SEMENTOZ QANDAY KASALLIK?
img description
Sementning zararli ta'siri va uni oldini olish usullari

Ma'lumki, sement tarkibida turli xil kimyoviy aralashmalar bo‘lib, aynan ular organizmga sement va uning changlari tufayli xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday zararli ta'sirlar nafas olish yo‘llari, teri va ko‘zning shilliq pardalari orqali organizmga xavf tug‘diradi; ularning shilliq qavati sement changlaridan ta'sirlanib og‘riq, burun va tomoqda quruqlikni his qiladi va odam yo‘tala boshlaydi. Shilliq qavatlarda o‘ziga xos sement toshlari va po‘stloqlari hosil bo‘ladi, ba'zan qonash kuzatiladi.

Sement korxonalarida uzoq yillar davomida ishlaydigan ishchilarda umumiy va shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilinmagan hollarda, nafas olish yo‘llaridagi shilliq qavatlar qurib, yupqalashadi va changlarni ushlab qolish xususiyati keskin kamayadi yoki yo‘qoladi. Natijada sement zarrachalari to‘sqinliksiz o‘pkaga kirib, u yerda biriktiruvchi to‘qimalarni ko‘payishiga olib keladi. O‘pkaning elastikligi yo‘qolib, nafas olish va gaz almashinuvi buziladi. Ishlab chiqarishdagi boshqa changlarga nisbatan sement o‘pkada biriktiruvchi to‘qimani rivojlanishiga ko‘p ta'sir qilmaydi. Uzoq yillar davomida ishchilarda sog‘lig‘idan shikoyat bo‘lmagani uchun ham ular vaqti-vaqti bilan shifokor tekshiruvidan o‘tib turishlari kerak. Zero, kasallikni dastlabki bosqichida uni rivojlanishini oldini olish va davolash samarali bo‘ladi.

Sementning ayrim sortlari, tarkibidagi turli xil ta'sirlovchi aralashmalari bo‘lgani sababli surunkali bronxit va bronxial astma kasalliklarini keltirib chiqaradi. Bunday bemorlar doimo yo‘talmaydilar va ularda hansirash, ko‘krak qafasida og‘riq, nafas qisish xurujlari kuzatiladi.

Sement changlari nafaqat nafas olish yo‘llariga, balki teriga ham zararli ta'sir ko‘rsatib, terini qurishi ro‘y berib, unda bitishi qiyin bo‘lgan yiringli yara yoriqlari paydo bo‘ladi. Shuningdek, ko‘zlarning shilliq qavatlari ham sement zarrachalaridan ta'sirlanib, unda qichishish va yosh oqishini keltirib chiqaradi, ba'zan ko‘zning shox pardasi ham o‘zgarib, ko‘zni ko‘rish qobiliyati pasayadi.

Sement changlaridan saqlanish uchun ishlab chiqarish korxonalarida changlarni ushlab qoluvchi asboblar, kuchli ventilyatorlar o‘rnatiladi, xonalar ho‘l lattalar bilan artib tozalanadi, rejali ravishda ishchilar tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, har qanday kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash choralari ko‘riladi. Sement changlaridan nafas olish yo‘llari kasalliklarini davolashda osh tuzi, soda eritmalari va yog‘li ingalyatorlardan keng foydalaniladi. Teridagi o‘zgarishlarni davolash uchun turli xil pasta va malhamlar qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, sement changlaridan kasallanishni oldini olish uchun maxsus himoyaviy kiyim-boshlar, qo‘lqop, ko‘zoynak va respiratorlardan foydalanish tavsiya etiladi (ayniqsa, germetizasiya va ventilyasiya bilan to‘liq ta'minlanmagan korxonalarda). Ish vaqti tugagach, ishchilar issiq dushda sovun bilan yuvinishlari, ayniqsa ko‘zlarini yuvib tashlashlari kerak.

 

"Здоровье" jurnali, 1962, № 8, t.f.n.N.N.Shatalov maqolasidan foydalanildi.