Odam tanasida oqsil, uglevod, yog‘lar, vitaminlar va mineral moddalar mavjud. Minerallardan kaliy, natriy, kalsiy, magniy, fosfor, xlor turlarini ham bilamiz. Ammo olimlarning olib borgan uzoq yillik ko‘plab izlanishlari natijasida, grammlarda o‘lchanuvchi minerall elementlardan tashqari, milligrammlarda (grammlarni milliondan bir qismi) aniqlanadigan mikroelementlar ham organizm uchun zarur ekanligini aniqlaganlar. Ushbu mikroelementlar organizmning modda almashinuv jarayonlarida muhim rol o‘ynaydi.
Organizmda mikroelementlarning ko‘plab turlari – litiy, rubidiy, seziy, berilliy, stronsiy, bariy, bor, alyuminiy, lantan, kremniy, germaniy, qo‘rg‘oshin, qalay, margimush, surma, vismut, selen, tellur, ftor, brom, yod, titan, vanadiy, inobiy, xrom, molibden, marganes, temir, kobalt, nikel, mis, kumush, sink, kadmiy, simob, galliy, tulliy va hattoki oltin ham mavjudligi aniqlangan. Ushbu mikroelementlar odam tanasiga tashqi olamdan, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida ham kirib keladi. Keling, ularning ayrimlariga to‘xtalaylik.
MIS. Odam organizmida mis elementining bir sutkalik miqdori 3,5 mg. Uzoq muddat faqat sut mahsulotlari bilan ovqatlanish natijasida organizmda kamqonlik (anemiya) sodir bo‘ladi, sababi sutda misning miqdori juda kam bo‘ladi. Temir bilan mis tuzlarini birgalikda qo‘shib ishlatilsa, qondagi gemoglobin va eritrotsitlar normaga keladi. Shuningdek, tanada mis yetishmasa bo‘y o‘smaydi, sochning rangi yo‘qolib boradi, qora rangli sochlarda esa aksincha mis miqdori yetarlicha bo‘ladi. Odatda mis ko‘proq kakao, shokolad, krab, molyuskada uchraydi. Shularni hisobga olib tayyorlangan parhez ovqatlar yordamida organizmni mis mikroelementiga bo‘lgan talabini qondirish mumkin.
KOBALT. Bundan ikki asr muqaddam, avval Shotlandiya davlatida, so‘ngra boshqa mamlakatlardagi qo‘y va sigirlarni yoppasiga ovqatga bo‘lgan ishtahasi yo‘qolib, ozib-to‘zib, qoqsuyak holida nobud bo‘la boshlaydilar. O‘rganishlar natijasida, kobaltga boy bo‘lgan tog‘ teraklarining po‘stlog‘ini maydalab, ovqatga qo‘shib berilgach, bu kasallikni keskin yo‘qotishga erishilgan va buning uchun bir sutkada 20 mg kobalt berishning o‘zi kifoya qiladi. Demak, ma’lum bir o‘tloq joylardagi o‘simliklarda kobalt yetishmasligi uni iste’mol qilgan hayvonlarda anemiya kasalligini keltirib chiqargan ekan. Chunki kobalt elementi vitamin V12 tarkibiga kirishi ma’lum bo‘ldi.
Ukrainaning xarkovlik olimlari xlorli kobalt bilan qon bosim kasalligida arterial bosim darajasini pasaytirishini ixtiro qilgan bo‘lsalar, Moskvaning stomatologiya institutida 100 gramm oziq-ovqat mahsuloti tarkibida 1,0-3,5 mikrogramm kobalt mikroelementi bo‘lishini aniqladilar. Tarvuz, olma, tozalangan guruchda kobalt miqdori kam, suli uni, no‘xot, qulupnay, yertut, ko‘knori, qizil lavlagi, jigar pashteti, shokolad va ayniqsa xamirturush, kakaoda ko‘p bo‘ladi. Ushbu mahsulotlardan tayyorlangan ovqat qon bosimini maromiga keltirar ekan.
Shuni unutmaslik kerakki, ko‘p miqdorda organizmga kirgan kobalt zaharlanishga olib keladi va bunda yuz, qo‘l-oyoqlarda qizarish, ko‘ngil aynash va ishtaha yo‘qolishi, qusish alomatlari kuzatiladi.
MARGANЕTS. Ushbu mikroelement organizmdagi modda almashinuv jarayoniida ishtirok etadi va barcha a’zo, to‘qimalarda, ayniqsa suyak va jigarda ko‘p to‘planadi. Marganes oshqozon osti bezidan ajraluvchi insulin moddasiga ta’sir ko‘rsatib, qondagi shakar miqdorini kamaytiradi hamda jigarda glikogen yig‘ilishiga ko‘maklashib, yog‘ bosishini kamaytiradi. Shu bilan birga marganes organizmda V1 vitamini miqdorini kamayishini oldini oladi, suyakdagi modda almashinuvida qatnashadi va qondagi gemoglobin miqdorini oshiradi.
Ko‘p miqdordagi marganes bo‘y o‘sishini to‘xtatib, suyaklarda o‘ziga xos “marganes raxiti”ni keltirib chiqaradi hamda jigar sirrozini keltirib chiqarishi va markaziy asab tizimini buzilishiga ham olib kelishi mumkin. Odamni marganetsga bo‘lgan ehtiyoji taxminan 7 milligramm bo‘lib, kundalik iste’mol qilinadigan ovqatlar tarkibidagi miqdor bilan qoplanadi.
FTOR. Odam organizmining barcha a’zolari va to‘qimalarida bo‘ladi, ayniqsa suyaklarda, tishda, shuningdek spermada ko‘p bo‘ladi va modda almashinuvida ishtirok etadi. Oziq-ovqat mahsulotlari va suvda (1 litr suvda 0,5 milligrammdan kam)kam miqdorda uchrasa tishlarda kariyes (yemirilish) yuzaga keladi. Agarda ftorning suvdagi miqdori ko‘payib ketsa, ushbu xududda endemik flyuoroz kasalligi (tishlarning emal yuzasida sariq dog‘lar paydo bo‘ladi) kuzatiladi.
STRONSIY. Ushbu mikroelement ham barcha a’zolar va to‘qimalarda kalsiy elementi bilan birgalikda, ayniqsa suyaklarda ko‘p uchraydi. D vitamini suyaklardagi kalsiy miqdorini ko‘paytiradi, ammo tishlardagi miqdoriga ta’sir ko‘rsatmaydi. Organizmda stronsiy miqdorini yetishmasligi fermentlar (enalaza) faoliyatiga ta’sir ko‘rsatib, oqsilning parchalanishini kamaytiradi. Stronsiy elementini miqdori tnada ko‘payib ketsa, suyaklarda raxitdagi kabi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
(“Здоровье” jurnali, 1959, № 4, A.E. Sharpenak maqolasidan foydalanildi)