OYOQLARNI PARVARISH QILING
img description
Oyoqlar parvarishi

OYOQLARNI PARVARISH QILING

Kechqurun ishdan qaytgan har qanday odam oyoqlarida charchoqni his qiladi. Oyoqlarni jarohatlanishi – shilinish, ishqalanib yara-chaqa, qadoq bo‘lish – bularning barchasi arzimas bo‘lsada, birmuncha noqulaylik, tashvish keltirib chiqaradi.

Bularning hammasini oldini olish unchalik qiyin emas. Har kuni oyoqlarni suvi xona haroratida yoki iliq bo‘lgan vannada yuvish lozim. Bunday oyoq vannalari, ayniqsa iliq suvga ozgina tuz va bir osh qoshiq ichimlik sodasi solingan tog‘orada bajarilsa, oyoqlardagi charchoq hislari yo‘qoladi va qon aylanishi yaxshilanadi, chiniqish uchun ma’qul vosita bo‘ladi. Vanna qilingan oyoqlarni, jumladan barmoqlar orasini sochiq bilan artib, “Sport” yoki “Plastina” kremlaridan surtib, pastdan yuqoriga (barmoqlardan son tomonga) uqalanadi.

Kechasi oyoqlar yaxshi dam olishi uchun oyoq tomondagi to‘shak tagiga qalinroq odeyalni to‘shab qo‘yilsa, oyoqlar balandroq holatga ega bo‘ladi. Ertalab, kundalik jismoniy badan-tarbiya mashqlarini bajarishda oyoqlar uchun alohida mashqlarni (masalan, oyoq panjalarini galma-galdan o‘ng va chap tomonga aylantirish, barmoqlar bilan gilam ustidagi dastro‘molni bir necha marotaba olib-qo‘yish) bajarish lozim.

Agarda boldir mushaklari yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa, “oyoq uchida yurish” mashqini bajarish, sog‘lig‘i ko‘tara oladigan odam velosiped, konki uchishi, suvda suzishi mumkin.

Mabodo oyoqdagi vena qon tomirlarini kengayishi tufayli oyoqlar shishadigan bo‘lsa, ertalab va kechqurun, uxlashdan 1-1,5 soat oldin 3-5 daqiqa davomida yotgan holda jismoniy mashqlarni bajarish tavsiya etiladi: “velosiped”, oyoqlarni ko‘tarish va tushirish, kamroq yurish, ko‘proq o‘tirib ishlaydigan odamlar esa oyoqlarini tagiga biron-bir stulcha qo‘yib, ko‘taribroq o‘tirishlari foydali hisoblanadi.

Oyoq panjalari vaqtinchalik biron sababga ko‘ra (ko‘p piyoda yurish, jismoniy zo‘riqish) shishadigan bo‘lsa, tuzli eritmaga namlangan marlini panjalarga qo‘yish yaxshi samara beradi. Muolaja paytida oyoqlar balandroq ko‘tarilgan bo‘lishi kerak.

Oyoqlar ko‘p terlaydigan bo‘lsa, kaliy permanganat eritmasi solingan nim pushti rangdagi suvda vanna qilish tavsiya etiladi (eritma bir marotabali qilib tayyorlanadi). Oyoqlar terisini quritish uchun limonli sok yoki oyoq terlashini bartaraf qiluvchi “qalam”dan surtish mumkin.

Ko‘pincha oyoqlarni tovonida, barmoqlar orasida paydo bo‘luvchi qadoqlar yurishda qiyinchiliklar tug‘diradi. Qadoqni 7-8 kun ichida yo‘qotish mumkin. Buning uchun, oldindan oyoqni sovun-sodali (1-2 choy qoshiqdagi sodani 1 litr suvga) issiq vannada bug‘latiladi, so‘ngra qadoqni ustiga issiq bo‘lmagan holdagi, qirg‘ichdan chiqarilgan xom kartoshka, kichikroq aloe bargi yoki 6 foizli oshxona sirkasiga ho‘llangan non mag‘zi yopishtiriladi. Atrofdagi sog‘lom teriga ta’sir ko‘rsatmasligi uchun faqat qadoqning usti yopiladi. Qadoq oqargach, yana sovunli issiq suvda vanna qilinadi, so‘ngra qadoq olib tashlanadi. Agarda qadoqni tagida chuqurcha hosil bo‘lsa, demak qadoq butunlay yo‘qotilgan bo‘ladi.

Agarda yuqoridagi tavsiyalar yordam bermasa, shifokorga ko‘rinish tavsiya etiladi.

Ba’zan oyoq tirnog‘i ichki tomonga o‘sib, yurishda og‘riqlarni keltirib chiqaradi. Bunday tirnoq, ayniqsa uni qaychi bilan yon tomonidan chuqur, kalta qilib olish, barmoqlarni bir-biriga yopishtirib qo‘yuvchi tor poyafzalni kiyish natijasida ham hosil bo‘ladi. Ba’zan boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin: yassioyoqlik, bosh barmoqni haddan ortiq kattaligi, o‘ta bo‘rtgan yoki yassi shaklda bo‘lgan tirnoq, jarohatlanish yoki sovqotish bilan bog‘liq tirnoqdagi oziqlanishni buzilishi.

Ichkariga o‘sib ketgan tirnoqdan qutilish uchun uni barmoq chegarasidan o‘sib chiqishiga imkon berish kerak. Buning uchun barmoqning yumshoq to‘qimasi va tirnoq orasiga har kuni rivanol eritmasiga ho‘llangan yoki 5-10 foizli sintomitsin emulsiya yoxud 1-2 foizli biomitsin malhami surtilgan bint (yoki paxta) pilikchasini qo‘yish kerak.

Ayniqsa, poyafzal uzun va qisqa paypoqlar oyoq panjasini shakliga, yurish paytidagi o‘zgarishlarga mos bo‘lishi lozim. Poyafzalni o‘lchami, oyoq panjasining o‘lchamiga to‘g‘ri kelishi kerak.

Har qanday poyafzal (ayniqsa uchlik), oyoq barmoqlarini qisib, undagi qon aylanishini buzilishi, qonni turib qolishi, terlashi, sovuq qotishi natijasida tirnoqni ichkariga o‘sishiga sababchi bo‘ladi.

Yozda, yaxshisi ochiq tipdagi oyoq kiyimi (“bosonojka”), qishda esa teridan tayyorlangan, ichki tomoni sherst yoki jun patakli bo‘lgani durust.

/”Здоровье” jurnali, 1962, № 6, shifokor-kosmetolog I.I.Kolgunenko maqolasidan foydalanildi/.