Odam organizmini yaxshi rivojlanishi uchun nafaqat yetarli miqdor va sifatga ega bo‘lgan ovqat, balki uni tanavvul qilish vaqti ham ahamiyatlidir. “Kechqurun, yotishdan avval to‘yib ovqatlanma”, degan shifokorning gapi ko‘pchilikka ma’lum. Ammo, baribir ba’zilarda “nima uchun?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Tibbiyot ma’lumotlariga ko‘ra, barcha a’zolar qatorida, oshqozon va ichaklarning faoliyatini ham bosh miya asab tizimi idora qiladi. Ovqat yeyish boshlangan dastlabki daqiqalarda bosh miya hujayralarida qo‘zg‘alish kuzatilsa, so‘ngra uning o‘rnini tormozlanish (pasayish) jarayoni egallaydi. Chuqur uyqu paytida tanadagi barcha a’zolar, tizimlardagi fiziologik jarayonlar sekinlashadi, jumladan oshqozon-ichaklarda ovqatni hazm qilish uchun soklarni ajralishi, ichaklarni harakatlanishi sustlashadi. Natijada ko‘p tanavvul qilingan ovqat oshqozonda turib qolib, hazm bo‘lishi qiyinlashadi. Gorizontal holatda uxlayotgan odamda oshqozon ovqatga to‘la holatda bo‘lsa, chuqur uyqu bo‘lmaydi, turli xil tush ko‘rishlar kuzatiladi, ko‘krak qafasi va diafragmani harakatlanishi cheklanib, yurakni bir maromda ishlashini buzadi (og‘riqlar paydo bo‘ladi). Agarda muntazam ravishda ko‘p ovqatlangan holda uxlash, odatga aylanib qolsa, boshqa a’zolar, jumladan bosh miya, jigar, o‘t xaltasi, oshqozon osti bezi kabi a’zolar faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ba’zi odamlar, kechki ovqatni uxlashdan 4-5 soat oldin iste’mol qilgan hollarda, uyquga yotishdan avval qorinlari ochib qoladi va o‘zlarini noxush sezib, oshqozoni “tatalay” boshlaydi. Bunday holatlarda, uxlashdan bir yoki yarim soat oldin bitta olma, bir stakan ivitilgan qatiq (prostokvasha), bir kunlik qatiq (kefir) yoki ozgina shakar solingan kisel ichib yotish tavsiya etiladi. Toza havoda kechki piyoda sayr qilish ham ovqatni hazm bo‘lishiga yordam beradi.
(“Здоровье” jurnali, 1959, № 4, P.L.Isayev maqolasi asosida tayyorlandi)