So‘nggi kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari bo‘ylab metapnevmovirus infektsiyasi avj olayotgani hamda ushbu xastalik COVID-19dan ham xavfliroq ekani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Xo‘sh, bu axborotlar qanchalik asosli? Umuman, metapnevmovirus o‘zi qanday infektsiya? U qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi? Davolash jarayoni qanday kechadi?
SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Ikramov javob berdi:
— Metapnevmovirus avvaldan ma’lum infektsiya bo‘lib, birinchi marta 2001-yilda aniqlangan, — deydi mutaxassis. — Kasallik asosan havo-tomchi yo‘li orqali yoki ba’zi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadi hamda tarqaladi.
Mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi.
Xususan, qo‘shni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham ayni paytda o‘tkir respirator virusli infektsiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi kuzatilayotgani, shu jumladan 10 yildan buyon mamlakatda metapnevmovirus ham qayd etilayotgani ta’kidlangan.
Metapnevmovirus: xavflilik darajasi va davolash
Metapnevmovirus odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pgina hollarda bu o‘tkir respirator virusli infektsiyalarga (ORVI) o‘xshash kechadi. Ayrim hollarda esa virus bronxiolit yoki pnevmoniyaga olib kelishi mumkin.Kasallikni davolash odatda simptomatik bo‘lib, asosiy e’tibor bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratiladi. O‘ta og‘ir holatlarda esa kislorod terapiyasi yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin. Kasallanganlarning aksariyati asoratlarsiz tuzalib ketadi.
Boshqa viruslar haqida ma’lumot: Kuz-qish mavsumida nafaqat metapnevmovirus, balki boshqa virusli kasalliklar ham keng tarqaladi. Quyida eng keng tarqalgan viruslar haqida qisqacha ma’lumot keltiriladi: Gripp virusi – bu mavsumiy virus bo‘lib, ayniqsa kuz va qishda o‘zining yuqori faolligini namoyon qiladi. U asosan yuqori isitma, mushaklarda og‘riq va zaiflik bilan kechadi. Rinovirus – oddiy shamollashning asosiy sababchisi. Rinovirus burun oqishi va engil yo‘tal bilan namoyon bo‘ladi. Respirator-sintsitial virus (RSV) – asosan bolalar va keksa yoshdagilarga xavfli. Bu virus bronxiolit va hatto pnevmoniyaga olib kelishi mumkin.
Pnevmoniya va uning xavfi: Pnevmoniya nafaqat viruslar, balki bakteriyalar va zamburug‘lar tomonidan ham keltiriladi. U asosan quyidagi alomatlar bilan kechadi: nafas olishda qiyinchilik, yuqori isitma, yo‘talda shilliq yoki qon bo‘lishi.
Pnevmoniyaning oldini olish uchun: vaksinalar (masalan, grippga qarshi emlash) qabul qilish, gigiyena qoidalariga rioya qilish, immunitetni mustahkamlash tavsiya etiladi.
Qanday choralar ko‘rish lozim? Mavsumiy viruslarning oldini olish uchun quyidagilarga e’tibor qaratish zarur: qo‘llarni sovun bilan muntazam yuvish yoki antiseptiklardan foydalanish, kasal odamlar bilan muloqotni cheklash, to‘g‘ri ovqatlanish va yetarlicha uxlash orqali immunitetni oshirish, xonalarni muntazam shamollatish.
Sog‘lom turmush tarzini olib borish va profilaktika choralariga rioya qilish orqali o‘zingizni va yaqinlaringizni viruslardan himoya qiling!