KASALLIKDAN OLDIN VA KEYIN
img description
Oldini olish va davolash usullari

Odamlar qiziq – “Siz dizenteriya haqida gapirib bermoqchimisiz? Ilgari paytlarda uchraydigan, ichaklardan qon ketish hollari endilikda uchramaydi-ku? Bu yengil kasallikka aylandi va uni uy sharoitida ham oddiy tabletkalar bilan davolash oson”, deydiganlar topiladi.

Aslida ham shundaymi? Haqiqatan, keyingi yillarda dizenteriyani yengil kechadigan va bemorni umumiy ahvoliga aytarlik yomon ta’sir ko‘rsatmaydigan holatlari uchrashi mumkin. Boshqa bir holatlarda kasallikni oyoqlarda o‘tkazib, antibiotik va sulfanilamid preparatlari yordamida boshlangan ich ketishini to‘xtatish mumkin. Lekin bu degani, kasallik ustidan g‘alaba qildim deyishga asos bo‘ladimi? Afsuski, yo‘q.

Masalan, fuqaro K.da to‘satdan ko‘ngil aynish, ich ketishi, ishtahani yo‘qolishi boshlandi. “Ovqatdan zaharlandim, shekilli?”, degan xulosa bilan biomitsin, levomitsetin kabi dorilar ichilgandan keyin ich ketishi to‘xtaydi. Ammo bir necha kun o‘tgach, yana ich ketishga boshlaydi va o‘sha dorilar qayta ichiladi. Shu tariqa, ich ketishi tanaffuslar bilan yarim yil, hatto undan ham ko‘p vaqt davom etgach, bemor shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Ana shunda, bir necha bor bajarilgan laboratoriya tekshiruvlari natijasida bemorning ichaklarida dizenteriya tayoqchasi mavjudligi aniqlanadi. Vaholanki, kasallikni o‘z vaqtida to‘g‘ri aniqlash va davolanish uchun qanchadan-qancha vaqt bekor o‘tkazildi, bemorni azob chekishiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu kasallik, dizenteriya tayoqchasini yuvilmagan qo‘llar, sabzavotlar, mevalar, pashshalardan ifloslangan mahsulotlar orqali ichaklarga tushishi orqali rivojlanadi. Ba’zan yengil darajada kechsa, ba’zida o‘ta chidamli bo‘lib, hatto kuchli ta’sir etuvchi dorilarga ham qarshi tura oladi. Shunday qilib, dizenteriyani chidamli, turg‘un shakllari yuzaga keladi. Bundan tashqari, kuchsizlangan organizmda immunitet paydo bo‘lishiga imkoniyat bo‘lmaydi va aksincha, dizenteriya tayoqchalari ta’siriga sezuvchanlik ortadi.

Bemorni o‘z bilganicha dorilarni qabul qilishi oqibatida ichakdagi foydali bakteriyalar yo‘qolib, o‘rniga xavflilarini ko‘payishiga sharoit yaratib beriladi.

Dizenteriyani boshidan o‘tkazgan bemor yarim yil (kasallikni og‘ir holatlarida yil) mobaynida har oyda bir marotaba oilaviy poliklinika shifokor ko‘rigidan o‘tishi kerak. Har chorakda bemorni yuqumli kasalliklar shifokori (infeksionist) tekshirib, uning ichaklarida dizenteriya tayoqchasi bor yoki yo‘qligi, batsilla tashuvchi bo‘lib qolmaganligiga ishonch hosil qilishi zarur. Kerak bo‘lsa, oshqozon shirasi, gijjalarni laboratoriya sharoitida tekshirishi lozim bo‘ladi. Agarda oshqozon shirasidagi kislotalik pasayib ketgan bo‘lsa, bemorga turli xil vitaminlar, ayniqsa Vit.S va V guruxi vitaminlari tavsiya etiladi.

Dizenteriya kasalligidan o‘z vaqtida to‘g‘ri davolanmagan bemorda yo‘g‘on ichakni surunkali shamollashi (kolit), oshqozon shirasidagi kislota miqdori pasaygan surunkali gastrit, ba’zi hollarda ichaklarning shilliq qavatida poliplar rivojlanishi mumkin.

Mana shuning uchun ham shifokorlar, oshqozon va ichaklarni har qanday kasalliklarida bemorlarni o‘z vaqtida qabullariga kelishlikni qayta-qayta tayinlaydilar.

(“Здоровье” jurnali, 1960, № 8, shifokor S.Xarlamova maqolasi asosida tayyorlandi)