Odamzod uzoq vaqt och qolishi, og‘ir jismoniy yoki ruhiy sinovlariga chidashi mumkin, ammo bir narsani ko‘tara olmaydi – 4-5 kun davomida uyqusizlikni. Yosh bilan bog‘liq uyquni uzoq bo‘lishi ham o‘zgaradi. Ko‘krak yoshidagi bolalar deyarli kecha-kunduz uxlaydi – 22-23 soat, katta yoshdagilar – 8 soat, keksalar – 6 soat. Yetuklik yoki keksalik davrida ayrim odamlar uyqusizlikdan, ayrimlari esa ko‘p uxlashdan shikoyat qiladilar.
Uyqusizlikning sabablari turli-tuman: bu asab tizimi yoki ichki a’zolarning kasalliklari bo‘lishi mumkin. Ammo, tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda uyqusizlik sog‘lom odamlar orasida kundalik rejim va gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida kelib chiqadi.
Uyqusizlik shaklan ham turlicha bo‘ladi. Bir xil odamlar tezda uxlay olmaydilar; boshqalari tezda uxlab qoladi, lekin bu uyqu bo‘linib-bo‘linib, yetarlicha chuqur bo‘lmagan holda kechadi; uchinchi bir toifadagilar tezda uxlab qoladilar va yaxshi uxlaydilar, lekin erta uyg‘onadilar. Demak, uyquni uzoq muddatli bo‘lishi muhim emas, aksincha, qisqa muddatli uyqu, uzoq davom etgan, lekin notinch uyquga nisbatan foydali bo‘lib, kuchlarni tezroq tiklanishiga olib kelar ekan.
Chuqur sog‘lom uyqu – organizm hamda asab tizimini chiniqtirish, mashqlar bilan shug‘ullantirish natijasidir. Tabiiyki, agarda uyqusizlik biron-bir kasallik bilan bog‘liq bo‘lsa, uni davolash kerak. Muqobil va unumli hayot rejimini hosil qilish va unga amal qilish kerak. Agarda bir vaqtda yotishga odatlangan odam, o‘rgangan rejimini buzsa, uyqusi ham yomon bo‘ladi. Tezroq uxlash uchun, uyqudan bir necha soat oldin zo‘riqtiruvchi aqliy mehnatni to‘xtatishi, ochiq havoda sayr qilishi, xonani shamollatishi, uxlashdan oldin to‘yib ovqatlanmasligi kerak.
Ba’zida tezda uxlashga yillar davomida uyqu paytidagi tanani noto‘g‘ri holati (qorin bilan yotish, chalqancha yotish) ham halaqit beradi. Eng yaxshisi, uyqu paytida o‘ng tomonga yonboshlab yotishga o‘zini o‘rgatish lozim. Yotishdan oldin uxlay olmaslik, kech kirishidan xavotirlanish kabi tuyg‘ularga berilmaslik zarur. Bunday “uyqu uchun ovga chiqish”, faqat uyqusizlikni keltirib chiqaradi, xolos.
Uyqu dorilarini eng zarur hollarda, shifokorni tavsiyasi bilan ichish kerak. Dori bilan uxlash, yaxshi, sifatli uyquni yo‘lga qo‘yishning asosiy vositasi emas. To‘g‘ri tashkil etilgan unumli turmush tarzi (mehnat, dam olish, o‘yin-kulgi), odatlar va tartiblilik nafaqat uyqusizlikni oldini oladi, balki uni davolashda ham asosiy vosita hisoblanadi.
”Zdorove” jurnali, 1962, № 4, t.f.n. A.M.Veyn maqolasidan foydalanildi.