Ba'zan 13-15 yoshdagi o‘smirlarni terisi asta-sekin g‘alvirsimon va yog‘li ko‘rinish oladi. Bu narsa jinsiy uyg‘onish davriga xos yog‘ bezlarining faoliyatini tezlashishi bilan izohlanadi. Yog‘ bezlarining ochiq holdagi kanallari, shoxsimon-yog‘ tiqilmalari – qora husnbuzar bilan berkilib qoladi. Teridagi yog‘ni parchalanishi va yiringli infeksiya ta'siri ostida yog‘li terida, shuningdek, to‘g‘ri parvarishlash bo‘lmagan taqdirda husnbuzar toshmalari paydo bo‘ladi.
Terisi yog‘li bo‘lgan odamlar, avvalo ma'lum bir ovqatlanish rejimiga qattiq rioya qilishlari kerak. Ovqat rasionidan yog‘li nav go‘sht, dudlamalarni chiqarib tashlash lozim. Uglevodlarga boy xamirli ovqatlar va ayniqsa, shirinliklar iste'mol qilishni cheklash zarur. Qora non, tuzlangan karom, vinegretlar, olxo‘ri, chuchuk sut mahsulotlari – ichaklar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi oziqalarning barchasi iste'mol uchun tavsiya etiladi.
Kuniga bir-ikki marotaba sovun bilan issiq suvda yuvinib, so‘ngra chuchitilgan sovuq suvda (bir stakan suvga yarim choy qoshiq oshxona sirkasi yoki limon sharbati qo‘shilgan) yuvinish bilan tugatish kerak. Sovun ishlatishda, yog‘dan tozalangan terini qichishtirmaydigan (“Detskoe”, “Kosmeticheskoe”, “Russkiy les”) bo‘lishiga e'tibor qaratish lozim.
Sovun o‘rniga prostokvasha yoki kefirdan ham foydalanish mumkin. Qora husnbuzarlar ko‘proq yig‘ilib qolgan joylar (burun, dahan) sovunli spirt yoki 3 foizli vodorod perekis eritmasi, soqol olishga mo‘ljallangan sovunli krem, suyuq qatronli sovun yoki yanchilgan tuz bilan aralashtirilgan sovun ko‘pigiga bo‘ktirilgan gubka, dag‘al sochiq bilan yuvish kerak. Yuzni limon bilan artish ham foydali hisoblanadi.
Yog‘li teri juda tez yog‘ pardasi bilan yana qoplanishi sababli, kun mobaynida bir necha marotaba (yog‘lanish darajasiga qarab) yog‘sizlantirilgan, dezinfeksiyalovchi va tirishtiruvchi tarkibga ega bo‘lgan, masalan 1-2 foizli nashatir spirt eritmasi, teng miqdordagi spirt va efir, kalendula qaynatmasining (bir stakan suvga 1-2 osh qoshiq kalendula) aralashmasi yordamida artiladi. Shuningdek, yog‘li terini “Utro”, “Start” los'onlari bilan artish ham foyda beradi.
Yuz terisidagi g‘ovaklarni kichraytirish va yog‘lanishini kamaytirish uchun haftada ikki marotaba unga niqob va bug‘latmalarni yopishtirish tavsiya etiladi. Niqob bir necha tomchi limon sharbati qo‘shilgan, ezg‘ilangan tuxum oqidan tayyorlanib, teriga surtilgan niqob qurigach, suv bilan yuvib tashlanadi. Durajadan tayyorlangan niqobni (quyuq smetana holatigacha vodorod perikisda eritilgan duraja) surtish, so‘ngra qurigach, uni suv bilan yuvib tashlash foydali hisoblanadi.
Quruq o‘tlardan (shalfey, romashka, ukrop) tayyorlangan bug‘latmalar ham yaxshi ta'sir ko‘rsatadi. Buning uchun bir necha qavatdan iborat xaltachalarga solingan o‘simliklar aralashmasi qaynoq suvga 5-10 daqiqaga solinadi, so‘ngra biroz sovutiladi va siqib olingach, yuzga yopib qo‘yiladi. Teridagi yog‘ yaltirashini ketkazish va unga yoqimli tus berish uchun unga yog‘sizlantirilgan kremlar – “Snejinka”, “Snegurochka”, “Belaya noch'”, “Krasnaya Moskva”, “Moskovskiy”, “Limonniy”, “Ulibka”, “Ideal” surtish tavsiya etiladi.
Terisi yog‘li bo‘lgan odamlar vaqti-vaqti bilan shifokor-kosmetolog huzuriga borib turishlarini maslahat beramiz. Bu yerda, ulardagi shoxsimon-yog‘li tiqilmalar bartaraf etiladi, yog‘ bezlarining tonusini muvofiqlashtiruvchi quruq uqalash va fizioterapiya muolajalari o‘tkaziladi.
”Здоровье” jurnali, 1962, № 8, shifokor-kosmetolog L.M. Rozentul maqolasidan foydalanildi.