Teri organizmda murakkab a’zo hisoblanib, bir qator funksiyalarni bajaradi: sezish, modda almashinuvida (gaz almashinuvi, ajratib chiqarish, tana haroratini birdek ushlab turish) ishtirok etish.
Teri uch qavatdan (epidermis, asl teri va teri osti yog‘ qatlami) iborat. O‘z o‘rnida ustki epidermis 5 qavatga ega va doimo yangilanib turadi. Pastki o‘suvchi qavatda esa yangi hujayralar rivojlanadi. Ushbu teri qavatlari pastdan yuqoriga surilib, eng ustki qavati po‘stloq tangachalari sifatida halok bo‘lib, biz sezmagan holda ko‘chib tushishda davomli bo‘ladi.
Teri o‘zgarmas emas va doimo o‘sib, ustki “to‘ni”ni yechib, yangi baquvvat hujayralar hisobiga almashinadi. Agarda teri kasallansa, uning funksiyalarini ishi ham buziladi.
Tangachasimon temiratki (psoriaz) kasalligida teri qotib, dag‘allashuvi o‘zgaradi. Temiratki joylashgan teri joylarida jarayon tez kechgani sababli epidermisning yuqori qavati qotishga ulgurmaydi va oq-kumushsimon tangachalar paydo bo‘ladi. Ular tushib ketgach, o‘rniga yangilari yuzaga keladi.
Kasallikni avj olgan paytida ustma-ust qoplangan tangachalar qizil-pushti halqa bilan o‘raladi. Agarda bu tangachalar ko‘chirilib ko‘rilsa, uning ostidagi nozik parda va uni tagida mayda qontalashgan qavatni ko‘rish mumkin. Demak, kasallik jarayoniga nafaqat qon tomirlari bo‘lmagan epidermis, balki qon tomirli asl teri ham jalb etilar ekan.
Tangachasimon temiratki odatda o‘rta yashar odamlarda uchraydi, keksalar va bolalarda nisbatan kam aniqlanadi.
Temiratki toshmalari ko‘pincha boshda, yuzda hamda tirsak va tizza atrofida, ba’zan esa dumba, ko‘krak, kuraklar, qorin terisida paydo bo‘ladi. Toshmalar uzoq yillar davomida bir necha joyda joylashgan bo‘ladi, gohida bu jarayon butun tanani qoplashi ham mumkin.
Psoriazning yana bir shaklida toshmalar bilan birga kaft va panjadagi mayda bo‘g‘imlarda og‘riq sezgilari kuzatilib, revmatizmni eslatadi, tana harorati ko‘tarilib, ishtaha yo‘qoladi va quvvatsizlik kuzatiladi. Ushbu kasallik holati tezda o‘tib ketadi, ammo surunkali tus oladi.
“Temiratki”ning boshqa shakllaridan farqli ravishda, psoriaz yuqimsiz kasallikdir. Shunga qaramasdan, psoriaz yaqin qarindoshlar orasida ham tez-tez uchraydi (garchi ular alohida, ba’zan boshqa shaharda yashasalar ham). Demak, yaqin qarindoshlar orasida modda almashinuvi birdek bo‘lish ehtimoli bo‘ladi.
Tangachasimon temiratki faqat terining kasalligi deb qarash noto‘g‘ri, balki ichki a’zolar, umuman butun organizm bilan bog‘liq jarayondir. Shu sababdan tangachasimon temiratkining profilaktika va davolashda ichki a’zolar, asab tizimi, modda almashinuvi, ichki sekretsiya bezlari kasalliklarini oldini olish, o‘z vaqtida ularni bartaraf etish lozim.
Psoriazni kelib chiqishi yoki toshmalarni qaytalanishida asab tizimini ahamiyati katta hisoblanadi. Taniqli rus dermatologi A.G.Polotebnov tangachasimon temiratkini qon tomir nervlari funksiyasini buzilishi natijasi, deb hisoblagan. Asabni qattiq buzilishi oqibatida teridagi bezlarni oziqlantiruvchi mayda kapillyarlarni idora qiluvchi nervlarning faoliyatini o‘zgarishi bilan bog‘liq holda teridagi bezlarning ishi yomonlashadi. Haqiqatan ham psoriaz toshmalari kuzatilgan joyda ter va yog‘ni ajralishi bo‘lmaydi. Toshmalar yo‘qolgach, ter va yog‘ ajratib chiqaruvchi bezlarning faoliyati ham tiklanadi.
Psoriazdagi toshmalar ko‘paygan paytda, bemorni sog‘lom terisiga ozgina mexanik ta’sir ko‘rsatilsa, shu yerda ham kasallik toshmalarini paydo bo‘lishi, qon tomirlar nervini ishi buzilganidan darak beradi.
Psoriazni oldini olish uchun mehnat va dam olish rejimiga qat’iy rioya qilish, ko‘proq ochiq havoda bo‘lish, qishda va yozda jismoniy madaniyat va sport bilan shug‘ullanish, artinish – xullas, asab tizimini mustahkamlash va organizmni chiniqtirish zarur.
Albatta, kasallikni shakli va bosqichlariga qarab, dermatolog tegishli dorilar, malham va vannalarni tavsiya etadi. Organizmning umumiy holatini yaxshilash maqsadida, shuningdek brom, kalsiy, margimush preparatlarini tayinlaydi, gohida gormonal preparatlarga qo‘l uradi.
Psoriazda laboratoriya tahlillari bemorni qonida yog‘lar miqdori oshganligini ko‘rsatadi. Kasallikni qaytalangan paytida organizmda moddalar almashinuvi kuchayadi, jarayon orqaga qaytgach pasayadi. Shuning uchun tangachasimon temiratkida va umuman hamma odam ko‘p ovqat yemasliklari bilan birga o‘zlarini ovqatdan siqmasliklari kerak. Ovqat ratsioni to‘yimli, sifatli bo‘lib, mol yog‘i ko‘p miqdorda iste’mol qilinmasligi lozim.
Shu bilan birga, organizm uchun S, A, V1, V12 vitaminlari, fizioterapiya muolajalari va oltingugurtli kurortlarni foydasi yaxshi yordam beradi.
Tropik iqlim mamlakatlarida kuchli quyosh radiatsiyasi ta’sirida psoriaz juda kam uchraydi va ba’zan, sovuq iqlimli o‘lkalardan kelgan bemorlardagi psoriaz ham deyarli yo‘qolib ketadi. Umuman olganda yoz faslida bemorlarni ahvoli ancha yaxshi bo‘ladi va shu sababdan oftobda toblanish, suv havzalarida cho‘milish foyda keltiradi. Ammo psoriazni yozgi shakli borligini ham unutmaslik va quyosh nuridan saqlanish kerak. Psoriaz kasalligiga chalingan bemor dermatolog kuzatuvida bo‘lishlari lozim, chunki kasallikni xarakteri o‘zgarishi bilan davolash muolajalari ham o‘zgaradi.
Yengil ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, tizimli ravishda organizmni chiniqtirish – bularning barchasi teri kasalliklaridan himoyalovchi omillardir.
"Здоровье" jurnali, 1962, № 3, prof. L.N.Mashkilleyson maqolasidan foydalanildi.