MЕN TO‘LISHDIMMI?
img description
Odamning tana og‘irligi va sog‘lig‘iga ta’siri haqida

Ma’lumki, ayrim odamlarni tana og‘irligi juda farqli bo‘ladi. Bir odamni og‘irligi 50 kg bo‘lsa, boshqa odamniki 100 kg va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Yevropada erkak kishini normadagi tana og‘irligi 48 kg.dan 90 kg.gacha, ayollarda esa 35 -70 kg normal holat hisoblanadi. Odamni bo‘yi ham turlicha: erkaklarda 145 sm.dan 195 sm.gacha, ayollarda bu ko‘rsatkich 10 sm.ga kamroq bo‘lishi norma deyiladi. Ba’zi hollarda, tana og‘irligi va uzunligini yuqoridagi ko‘rsatkichlardan ko‘p yoki kam bo‘lishi, organizmning normal holatini buzilishi deb qaraladi.

Albatta, tana og‘irligi va uzunligi o‘rtasida ma’lum bir normal proporsiya bo‘lishi kerakligi odamlarni qadimdan qiziqtirib kelgan. Masalan, misrliklar tana uzunligi o‘rta barmoq uzunligidan 19 marotaba uzun bo‘lishi lozim, deb hisoblaganlar. Keyinchalik Uyg‘onish davrida ko‘krak qafasini aylanma ko‘rsatkichidan tana uzunligini ayirish natijasida odamni og‘irligi va bo‘yi o‘rtasidagi normal proporsiya ekanligi aniqlangan. Ammo bu indekslarni o‘rtacha ko‘rsatkichlar deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham odamni normadagi og‘irligi qancha bo‘lishi kerak?

Tana og‘irligining taxminan 40 foizini mushaklar, 20 foizini esa odam tanasidagi suyaklar (skelet) tashkil etadi, ya’ni harakat a’zolari odamni og‘irlik ko‘rsatkichidan ikki barobardan ortiq ekan. Odamdagi mushaklar va tana og‘irlik ko‘rsatkichlari ham yaxshigina farq qiladi. Masalan, jismoniy mehnat ahllari va sportchilarning mushaklari rivojlangan, katta bo‘ladi. Kimnidir suyaklari baquvvat, yirik bo‘lsa, boshqa bir odamlarda yengil bo‘ladi. Teri osti yog‘ qatlami ham tananing og‘irligida ma’lum ahamiyatga ega: erkaklarda o‘rtacha 12 foiz, ayollarda esa 18 foizga to‘g‘ri keladi.

Odamda og‘ir va uzoq davom etgan kasallikdan keyin, tana og‘irligi teri osti yog‘ qatlami va mushaklarni hisobiga ozib, yengil bo‘lib qoladi.

Agarda odam kasallik tufayli 5 kg ozgan bo‘lsa, so‘ngra dam olish uyida hordiq (ko‘proq yotishi, kam harakatlanish, o‘yin-kulgi, asablarni xotirjamligi, sifatli ovqatlanish) chiqarsa, teri ostidagi yog‘ qatlamini hisobiga semiradi. Lekin dam olish uyidan qaytib, ishga chiqishi bilan tezda avvalgi tana og‘irligi ko‘rsatkichiga kelib qoladi. Demak, bunday semirish vaqtinchalik ekan.

Boshqa bir holatda, ya’ni odam kasallikdan tuzalgach, asta-sekin mushaklariga yuklama bersa (piyoda ko‘p sayr qilish, jismoniy badan-tarbiya mashqlarini muntazam bajarish, biron bir sport turi bilan shug‘ullanish) uning tana og‘irligi yog‘lar emas, balki mushaklarni chiniqishi oqibatida hajmi ko‘payishi natijasida ortadi.

Aslida tanani og‘irligi odamni sog‘lomligini bildiruvchi ko‘rsatkich emas, hattoki birinchi yoki asosiysi ham emas.

Bir kecha-kunduzda bizning tana og‘irligimiz o‘zgarib turadi. Organizmga tashqaridan oziqa va kislorod kirsa, undan karbonat angidrid va keraksiz moddalar chiqib ketadi. Moddalar almashinuvisiz hayot bo‘lmaydi.

Tananing har bir hujayrasidagi ish jarayoni (oqsil, yog‘, uglevodlar, minerall moddalar, vitaminlar, fermentlar, gormonlarni hosil bo‘lishi va parchalanishi) – organizmni holati va faoliyatini belgilab beradi. Tanadagi og‘riq, haroratni ko‘tarilishi, titroq, uvishish, holdan toyish va hokazolarni his qilish modda almashinuvidagi o‘zgarishlar oqibatida sodir bo‘ladi.

Modda almashinuvini pasayishi, qattiq ruhiy toliqish yoki jismoniy mehnat qilish, og‘ir kasallikni boshdan o‘tkazishdan keyin kuzatiladi. Organizmni normal holatini tiklash uchun esa hujayralardagi reaksiyalar, modda almashinuvini to‘g‘ri kechishiga yordam beruvchi sharoitlarni yaratish kerak bo‘ladi.

Modda almashinuvi doimo birdek turmaydi, balki tinch yotishda va uxlaganda pasaysa, har qanday faoliyat uni tezlashtiradi.

Ammo, odam organizmidagi bironta a’zo yo‘qki, dam olmasdan ishlaydigan bo‘lsin. Masalan, yurak ham har bir qisqarishidan keyin dam oladi. Tana a’zolarining barchasini bir maromda ishlashi normal hayot faoliyatini ta’minlaydi. Kasallik sababli bemor uzoq muddat davomida to‘shakda yotib qolsa, uning mushaklari ozib, kuchsizlanib qolishi ma’lum. Buning natijasida boshqa ichki a’zolar faoliyatida ham shunday pasayish sodir bo‘ladi, ya’ni modda almashinuvi kamayishi, teri ostidagi yog‘larni ko‘payishiga olib keladi, chunki hujayralar tomonidan oziqa moddalari to‘liq o‘zlashtirilmaydi, ya’ni qabul qilish, sarflashdan ortda qoladi va tana a’zosi kuchsizlanadi.

Shuning uchun biron-bir kasallikdan (jarohat) keyin tegishli a’zoning faoliyatini oshirish (jismoniy badan-tarbiya, piyoda sayr qilish, sport o‘yinlari) lozim bo‘ladi. Mushaklar harakatga kelgach, ichki a’zolar harakati ham jadallashadi, ishtaha ochiladi va oshqozon ichaklar faoliyati yaxshilanadi. Natijada odam o‘zini bardam va sog‘lom his qiladi, tana og‘irligi ham normallashadi.

Shuni yodda tutish lozimki, eng yaxshi tana og‘irligi – bu, siz o‘zingizni sog‘lom va tetik, kuchli, mehnat qilish qobiliyatiga tayyor deb hisoblaydigan paytingizdagi ko‘rsatkichdir.