QABZIYAT
img description
Qabziyatning sabablari va davolash usullari

Qabziyatga (ich qotishi) uchragan odamlar, odatda shifokorga murojaat qilmaydilar va buni kasallik deb hisoblamaydilar, chunki bu holat oldiniga kishini bezovta qilmaydi. Agarda odamdagi ich qotish holati 24 soatdan oshsa, uning sabablarini aniqlash va qabziyatni davolash uchun shifokorga uchrashi tavsiya etiladi. Qabziyat surunkali tus olganda, bemorni qornida og‘riq, quldirash, yel to‘planishi bilan birga, umumiy holsizlanish, ish qobiliyatini pasayishi, asabiylashuv, jahldorlik belgilari paydo bo‘ladi. Qabziyatni keltirib chiqaruvchi sabablar esa juda ko‘p va turli-tumandir.
Ulardan eng ko‘p tarqalganlari haqida to‘xtalamiz.

Surunkali qabziyatni eng ko‘p uchraydigan sababi – ovqatlanish gigiyenasiga rioya qilmaslikdir. Bu nima degani? Agar odam doimiy ravishda yengil hazm bo‘ladigan va so‘riladigan taomlar (go‘sht, baliq, tuxum, sut) bilan ovqatlansa, ichaklarning harakatlanish funksiyasini ta’minlovchi, ichaklarning shilliq qavatlariga qitiqlovchi ta’sir ko‘rsatuvchi omillar yo‘qoladi. Ovqatda sabzavotlar, yetarli miqdordagi suyuqlik bo‘lmasa, shirinliklarga ruju qo‘yilsa, uzoq muddat davomida qirg‘ichdan chiqarilgan va maydalangan mahsulotlar ichakning harakatlanish funksiyasini kamaytiradi. Ovqatlanishdagi xatolikar, aksariyat kesalardagi chaynash jarayonini sustligi hamda oshqozon-ichak kasalliklarida uchraydi. Qachonlardir shifokor tomonidan tavsiya etilgan yengil ovqatlar ratsioniga o‘rganib qolgan bemorlar qayta shifokor ko‘rigiga bormaydilar va umumiy ovqatlanish stoliga o‘tmaydilar, natijada ovqat ratsionini turli xil bo‘lishidan mahrum bo‘lib qoladilar.

Qabziyatni yana bir sababi – asab tizimi tomonidan yo‘l qo‘yiladigan, normal hayot kechirish tarzini buzilishidir. Ko‘pchilik odamlar hojat chiqarish joyiga har kuni bir vaqtda, odatda, ertalabki nonushtadan keyin boradilar. Ammo ba’zi odamlarda esa bir stakan sovuq suv ichgandan keyin ich yurishadi. Ta’kidlash lozimki, foydali odatlar bolalikdan yuzaga keladi va umr bo‘yi saqlanib qoladi. Shuning uchun ushbu refleksni bolalarda shakllanishini nazorat qilish lozim.

Nafaqat bolalar, balki kattalar ham ana shu kerakli odatga doimo ham rioya qilmaydilar, ya’ni ich kelishi haqidagi xabarga (signal) e’tiborsizlik qilib, boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgancha, tabiiy ehtiyojni ongli ravishda ortga suradilar. Natijada ichni bo‘shatish haqidagi refleks asta-sekin so‘nib borishi, ya’ni betartib holda hojatxonaga borish sababli odamda surunkali qabziyat holati kelib chiqadi.
Ba’zan qabziyat turli a’zolarning kasalliklari oqibatida ro‘y beradi: oshqozon va 12-barmoqli ichak yarasi, xoletsistit va o‘t puffagidagi tosh kasalligi, tuxumdonlar va prostata bezlarini shamollashi, ichaklarda bitishma va o‘smalarni rivojlanishi natijasida ichak yo‘lini to‘silib qolishi va hokazolar.
Shuningdek, qabziyat yo‘g‘on ichaklarni o‘tkir shamollashini (dizenteriya) boshdan o‘tkazgan odamlarda, ishlab chiqarishdagi noqulay shart-sharoitlar va zaharlanishlar (bosmaxona xodimlaridagi qo‘rg‘oshindan zaharlanish kolikasi, kulolchilar, ruda qazib chiqaruvchilar, shisha puflovchilarda) natijasida kelib chiqadi.
Ayrim hollarda qabziyat qalqonsimon bez faoliyatini pasayishida ham kuzatiladi. Xomilador ayollar ham qabziyatdan shikoyat qilishlari mumkin. Shu bilan birga, qabziyat yo‘g‘on ichakni tug‘ma kengayishi yoki uzayishi sababli ham ro‘y beradi hamda bir joyda kam harakat qilib, uzoq o‘tirib ishlaydigan, qattiq charchaydigan odamlarda ham uchraydi.

Xo‘sh, avvalo qabziyatni oldini olish uchun nimalarni tavsiya qilish mumkin? Birinchidan, ovqat ratsionida kletchatkalar (unchalik chuchuk bo‘lmagan qora va borodino javdari noni, past navli bug‘doydan tayyorlangan pechenelar) yetarli bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim.
Tuzlangan, to‘g‘ralgan karom, pomidor, bodring, sabzi, yangi karom, lavlagi tavsiya etiladi. Ismaloq, qovoqcha (kabachki), ko‘k piyoz, rediska, no‘xot, yasmiq (chechevitsa), dukkakli mevalar, loviya foydali hisoblanadi. Ich qotishga moil odamlarga uzum, mandarin, apelsin, anjir, xurmo berish lozim. Asal, asal qo‘shilgan pryaniklar, qamishdan va lavlagidan olingan shakar, murabbo, magiz, olma, olxo‘ri ichaklar harakatini oz bo‘lsada qo‘zg‘atadi.
Shuningdek, qabziyatni bartaraf etishda mevalar, suvga boy bo‘lgan qovun, shaftoli, tarvuz, olxo‘ri ham qo‘llaniladi. Ayrim sut mahsulotlari: chuchuk qatiq (prostokvasha), bir va ikki kunlik kefir, qimiz, chuchuk zardob, yugurt, qaymoq va o‘simlik yog‘lari (kungaboqar, kanakunjut, baliq yog‘lari hamda o‘simlik yog‘ida tayyorlangan ovqatlar juda foydalidir. Qadimdan ich qotishni davolashda rus kvasi va chuchuk sho‘rva (shi) ishlatiladi.

Ba’zi bir amerikalik olimlar choy va kofeni oshqozon faoliyatini normal holga keltirish uchun bir sutkada 13-14 stakan ichishni tavsiya etadilar. Ammo bu borada choyni ichni qotirish xususiyati hamda choy va kofe markaziy asab tizimini qo‘zg‘atib, odamni umumiy kayfiyatiga salbiy ta’sir etishini esdan chiqarmaslik kerak.
Ertalab bir stakan sovuq suv yoki shakar, murabbo qo‘shilgan suv, bir stakan sut, muzdek limon sharbati yoki mineral suv (borjom, yessentuki) ichaklarga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Ichni qotmasligi uchun nimalardan saqlanish lozim? Qizil vino, shuruch, oq non, shokolad, qora kofe, achchiq choy, xamirli sho‘rvalar, chernika, brusniki, qizil, piroglar, qirg‘ichdan o‘tkazilgan va to‘g‘ralgan oziqalar, yorma kasha (mannaya kasha), ugra osh, makarondan tortilish kerak.

Agarda ich qotishi oshqozon, jigar va boshqa ichki a’zolar kasalliklari natijasida kelib chiqqan bo‘lsa, uni yo‘qotish uchun shifokor asosiy kasallikni davolashi lozim bo‘ladi. Qabziyat asab tizimi buzilishidan sodir bo‘lgan taqdirda, asablarni tinchlantiruvchi va surgi dorilar beriladi. Bundan tashqari kletchatka kam bo‘lgan va oqsil, vitaminlarga boy ovqatlar iste’mol qilinadi. Oq non, xamirli suyuq ovqatlar, bir-ikki kunlik kefir, choy asal, mevalar va meva sharbatlari, sabzavotli pyure, chuchuk qatiq tavsiya etiladi. Bemorning umumiy ahvoli yaxshilanib borishi bilan uni kletsatkaga boy ovqatlarga o‘tkaziladi.

Qabziyatni oldini olish uchun ovqatlardan tashqari ichni yurituvchi dorilar, huqna (klizma), fizioterapiya (qorinni uqalash, mexanoterapiya, suvli muolajalar, balchiqli applikatsiya) shifokor tomonidan tayinlanadi. Huqnalar turlicha bo‘ladi: ularda ishlatiladigan suyuqlik miqdori va tarkibi, shuningdek, ichaklarga ta’sir etish kuchi va tezligini aniqlash shifokorning vazifasidir.


(“Здоровье” jurnali, 1960, № 6, prof. A.G.Gukasyan maqolasi asosida tayyorlandi)