zarur va har 4 soatda uni qizib turgan dazmolda tekislanadi.
Grippga chalingan bemor bilan aloqada (kontakt) bo‘lgan shaxslar dorixonalarda sotiladigan grippga qarshi zardobdan foydalanishlari mumkin. Ushbu zardobni qanday ishlatishi yo‘riqnomada batafsi yoritilgan. Zardob grippning turli viruslariga qarshi antitelaga ega, uning ta’siri qisqa muddatli bo‘lgani uchun, qayta qo‘llashga to‘g‘ri keladi.
Grippga qarshi ommaviy profilaktika tadbirini o‘tkazish maqsadida aholi tirik gripp vaksinasi bilan immunizatsiyadan o‘tkaziladi.
/”Здоровье” jurnali”, 1962, № 3, t.f.n. Ye.S.Ketiladze maqolasidan foydalanildi/.