Revmatizm – bolalar va o‘smirlik yoshida boshlanib, o‘rta yoshdagi odamlarda davom etishi mumkin bo‘lgan kasallik hisoblanib, asosan bo‘g‘imlar, oyoq-qo‘l mushaklari hamda yurak atrofida og‘riqlar, xuruj ko‘rinishidagi qaytalanishlar bilan kechadi.
Revmatizm kasalligini keltirib chiqaruvchi streptokok infeksiyasi bo‘lib, kasallik aksariyat angina va yuqori nafas yo‘llari shamollashidan keyin yuzaga keladi. Streptokokk organizmdagi barcha biriktiruvchi to‘qimalar joylashgan a’zolarda, yurak klapanlari, uning tashqi pardasi, mushaklar orasi, bo‘g‘imlar kapsulasi, qon tomir devorlariga joylashgan holda ta’sir ko‘rsatib, turli darajadagi og‘riqlarni paydo qiladi va vaqtinchalik, ba’zida mehnat qobiliyatini turg‘un buzilishiga (nogironlikka) olib keladi.
Tanadagi barcha a’zolar revmatizm sababli streptokokk infeksiyasiga juda sezgir bo‘lib qoladi va bahor, kuzning oxirgi oylari, qishda angina, yuqori nafas yo‘llari shamollashlarida darhol qaytalanadi, sovuq va namgarchilikda kasallik xurujlari ko‘payadi.
Keksalarda birlamchi revmatizm kasalligi deyarli uchramaydi, chunki odam organizmi shu yoshga yetguncha streptokokk infeksiyasiga bo‘lgan ko‘nikmasi yuqori darajaga yetgan bo‘ladi.
Revmatizm kasalligini oldini olishning birdan bir yo‘li, organizmni bolalik va o‘smirlik yoshidan e’tiboran chiniqtirish, ayniqsa sovuqqa chidamli bo‘lishiga e’tibor berish bo‘ladi. Bu degan so‘z, bolalikdan boshlab jismoniy badan-tarbiya mashqlari bilan muntazam shug‘ullanish, ochiq suv havzalarida cho‘milish, ochiq havoda, ayniqsa sovuq ob-havo mavsumlarida bosh, bo‘yin va oyoqlarni issiq tutgan holda sayr qilish, qishki sport turlari bilan shug‘ullanish demakdir.
Angina va yuqori nafas yo‘llari shamollashlari, gripp, og‘iz bo‘shlig‘i a’zolari (tishlar, milklar, tomoq, halqum, gaymor va trontal suk bo‘shliqlari shamollashlarini o‘z vaqtida davolatish uchun shifokorga murojaat qilish, qurt yegan tishlarni (kariyes) plombalash, yil davomida kamida ikki marotaba tishlarni toshlardan tozalatish lozim.
Shifokor tavsiyasiga ko‘ra revmatizm kasalligiga chalingan bemorlarni namgarchilik yuqori bo‘lgan, zah, yelvizakli, suv bilan ko‘p vaqt davomida aloqada bo‘lib faoliyat yuritadigan ish joylaridan quruq, issiq xonalarga ko‘chirib o‘tkazish kerak.
Revmatizm kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga bir yildan keyin janubdagi sanator-kurort sharoitlarida dam olish tavsiya etiladi.
Muxtasar qilib aytganda, har qanday shamollash kasalligini (ayniqsa, angina va katar) boshlanishi bilan shifokorga uchrash, organizmni chiniqtirishga xizmat qiluvchi barcha chora-tadbirlarga amal qilish bilan birga, revmatizm kasallik tashhisi aniqlangandan keyin shifokorning tavsiyalarini esdan chiqarmasdan doimo unga rioya qilish zarur.
Здоровьеjurnali, 1961, № 2, prof. S.A.Gilyarovskiy maqolasidan foydalanildi.