HECH QACHON KECH EMAS
img description
sog‘liqni saqlash, qomatni chiroyli saqlash va og‘riqlarni oldini olish

HECH QACHON KECH EMAS

Ko‘pchilik, ayniqsa ayollar uyda bo‘ladimi, ishda yoki ko‘chaga chiqqanda, bozorga borgandami va umuman har qanday joyda o‘zining yurish-turishi, qad-qomatiga tashqaridan nazar tashlashga doimo e’tibor bermaydi. Vaholanki, gavdani har bir holatida o‘ziga xos tartib-qoidalariga rioya qilish bilan sog‘liqni saqlash, umurtqa pog‘onasini adl bo‘lishi bilan har qanday og‘riq, holdan toyish, charchoqni oldini olish va qomatni chiroyli bo‘lishini ta’minlash mumkin. Buning uchun:

  • Uyingizdagi oshxonada yig‘ilib qolgan idish-tovoqlarni uzoq vaqt tik turgan holda yuvish, tozalash, artishdan keyin bel og‘rig‘i, oyoqlar shishib, zildek bo‘lib qolishi ma’lum. Buni oldini olishda idish-tovoqlarni yuvish joyiga (umivalnik) balandroq stulni yaqin qo‘yib, unga o‘tirgan holda, qaddingizni bukmasdan idishlarni yuvish foydali va qulaydir.
  • Stulga o‘tirishda uni qo‘llaringiz bilan tagingizga tortmasdan, unga yaqin borib o‘tirish lozim. Hech qachon engashib, stulni bir chetiga omonat o‘tirmang hamda o‘tirishda (kreslo, divan, stul va boshqa o‘rindiqqa) dabdurustdan tanangizni butun og‘irligi bilan tap etib o‘tirmang.
  • Hech qachon biron-bir ishni bajarishda bukilgan holda uzoq turib qolmang, orada qaddingizni rostlab, 10-15 qadam yurib tanaffus qilish kerak.
  • Yerdan biron-bir yukni (chelak to‘la suv, tosh, qum, qopdagi bironta og‘ir predmet) dast ko‘tarishga urinmang, buning o‘rniga avvalo oyoqlarni tizza bo‘g‘imida biroz bukib, so‘ngra yukni yerdan ko‘tarish kerak, shunda bel umurtqalariga og‘irlik ko‘p tushmaydi.
  • Zinalardan pastga tushishda ko‘pda engashmasdan, tanani orqaga biroz tortib, qomatni tik tutish lozim.
  • Uy sharoitida sochni tarash paytida bosh va tanani bir tomonga engashtirmasdan to‘g‘ri o‘tirib tarash kerak.
  • Bozordan qaytishda og‘ir sumkani bir qo‘lda, yelkangizni bir tomonga og‘dirgancha ko‘tarib, bo‘sh qolgan ikkinchi qo‘lingizni noqulay osiltirib, qiyshayib yurishingiz sizni tezda charchatadi. Yaxshisi, chiroyli tasma bilan sumkangizni bir yelkangizga osib yursangiz charchamaysiz, qomatingiz ham adl bo‘lib, yurishingiz chiroyli bo‘ladi.
  • Ayollar tor ko‘ylak-yubka kiyish bilan ko‘chada, xizmat joyida, hatto oilada ham o‘zlarining yengil harakatlarini cheklab qo‘yishlarini unutmasliklari kerak.
  • Poshnasi baland va uchlik oyoq kiyimidan kun bo‘yi foydalanish, umurtqa pog‘onasini tezda toliqtiradi va og‘riqlar paydo qiladi.
  • Mashina rulini bir qo‘lda boshqarish paytida, bir yonboshga qiyshayib o‘tirish natijasida umurtqa pog‘onasi tezda charchaydi, og‘riq turadi va asta-sekin uni qiyshayish holati kelib chiqadi.

("Здоровье" jurnali, 1960, № 10, F.V. Gordiyevskiy maqolasi asosida tayyorlandi)