Modalar (odat) ortidan ko‘r-ko‘rona ergashish, ba’zan odamning sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilishi mumkin.
Eng oddiy va ko‘p uchrashiga misol qilib quyosh nuridan kuyishni keltirish mumkin. Sababi, haddan ortiq quyosh vannasidan foydalanishdir. ......quyosh nuridan zararlanishda ko‘pincha ko‘ngil aynash,tana haroratini ko‘tarilishi, bosh og‘rishi kuzatiladi. Terida oldiniga puffakchalar paydo bo‘lib,yoriladi, bitganidan keyin ba’zan chandiq ham qolishi mumkin. Albatta, me’yorida quyosh nurida toblanish odam tanasiga foydali hisoblanadi.
Yana bir misol, kuz va qish oylarida yosh xotin-qizlarning boldir terisida qattiq ko‘kimtir-qizillik paydo bo‘lib, qattiqlashgan teri ostida kengaygan mayda qon tomirlar va ko‘kimtir tugunchalarni ko‘rish mumkin. Ushlaganda, oyoq muzdek ekanligi aniqlanadi. Bularning barchasiga sabab, sovuq ob-havoda yosh-yalang qiz-juvonlarni kalta yubka, yupqa kiyim va paypoq hamda ochiq tuflida yurishni odat qilganlaridir. Ushbu ikki tomonlama boldir teri kasalligiga eritrotsianoz deb nom berilgan va uning ro‘y berishida nafaqat uzoq muddat sovuq havo ta’sirida bo‘lish, balki ayollar jinsiy bezlari faoliyatidagi o‘zgarishlar ham o‘rin tutadi.
Kasallikni oldini olish qiyin emas. Buning uchun organizmni asta-sekin chiniqtirib borish, jismoniy badan tarbiya mashqlari, suv muolajalarini bajarish lozim. Xotin-qiz lar sovuq havoda uzun issiq yubka, shim, issiq sherst paypoqlar, issiq oyoq kiyimdan foydalanishlari kerak. Agarda kasallik boshlanishga ulgurgan bo‘lsa, shifokorga murojaat qilib, uning tavsiyalarini bajarish lozim.
Ayniqsa, yoz paytlari odamlar orasida suv sporti saroylari, suv havzalari, basseynlarda cho‘milish keng tarqalgan va bularning barchasi foydali. Ammo bunday sharoitda ham kasallanish mumkin. Zero, aksariyat odamlarda, hatto biron marotaba teri kasalligiga uchramagan odamlarda ham oyoq barmoqlarining orasida va tirnoqlarda mayda zamburug‘lar, ya’ni epidermafit in qurishi mumkin. Ushbu zamburug‘lar suv va umuman namlikni yaxshi ko‘radi – faollashadi, ko‘payadi va epidermofitiya kasalligini keltirib chiqaradi. Odatda, ushbu zamburug‘lar odamni bezovta qilmaydi, lekin kasallik avj olganda, oyoq barmoqlari orasida terini po‘st tashlashi, puffakchalar paydo bo‘lishi, qizarib, qichishish yuzaga keladi.
Epidermofitiya qishda odamni bezovta qilmaydi, lekin yoz kunlari boshlanishi bilan yana qaytalanadi. Ba’zan oyoqlarini tez-tez yuvib, parvarish qilmaydigan, yuvinib bo‘lgach, barmoqlar orasini sochiq bilan quriguncha artmaydigan odamlarda ham epidermofitiya rivojlanadi, chunki zamburug‘lar paypoqlar ichidagi issiqlik va namlikni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ham epidermofitiya hammom va basseynda faoliyat yurituvchi xodimlarda ko‘proq uchraydi.
Gohida yosh xotin-qizlar sochlari yomon o‘sishidan shikoyat qiladilar. Nima uchun? Ma’lum bo‘lishicha, tizimli ravishda sochlarini sun’iy usulda jingalak qilish modasi ekan. Bosh terisi quruq va qazg‘oqli bo‘lgan ayollar uchun sochlarni jingalak qilish zararlidir. Issiq va sovuq jingalak qilish, oxir-oqibat sochlarni quritadi va soch tolalarini sinuvchan, mo‘rt qilib qo‘yadi. Agarda bosh terisi quruq bo‘lsa, soch to‘kilishi mumkin. Aksincha, bosh terisi yog‘li bo‘lsa, jingalak qilish bezarar bo‘ladi. Bosh kiyimni sochlarga aloqasi bormi?
Bosh kiyim tor bo‘lib, siqib turadigan yoki sochlarini siqib bog‘lab oladigan ayollarda sochni o‘sha yerda kamayishi kuzatiladi. Sochni siqib tang‘ib yurish odati, dastlab Grenlandiyadv tarqalib, “ot dumi” (yoki ”grenlandiya alopetsiyasi”) deb atalgan. Asosan, boshni peshona-chakka qismidagi teri osti qavati yupqa bo‘lgani uchun tarang qilib tortilgan soch tolasi to‘kilishga moyil bo‘ladi va shu yerdagi soch so‘rg‘ichlarini oziqlanishi buziladi.
Ma’lum bir vaqt o‘tib, soch turmaklash modasi o‘zgargach, sochni o‘sishi yana yangilanadi. O‘z o‘rnida, sochlarni bo‘yash modaga kirganini ham aytish mumkin. O‘simlik bo‘yoqlaridan (xina, basma, moychechak va hokazo) foydalanish usuli bezarar hisoblanadi. Shuningdek, tarkibida oltingugurt va qo‘rg‘oshin bo‘lgan bo‘yoqlar, agarda ulardan uzoq payt davomida hamda tarkibida simob bo‘lgan kosmetik malham va kremlar bilan bir vaqtda qo‘llanilmasa) ham zararsiz.
Ayniqsa, ursol aralashgan bo‘yoqlarni ishlatish mumkin emas. Xulosa shuki, sochlarni bo‘yash qanday bo‘lmasin (hatto o‘simlikdan tayyorlangan bo‘lsa ham), uzoq muddat ulardan foydalanish zararlidir va sochlarni mo‘rt bo‘lib sinishiga olib keladi.
Ko‘pchilik ayollar deyarli har kuni lablarini pamada yordamida bo‘yash va tirnoqlarini laklashga odatlanganlar. Bilingki, ularning har ikkisi ham shamollash jarayonini keltirib chiqaradi. Masalan, Angliyada kosmetika vositalarini qo‘llashdan sodir bo‘lgan teri kasalliklarining deyarli yarmi lab pomadasi bilan bog‘liq bo‘lsa, AQSHda bunday kasalliklarni uchdan biri tirnoqlarni laklashdan keyin kelib chiqadi. Pomada tarkibiga kirgan bo‘yoqdagi eozin, terini quyosh nuriga bo‘lgan sezuvchanligini orttiradi. Lab pomadasi bo‘yoq tarkibidagi karmin esa kamdan-kam holda kasallikni keltirib chiqarishi mumkin.
Ba’zida barmoqlardagi tirnoqlarni laklash natijasida nafaqat tirnoqda, balki ko‘z atrofi, qovoqlarni zararlanishiga olib keladi. Chunki barmoqlar bilan ko‘zni ishqalash orqali lakni o‘ta sezgir qovoqlar terisiga surtish mumkin. Shu sababli qovoqlar terisida uchraydigan ekzemani tirnoqlardagi laklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini hisobga olish kerak.
Kosmetik vositalar bilan bog‘liq kasallik yuz berganda, darhol undan foydalanishni to‘xtatish va shifokorga murojaat qilish lozim.
Keyingi yillarda oilaviy-maishiy sharoitda nikellangan buyumlardan (ko‘ylak, shim bog‘ichlaridagi ilgaklar, qisqichlar, nikellangan kamar to‘qasi, qulflar,qo‘l soatining zanjiri, nikeldan qilingan bezaklar – qisqichlar, ziraklar) teri kasalliklari (dermatit) kelib chiqishi mumkin.
Sintetik kiyim-kechaklarni kiyganda, ba’zan ularga ishlov berishda ishlatiladigan aero bo‘yoqlar teriga ta’sir qilib, qizartirishi mumkin. Terini shamollashi shuningdek, neylon, kapron yoki perlon uzun va qisqa paypoqlardan foydalanishda ham ro‘y berishi kuzatilgan. Shuning uchun ushbu kosmetika buyumlarini har kuni ishlatilgandan keyin yuvish kerak.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar, albatta moda kiyimlari, sochni turmaklash, moda materiallarini tanlash istaklari bilan bahslashmaydi. Aksincha, har qanday modaga ko‘r-ko‘rona ergashmasdan, sog‘liqni asrashda g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga e’tiborni qaratadi, xolos. Ayniqsa, terisi har xil tashqi ta’sir vositalariga sezgirligi yuqori bo‘lgan odamlar uchun xotirasida tutish ahamiyatlidir.
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 3, prof. L.N.Mashkillayson maqolasi asosida tayorlandi)