Respublikada virusli kasalliklar boʻyicha ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda
img description
Sanitariya-epidemiologik holat va sogʻliqni saqlash tadbirlari

Sanitariya-epidemiologik holat va sogʻliqni saqlash tadbirlari

2024 yilda respublikamizda virusli gepatit V kasalligining 2023 yilga nisbatan 32,8% kamayishi kuzatildi. Shuningdek, virusli gepatit A kasalligi 5,2% va virusli gepatit S 0,15% ga kamaydi. Bu haqda AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi (manba: AOKA Facebook).

Sanitariya-epidemiologik nazorat va chora-tadbirlar

Bugungi kunda aholining migrasiya jarayoni jadal rivojlanmoqda, bu esa yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfini oshiradi. Mazkur holatni oldini olish maqsadida respublikada 53 ta sanitariya karantin punktlari (SKP) faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, kuydirgi kasalligi boʻyicha xavfni baholash uchun respublika boʻyicha 13 326 ta tuproq namunalari tekshirildi.

Qizamiq bilan kasallanish holatlarida keskin kamayish

Qizamiq kasalligi boʻyicha koʻrilgan choralar oʻz samarasini berdi. 2024 yil yanvar oyida kasallik 5 036 ta holatda qayd etilgan boʻlsa, emlash ishlarini jadallashtirish natijasida 2025 yil yanvar oyida bu koʻrsatkich 45 baravarga kamaydi.

Oʻtkir respirator kasalliklar kamayishi

Respublikada 2024 yilda 2023 yilga nisbatan ayrim oʻtkir respirator kasalliklar ham kamayishi kuzatildi. Jumladan, gripp kasalligi 7,3% ga, OʻRVI esa 6,6% ga pasaydi. Bu sanitariya-epidemiologiya nazorati kuchaytirilgani va aholi oʻrtasida profilaktik tadbirlar kengaytirilgani bilan bogʻliq.

Elektron monitoring va vaksina logistikasi

Sanitariya-epidemiologiya sohasida bir nechta raqamlashtirish tizimlari joriy etildi. Jumladan:

YKEM - Yuqumli kasalliklar elektron monitoringi tizimi ishga tushirilib, yuqumli kasalliklarning epidemiologik nazorati raqamlashtirildi.

Elektron vaksina logistikasini boshqarish tizimi orqali vaksinalar sifatli va sovuqlik zanjiriga rioya qilgan holda tumanlarga va davolash-profilaktika muassasalariga etkazilmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar aholi salomatligini yaxshilash va yuqumli kasalliklarning tarqalish xavfini pasaytirishga qaratilgan.