NЕGADIR QULOG‘IM SHANG‘ILLAYDI
img description
Quloqdagi shovqinlarning turli sabablari va ularni davolash usullari haqida ma’lumotlar.

Quloqlarda bo‘ladigan shovqin eshitishni bo‘g‘adi va aksariyat hollarda mehnat qobiliyatini ham pasaytiradi. U qisqa muddatli yoki vaqti-vaqti bilan takrorlanib, sokinlikda kuchayadi.

Uning xarakterli jihatlari ham turlicha – ba’zi odamlar uni o‘rmondagi shuvillashga o‘xshatsalar, boshqa birlari dengiz to‘lqinlarini mavjlanishi, chirildoqlarni chirqillashiga o‘xshatadilar. Bunday yoqimsiz hislarni sababi nimada?

Ko‘p hollarda odamlarni quloq yaqinidagi qon tomirlar devorini titrashi (vibratsiya) natijasida sodir bo‘ladigan, “qon tomir shovqinlari” beovta qiladi. Bu kabi shovqinlar har bir odamda bo‘ladi, lekin biz ularni eshitmaymiz. Odam tug‘ilishidan boshlab ularga ko‘nikma hosil qilgan va o‘ziga qabul qilmaydi. Ammo quloqdagi shovqinlar o‘rta quloqni yiringli yallig‘lanishida, quloqdagi chandiqlar, uni kirlanib qolishi va boshqa kasalliklar bilan ham bog‘lash mumkin.

Qon tomirlardagi shovqin ba’zida bo‘yin qon tomirlarini kengayishi (anevrizma), qalqonsimon bezni kattalashuvi, bo‘yindagi o‘smalar natijasida ham kelib chiqadi.

Shuningdek, quloqdagi shovqindan ateroskleroz, xafaqonlik, kamqonlik kasalligiga chalingan bemorlar ham shikoyat qiladilar. Ushbu kasalliklardagi shovqinni asosiy kasallikni davolash orqali to‘liq yoki qisman bartaraf qilish mumkin.

Yuqorida aytilgan shovqinlar haqiqatda mavjuddir, ammo ba’zida shovqinlar subyektiv xarakterga ega bo‘ladi. Gohida bemorlar eshituv nervi uchlarini ta’sirlanishi bilan bog‘liq quloqdagi shovqin va jaranglashlarni his qiladilar. Ular eshituv nervini o‘smalardan ezilishi, zaharli moddalar (margimush, simob) hamda ba’zi bir dori preparatlardan (xinin, salitsil kislota preparatlari) ta’sirlanishi sababli kelib chiqishi mumkin.

Shovqinlar yuqumli kasalliklarda (toshmali va qorin tifi, gripp, tepki (“svinka”), qizilcha kasalligi (“skarlatina”), qizamiq) ham paydo bo‘ladi. Bunda, mikroblarning zahari (toksin) to‘g‘ridan to‘g‘ri eshituv nerviga ta’sir etishidan sodir bo‘ladi.

Quloqdagi shovqinlarning sabablari turli xil bo‘lgani uchun ularni davolash va profilaktika usullari ham o‘zlariga xos ravishda bo‘ladi.

Qon tomirlarni organik o‘zgarishlarida - anevrizma, bo‘yindagi o‘sma, qalqonsimon bezni kattalashuvi, bo‘qoq – jarrohlik amaliyoti qo‘llaniladi. Yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq quloqdagi shovqinlarni ichki kasalliklar shifokori (terapevt) davolaydi.

Quloqdagi ko‘plab shovqinlar uzoq muddat davomida otolaringolog tomonidan davolanishlari talab etiladi. Ushbu maqsadda, ko‘pincha fizioterapiya muolajalar – diatermiya, Darsonval toki, kalsiy xlorid bilan bajariladigan Sherbak bo‘yicha yoqa, so‘rg‘ichsimon sohaga qon tomirlarni kengaytiruvchi dori vositalari in’eksiya qilinadi.

Ta’kidlash lozimki, quloqdagi shovqinlarni bartaraf etish, ham bemor, ham shifokor tomonidan sabr va iroda kuchi ko‘rsatilishini talab etadi.

Здоровьеjurnali, 1961, № 2, t.f.n. N.A.Vasilev maqolasidan foydalanildi.