O‘t qopidagi toshlar asta-sekin paydo bo‘ladi va har doim ham og‘riqlar bilan kechmaydi. Agarda organizmda biron-bir infeksiya o‘chog‘i bo‘lsa, o‘t qopida shamollash (xoletsistit) jarayonini boshlab berishi va unda o‘t toshlari yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
O‘t qopida toshlarni paydo bo‘lishida asosan uchta modda ishtirok etadi: yog‘ moddasi bo‘lgan xolesterin, o‘t pigmenti – bilirubin va kamdan-kam hollarda ohak tuzlari. Mabodo o‘t qopidagi o‘t quyuqlashsa, mayda donachalar holida cho‘kadi va uning atrofida xolesterin hamda boshqa kimyoviy moddalar to‘planib tosh hosil qiladi.
O‘t qopiga infeksiya ichaklar orqali tushadi va bunda asab tizimi hamda qabziyatning ahamiyati katta. Ichaklar va o‘t qopining bo‘yin qismidagi mushaklarning spazmi natijasida o‘t qopida turib qolgan o‘t quyuqlashib, cho‘kadi.
O‘t tosh kasalligi kamharakatli odamlar, aksariyat aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar, xomilador ayollarda uchrashi aniqlangan. Darhaqiqat, qishloq aholisi o‘rtasida o‘t qopi tosh kasalligi, shaharliklarga nisbatan kam uchrashi kuzatiladi. Chunki ular ochiq tabiat sharoitida jismoniy mehnat qilib, ho‘l meva va sabzavotlardan yetarlicha iste’mol qiladilar.
O‘t qopi tosh kasalligini oldini olish yoki qaytalanishini bartaraf qilish uchun shifokorning tavsiyalariga amal qilishlari juda muhim hisoblanadi.
Semirish, ateroskleroz, qandli diabet, xoletsistit kasalliklaridagi profilaktika tadbirlarida, ovqat iste’mol qilishning ahamiyati yuqori ekanligini ta’kidlagan holda, nafaqat ovqatlanishni keskin kamaytirish, balki u yoki bu ovqatdan voz kechish katta rol o‘ynaydi. Eng asosiysi, fiziologik jihatdan ovqat miqdori har bir odamning yoshi va kasbiy ehtiyojiga mos kelishi lozim.
Nima uchun o‘t tosh kasalligi yetuk yoshdagilar va keksalarda ko‘p uchraydi? Sababi, pensiyaga chiqqan odam, ishlab yurgan paytidagi ovqat iste’mol qilish darajasini, ishdan bo‘shagandan keyin ham o‘zgartirmasligidir, ya’ni ovqat qabul qilish, uning sarflanishidan ustun bo‘lib qoladi.
Xoletsistit va o‘t qopi tosh kasalligini oldini olishda kundalik nonushta, tushlik va kechki ovqatni o‘z vaqtida, belgilangan soatlarda qabul qilish muhim hisoblanadi. Shunda, oshqozon, ichaklar, o‘t qopi, jigar faoliyati tartibli bo‘ladi va o‘t qopidan o‘tni oqib chiqishi normal holda kechadi.
Tik turgan holatdagi odamda o‘t qopidagi o‘tning konsentratsiyasi yuqori bo‘ladi, uni to‘planib qolmasligi uchun xomilador ayollar ozgina ovqat tanavvul qilib, so‘ngra 10-15 daqiqa yotishlari kerakligi tavsiya etiladi. Bunday sharoitda, o‘t qopidagi o‘tni yengil ajralib chiqishiga imkon yaratilgan bo‘ladi.
Xoletsistitga uchragan bemorlarda kasallik xurujini qayta takrorlanishini oldini olish uchun shifobaxsh ovqatlarga e’tiborni qaratish lozim:
O‘t qopini turli jarohatlanishlardan ehtiyot qilish uchun maxsus bandajlardan foydalanish lozim.
Kasallikdan tuzalgach, vaqti-vaqti bilan shifokor bilan maslahatlashib turish va uning tavsiyalariga amal qilish zarur. O‘t qopi tosh kasalligida shifokor tavsiyalariga amal qilinmasa, oxir-oqibat o‘t qopini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash chorasi ko‘riladi.
”Здоровье” jurnali, 1962, № 8, prof. L.S.Shvars maqolasidan foydalanildi.