KO‘Z VA KO‘ZOYNAK
img description
ko‘z kasalliklari

Ko‘zoynak turli maqsadlarda foydalaniladi va uni kimdir bolalikdan taqsa, kimdir keksayganda foydalanadi. Ko‘zoynak nafaqat ko‘zning ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun, balki oila va ishlab chiqarishda ko‘zni jarohatlardan, chang va ortiqcha quyosh nuridan, stanokda ishlovchi xodimlarni mayda zarrachalardan, elektrpayvandlovchilarni o‘tkir yorug‘likdan himoya qilish maqsadlarida ham ishlatiladi.

Ba’zan bemorlarni ko‘zlari birdek o‘tkirlikda ko‘rmasa (turli dioptriyada) va ushbu farq ikki dioptriyadan oshmasa, ularning mehnat qobiliyati buzilmaydi. Ammo farq yarim dioptrini tashkil qilgan holatlarda ham bosh og‘rishi, aylanishi, ko‘ngil aynashi bo‘lishi mumkin. Qizig‘i shundaki, bolalikdan ko‘zlarni ko‘rish o‘tkirligi bo‘yicha farqi 4-5 dioptriya bo‘lsa ham bolalar shikoyat bildirmasliklari mumkin. Shuning uchun, shifokorlar astigmatizmda ko‘zoynakni bolalikdan taqishni tavsiya etadilar.

Uzoqni o‘ta yaxshi ko‘rishlik – bu ko‘rishdagi kamchilik bo‘lib, bunda odam yaqinga nisbatan uzoqni yaxshi ko‘radi demakdir. Yaxshi degani, bu hali rostmana yaxshi ko‘rishlik emas. Noqulay sharoitlarda, masalan ko‘zning ichki mushaklari zaif bo‘lsa yoki falajlikka uchraganda uzoqni yaxshi ko‘radigan odam har qanday masofada ham yomon ko‘rishi mumkin.

20 yoshgacha hamma odam uzoqni yaxshi ko‘radilar, lekin yoshlar o‘zlarida uzoqni o‘ta yaxshi ko‘rish kabi patologiyani sezmasliklari va buni faqat shifokor maxsus usul va moslamalar yordamida aniqlay oladi. Ushbu toifadagi shaxslar 30-40 yoshga yetganlarida qiynalib o‘qiydilar, ularda ko‘zdan yosh oqish, chekkalarida og‘riq kuzatiladi va ko‘z oldini tuman bosgandek bo‘ladi. Ular ko‘zdagi o‘zgarishlarni o‘zlarining kasblari (buxgalter, hisoblash ishlari, korrektorlik, shtukatur, soatsoz, kompyuter operatori, soatsoz va h.) bilan bog‘lashga urinadilar. Gap shundaki, uzoqni o‘ta yaxshi ko‘ruvchi odamlar sog‘lom odamlarga qaraganda o‘zlaridagi gavharni elastikligi yo‘qolganini erta sezib qoladilar va ko‘z ichidagi mushaklarni taranglashuvi gavharning optik kuchini kuchaytira olmay qoladi, natijada ular (masalan, shofyor) uzoqni faqat ko‘zoynak orqali ko‘ra oladilar.

Shuningdek, maktab o‘quvchilarida ko‘z ichidagi mushaklar uzoq muddat taranglashganidan keyin bo‘shashmaydi va uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik (“shabko‘rlik”, “tovuq ko‘rligi”) holati yuzaga keladi. Buning sababi qattiq charchoq, xonani yaxshi yoritilmaganligi, noto‘g‘ri ish rejimi yoki organizmning umumiy buzilishlaridir. Haqiqiy shabko‘rlikdan farqli ravishda ko‘rish o‘tkirligi doimiy bo‘lmaydi va maxsus davolash yordamida bu nuqson bartaraf etiladi.

Ko‘zoynak yordamida ham tuzalmagan shabko‘rlik ko‘z olmasini tuzilishidagi o‘zgarishlar bilan birgalikda kechadi va ko‘zni ko‘rish darajasi pasayishida davom etib, ko‘zni butunlay ko‘rmasligiga olib kelishi mumkin.

Agarda shabko‘rlik yuqori bo‘lsa, shifokor ko‘zoynak oynasini asta-sekin, bosqichma-bosqich holda – kuchsiz oynakdan kuchli oynak sari almashtirish bilan ko‘zni unga moslashtirib boradi, aks holda kuchli oynak bosh og‘rig‘i, aylanishi, qusish alomatlariga sababchi bo‘ladi. Shabko‘rlikni davolashda ko‘zoynakni doimo taqib yurish lozim.

Har bir sog‘lom odamning 45-50 yoshdan keyin garchi ko‘rish funksiyasi normal bo‘lsada, ko‘zoynak taqishiga to‘g‘ri keladi. Yillar o‘tishi bilan ko‘zni turli masofaga moslashuvini ta’minlovchi tizimning elastikligini yo‘qotadi va keksalikka xos uzoqni o‘ta yaxshi ko‘rish holati yuzaga keladi. Shifokor yaqindan bajariladigan ishlar uchun ko‘zoynak belgilaydi va bunda bemorning kasbini ham hisobga oladi. Masalan, o‘qish va yozish bilan shug‘ullanuvchi kasb odamlariga ko‘zdan 25-30 sm masofada tiniq ko‘rishni, musiqachiga 50-75 sm, to‘quvchilik bilan band bo‘lganlarga 20 sm masofada yaxshi ko‘radigan ko‘zoynaklar beriladi.

Yosh o‘tgan sari, uzoqni o‘ta yaxshi ko‘rish va shabko‘rlik darajasi o‘zgarishi sababli ko‘zoynakni almashtirishga to‘g‘ri keladi.

Har bir odamga, ayniqsa astigmatizmda, shaxsan ko‘zoynak beriladi. Ko‘pchilik, ko‘zoynakdan foydalanishda faqat oynaklarni o‘zi rol o‘ynaydi, deb noto‘g‘ri tushunadi. Vaholanki, ko‘zoynak oynasini markazi ko‘zning markaziga to‘ppa-to‘g‘ri kelmas ekan foydasi yo‘q. Bunday ko‘zoynakdan uzoq muddat foydalanganda ko‘zlarda og‘riq paydo bo‘ladi. Bundan tashqari ko‘zoynak tutqichlari quloqlar ortida mahkam joylashuvi va bosh harakatlanganda sirpanib tushib ketmasligi kerak.

Ko‘pchilik hayvonlarda ikkala ko‘z turli tomonga yo‘naltirilgan: har bir ko‘z miyaga o‘zi qabul qilgan manzarani yetkazadi. Odamlarda esa ikkala ko‘z bitta narsani ko‘radi va miyaga axborot yuboriladi, ya’ni bitta ko‘zning o‘rnini ikkinchisi egallamaydi.

Ko‘z ko‘rishini quyidagi omillar buzadi:

  • spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish;
  • quyosh yorug‘ligida o‘qish;
  • himoyalovchi ko‘zoynaksiz quyoshga, elektrpayvandlashdagi olovga, cho‘g‘langan metallga tikilish;
  • g‘ira-shira sharoitda kitob o‘qish (yaxshisi, xonani umumiy yoritilishi bilan birga 40-60 vattli lampa yorug‘ida stol oldida o‘tirib o‘qish-yozish kerak);
  • yotgan yoki yonboshlagan holda uzoq payt o‘tirib o‘qish;
  • bir necha soatlab, tanaffus qilmasdan, zo‘riqib o‘qish va yozish;
  • ovqat ratsionida vitaminlarni (jumladan, vit.A) yetarli bo‘lmasligi va h.

Agarda bajarayotgan ishingiz ko‘zni uzoq vaqt toliqishini talab qiladigan bo‘lsa, har 40-50 daqiqada tanaffus qilish va yengil umumiy mashqlarni (shuningdek ko‘zlarni dam olishiga mo‘ljallangan) bajarish kerak.

”Здоровье” jurnali”, 1960, № 10, vrach S.L.Shapovalov maqolasidan foydalanildi