QUSH BOQISHDA EHTIYOT BO‘LING
img description
Uyda qush boqishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish

XIX-asrni oxirlarida Yevropa va Amerikaning o‘ndan ortiq davlatlarida (Shveysariya, Germaniya, Fransiya, Braziliya, Amerika, Farel orollari va b.) qorin tifi, gripp, paratif kasalliklariga o‘xshash, sababi noma’lum bo‘lgan o‘pka kasalligi tarqaladi. Braziliya davlatidan Fransiya poytaxti Parij shahriga ikki savdogar tomonidan olib kelingan to‘ti qushlar, birin-ketin halok bo‘lishi va ularni uy sharoitida boqqan odamlarda, o‘pkani o‘tkir shamollash kasalligi ro‘y berishi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligiga shifokor olimlar e’tibor qaratadilar.

Ushbu kasallikni “psittakoz” (lotinchada “psittakus” – to‘tiqush) deb atadilar. 1930 yili o‘pka shamollashini keltirib chiqargan, psittakoz virus mikroskop ostida aniqlanadi.

Keyinchalik, Atlantika okeanining shimoliy qismidagi Farel orollarida aniqlangan yana bir o‘pka kasalligini to‘ti qushlar emas, balki dengiz qushchasi (“glupish”) keltirib chiqargani, Angliya (1941 y.), SSSR (1948 y.) va boshqa davlatlarda kaptarlar orqali odamga psittakoz virusi yuqishi ma’lum bo‘ladi. Demak, kasallikni faqat to‘ti qushlar emas, balki virus bilan kasallangan ko‘plab qushlar (kanareyka, sa’va, chayka (baliqchi qush), kurka, tovuq, xo‘roz, g‘oz, o‘rdak va h.) ham odamga yuqtirishi mumkinligi aniqlangach, ushbu kasallikni nomi “psittakoz” emas, “ornitoz” (grekchadagi “ornis” so‘zi, “qush” degani) deb o‘zgartirilgan.

Aksariyat hollarda ornitoz kasalligi bilan qushchalar og‘riydi va ularning 30 foizga yaqini halok bo‘ladi. Kasallikdan tuzalgan qushlar, keyinchalik virus tashuvchi vazifasini bajaradi. Kasallangan qushlar kamharakat, uyquchan bo‘lib, ovqatni cho‘qilashi keskin kamayadi. Qushni boshi va qanotlari odatda pastga osilgan bo‘ladi, burun teshiklaridan shilliq oqadi, ko‘zlari shamollaydi. Ba’zan virusni yuqtirgan qushda yuqoridagi kasallik belgilari kuzatilmaydi, aksincha yashirin kechadi. Virus kasallangan qushni burnidagi shilliq va ahlati orqali tashqariga chiqib, uning patlari, qafas va xona ichiga tarqaladi.

Kasallikni o‘tkir davri 2-3 hafta davom etadi, ammo odam sog‘aygandan keyin ham uzoq muddatgacha o‘zini behol his qiladi, mehnat qobiliyati pasayadi.

Ornitoz kasalligidan qutilish chora-tadbirlari quyidagicha:

  • Xonadondagi tovuq, xo‘roz, o‘rdak, g‘ozlarga yovvoyi qush va kaptarlarni yo‘latmaslik;
  • Agarda kaptarlardan birini ornitoz bilan kasallanganiga shubha qilsangiz, uni darhol ajratib olib, veterinarga murojaat qilish;
  • Kasallangan qush bilan birga bo‘lgan qushda ornitoz belgilari kuzatilsa, yaxshisi uni o‘ldirib, yerga ko‘mib tashlash, veterinar tavsiyasiga ko‘ra qush saqlangan xonani yaxshilab ho‘l latta bilan dezinfeksiya qilish;
  • Uyda boqilgan qush yoki yovvoyi qushni patlarini tozalash paytida parlarini to‘zitmaslik, ahlatini ehtiyotkorlik bilan olib tashlash, so‘ngra qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuvish;
  • Qush tuxumini ahlatdan tozalab, issiq suvda sovun bilan yuvish;
  • Qafasni ochib, qushlarni xonada uchib yurishlariga aslo yo‘l qo‘ymaslik;
  • Qafasni tozalash paytida to‘rt qavatli marlidan tayyorlangan niqobdan foydalanish, so‘ngra uni yuvish;
  • Qafas va xonani tozalashda, yuvish oson bo‘lishi uchun har safar bitta kiyim-boshdan foydalanish;
  • Qafasni 4 foizli xloramin eritmasi yoki soda qo‘shilgan sovunli suvda artish;
  • Qushlar ovqatlanadigan va suv ichadigan idishlarni tez-tez yuvib, suvda qaynatish;
  • Uyda boqiladigan qushlarga har 2-3 haftada 7 kun davomida antibiotiklar (tetratsiklin, terramitsin, biomitsin, dibiamitsin) berish – qushning 1 kilogramm og‘irligiga 1 milligramm antibiotik qo‘shib, quruq oziqasiga aralashtiriladi;
  • Qushni qo‘lga olib yoki og‘izga olib borib ovqat berish mutlaqo mumkin emasligini yodda tutish;
  • Ko‘chada, maydonlarda, bog‘larda, parklarda suv yoqalarida donlab yurgan kaptarlarni qo‘lga olmaslik;
  • Ko‘chadagi kaptarlar oldida ko‘p turib qolmaslik;
  • Ko‘chadagi kaptarni uyingizga olib kelmaslik;
  • Kaptarlarni uy balkoni va deraza tokchalariga ovqat qo‘yib boqmaslik kerak.

 

"Здоровье" jurnali, 1962, № 3, t.f.d. I.I.Terskix maqolasidan foydalanildi.