Odam organizmining a’zolari uyquga turlicha cho‘madi. Masalan, ko‘rish va hid bilish qobiliyati juda tez so‘nadi. Hid bilish qobiliyatini so‘nishi shu darajada kattaki, hatto eng kuchli hid ham uxlab yotgan odamni uyg‘ota olmaydi. Yonayotgan binodagi odam kuyindi hididan emas, balki nafasni bo‘g‘uvchi tutundan uyg‘onadi.
Shuningdek, mushaklardagi sezgi hid bilishdan avvalroq pasaygani sababli mushaklarni uyquda bo‘shashib qolishi kuzatiladi.
Uyquda sezish (his qilish) va eshituv ta’sirlarini qabul qilish qobiliyatlari qisman saqlanib qoladi hamda tush ko‘rishning sabablaridan biri hisoblanadi. Masalan, odamning qulog‘i vodoprovod cho‘mragidan tomchilayotgan suv tovushini ilg‘asa, uyqusida bir tekisda oqayotgan daryoni ko‘rishi mumkin; bolg‘aning bilinar-bilinmas taqillashi, odimlar borayotgan ot tuyoqlarining lip-lip o‘tayotgan tasviriga aylanadi.
Shokir QOSIMOV
(“Zdorove” jurnali, 1957, № 5, L.A.Dranovskaya maqolasidan foydalanildi)
*******
Ko‘pchilik odamlar “tug‘ilgan chaqaloq atrof muhit bilan munosabatga kirisha olmaydi” deb hisoblashadi. Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, chaqaloq tug‘ilgan dastlabki kunlardayoq unda ta’m va hid bilish qobiliyati mavjud bo‘ladi: shirin, achchiq, nordon va ayniqsa sho‘r narsalarni biladi. Turli badbo‘y hidlardan bola o‘zini olib qochadi, buni uning yuzidagi ijirg‘anish belgilaridan bilish mumkin. Bola hayotining ikkinchi oyi oxiri – uchinchi oyining boshlarida eshitish qobiliyati aniq namoyon bo‘ladi.
*****
Odam organizmi suvni qayerdan oladi? Organizm suvni asosan ovqat va ichimlik qabul qilinishi orqali oladi. Ammo suv odam tanasining ichida biokimyo jarayonlari natijasida ham paydo bo‘ladi. Qisman oqsil, uglevod va yog‘lar tarkibiga kiruvchi kislorod vodorod bilan birikishi oqibatida bir kecha-kunduzda 300dan 400 grammgacha suv paydo bo‘ladi. 100 gramm oqsil 40 gramm suvni, 100 gramm uglevoddan 55 gramm suv beradi. Eng ko‘p suvni yog‘lar hosil qiladi: 100 gramm yog‘dan 107 gramm suv. Ma’lumki, issiq iqlim mamlakatlarida cho‘ponlar qo‘y boqish uchun suv manbaidan uzoqlarga ketganda yog‘li ovqatlar tanavvul qilishni ma’qul ko‘radilar.
*****
Erta tongda turishimiz bilan muzdek suvda yuvinish qanday rohat bag‘ishlaydi. Lekin ushbu tadbirning ham o‘ziga xos tarixi bor ekan. Masalan, XVIII asrda fransuz qiroli Lyudovik XVni yuvinishga majbur qilish uchun shifokorning maxsus ko‘rsatmasi talab qilingan. O‘sha paytlarda Fransiyada yuzni yuvgandan keyin teri sovuqqa juda sezgir bo‘lib, dag‘allashadi va yozda kuyib, qorayib ketadi” deb hisoblashgan ekan.
*****
Yer yuzida eng daroz odam finlyandiyalik Kajkus ismli odam bo‘lib, uning bo‘yi 2 metr 83 santimetr ekan. Ayollar o‘rtasidagi eng bahaybat bo‘ylisi Marianna Vede – 2 metr 55 santimetr bo‘lgan. Olimlar, nima uchun kimdir daroz, boshqasi pakana bo‘lishi sirini uzoq yillar izlanishlar orqali XIX asrning oxirlariga kelib javobini topganlar: bo‘y bilan bog‘liq muammolar bosh miya asosidagi gipofiz bezining faoliyatiga bog‘liq ekan. 1945 yili uchta amerikalik olim tomonidan gipofiz bezining oldingi qismidan bo‘y bilan bog‘liq bo‘lgan gormon toza holda ajratib olingan.
(“Zdorove” jurnali, 1959, № 3)
*****
Qo‘l barmoqlaridagi tirnoqlar haftasiga o‘rtacha 1 millimetr o‘sadi va qo‘ldagi barcha mikroblarning 95 foizi bo‘ladi, chunki bu yerda issiqlik, namlik mavjud va yorug‘lik yo‘q. Tirnoq ostidagi bir gramm kirda 360 mln. mikroblar, jumladan gijja tuxumlari bo‘ladi.
*****
Muzqaymoq –juda shirin, mazali ovqat hisoblanadi. Dunyoda birinchi marotaba muzqaymoq Fransiya davlatining poytaxti Parij shahrida 1660 yili kafe do‘konida florentinalik Prokopio Koltello tomonidan muz va tuz aralashmasidan tayyorlangan. Barchaga yoqimli va o‘ta shirin ta’mli plombir esa Fransiyadagi Plomb’er shahri nomini anglatadi, sababi ushbu shaharchada plombir ishlab chiqarish keng tarqalgan edi. Muzqaymoq davolash taomi sifatida istmalayotgan bemorlarga beriladi, ammo nafas olish a’zolari kasalliklarida tavsiya etilmaydi.
*****
Taniqli fransuz shifokori Laennek 1816 yili yurak xastaligi bo‘lgan yoshgina ayolni ko‘rishga boradi. Ammo haddan ortiq semiz bo‘lgan bemorning yurak urishini quloq qo‘yib eshitishni imkoni yo‘qligi sababli daftarni naycha qilib yurak ustiga qo‘yadi va yurak tovushini yanada aniqroq eshitib hayron bo‘lib qoladi. Shunday qilib, birinchi bo‘lib tibbiyotda STЕTOSKOP (grekcha bu so‘z “ko‘krak” va “ko‘raman” ma’nosini anglatadi) kashf etilgan.
*****
Odamning ko‘zidagi to‘r pardada 140 millionga yaqin nerv hujayralari mavjud. Sog‘lom ko‘radigan odam ochiq tunda oltinchi kattalikdagi yulduzlarni (oltinchi kattalikdagi 100 ta yulduzning yorug‘lik kuchi birinchi kattalikdagi bitta yulduzning yorug‘lik kuchiga teng) ko‘ra oladi. Ochiq havoli tunda biz bir kilometrdan uzoqlikdagi yonib turgan shamni ko‘rishimiz mumkin. Oysiz va yulduzlarsiz nimqorong‘u tunga moslashish uchun odamga 40 daqiqa kerak bo‘ladi.
*****
Dengiz darajasidagi atmosfera bosimi har bir kvadrat santimetrga 1,033 kg kuch bilan ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, odamning umumiy tana sathi 1,5 kvadrat metrga teng. Demak, atrofimizdagi havo bizga 15 tonna kuch bilan ta’sir ko‘rsatadi. Ammo biz buni sezmaymiz, chunki bizning tana ichki bosimimiz atmosfera bosimiga tengdir va tashqi bosimni muvozanatga keltiradi.
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 6)