To‘la, semiz odamlar... Bir qarashda ular hayotda xushchaqchaq, ishtahasi yaxshi, o‘zlarini sog‘lom ekanliklariga bo‘lgan ishonchlarini ta’kidlaydilar va ba’zida o‘zlarining semizliklaridan faxrlanib qo‘yadilar. Masalan, 1891 yili Yevropaning Leypsig shahrida semiz odamlarning birinchi kongressi bo‘lib o‘tgan va unga 100 kilogrammdan og‘ir shaxslar taklif etilgan. Shuningdek, Nyu-York shahridagi “Semiz odamlar ittifoqi”ga birgalikdagi tana og‘irligi 400 kilogramm bo‘lgan aka-ukalar rahbarlik qilganlar.
Ammo masala boshqa tomonda, jamiyat va tibbiyot fani nuqtayi nazaridan to‘lalik, ayniqsa semizlik – bu kasallikdir. Bu borada dunyo olimlari bosh qotirib, izlanishda davom etmoqdalar. Buyukbritaniya sug‘urta kompaniyalarining bir milliondan ortiq, o‘z sog‘lig‘ini sug‘urta qildirgan mijozlarini tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, to‘la va semiz odamlar, normal og‘irlikdagi yoki oriq odamlarga nisbatan 10-12 yil kam yashar ekanlar. Ba’zilar bu fikrga qo‘shilmasdan, semiz bo‘lgan ayrim odamlar orasida uzoq umr ko‘radiganlari ham borligi va ulardagi bu holat tabiiy, tug‘ma, organizmni o‘ziga xosligi (konstitutsional) bilan izohlaydilar. Aslida esa, albatta, bunday emas.
Semizlikni davolashga qadimdan qiziqish kuchli bo‘lgan, jumladan Gippokrat, Galen, Abu Ali ibn Sino davolashda ovqatlanish rejimiga ko‘p e’tibor qaratganlar.
Yirik mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, 80 foiz holatda odamni semirib ketishi haddan ortiq ko‘p ovqat tanavvul qilishdan, qolgan 20 foiz semizlik organizmni endokrin va asab tizimidagi buzilishlar oqibatida yuzaga keladi.
Ma’lumki, organizmda yog‘ to‘qimasi hosil bo‘lishini manbai, ovqatdagi yog‘lar, oqsil va ayniqsa, uglevodlar modda almashinuvini hosilasi hisoblanadi. Ammo yog‘siz go‘sht, tvorog, sutdan kam miqdorda iste’mol qilinganda semirish ro‘y bermaydi. Ovqatdagi uglevodlardan yog‘ jadallik bilan hosil bo‘ladi va bundan (kartoshka, lavlagi, un va b.) chorvachilikda unumli foydalaniladi.
Odam tanasida, har qanday jonli organizmda bo‘lgani kabi modda almashinuvi muntazam sodir bo‘ladi. Umumiy modda almashinuvi – a’zolarni yuqori darajadagi harakatsizligi va ovqat qabul qilinganmagan holatidagi oziqa moddalarni yonib tamom bo‘lishi kattaligiga teng bo‘lgan asosiy modda almashinuvi hamda ish va ovqatlanish bilan bog‘liq energiya almashinuvidan iborat.
Semirib ketgan bemorlarning 90 foizida asosiy modda almashinuvi normal holda bo‘ladi. Demak, ularda oziqa moddalarni o‘zlashtirilishini pasayishi yoki yonib tugashi bo‘lmaydi. Nima uchun tana to‘lishadi? U boshqa sababdan yuzaga kelishi mumkin: oziqa moddalarni qabul qilinishi va sarflanishi o‘rtasidagi nomuvofiqlikdan. Bemor to‘yib ovaqtlanishni hohlaydi va shu bilan bir o‘rinda kamharakatli hayot faoliyatiga ega bo‘lsa, tanavvul qilingan oziqa moddalari organizmda oksidlanmaydi, oxirigacha yonib tamom bo‘lmaydi va yog‘larga aylanib, to‘qimalarda yog‘ qatlami sifatida to‘planadi. Bu esa yanada ko‘proq yog‘larni talab etishi natijasida so‘rilish jarayonining ishini o‘zgartirib yuboradi va oqibatda yog‘li diatez rivojlanadi. Buning aksi bo‘lganda esa, ya’ni organizmni faol hayot tarzi, jismoniy ish, badan-tarbiya, piyoda yurishda oziqa moddalari oxirigacha yonib tamom bo‘ladi va odam to‘lishmaydi.
Albatta, to‘lalikni rivojlanishida yana bir omil – ichaklar faoliyati ham ma’lum darajada rol o‘ynaydi. Ba’zi odamlar ko‘p ovqat yemasalar ham, ichaklardagi parchalanish-so‘rilish shiddat bilan kechadi, qabul qilingan yog‘lar va uglevodlar osonlik bilan to‘qima yog‘lariga aylanadi.
Bu holat, ko‘pincha, kun mobaynida oz-ozdan bo‘lsada, tez-tez (“cho‘qilab yeyish”) ovqat iste’mol qilish, ayollarda birinchi farzand ko‘rgandan keyin yoki klimaks davrida sodir bo‘ladi. Ayniqsa, oshpazlardagi semizlikni ana shu omil (ovqat ta’mini bilish maqsadida uni “cho‘qilab” turish) bilan izohlash mumkin.
Semizlikni rivojlanishida non mahsulotlarini, umuman uglevodli ovqatlanishni ahamiyati to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu ma’lumotlarga e’tibor bering: Yaponiyada ovqatni kam tanavvul qiladilar: ozgina go‘sht va yog‘siz guruch, nonsiz tushlik. Ushbu mamlakatda semiz odamlar soni, AQSH aholisiga nisbatan 15 marotabaga kam. Ateroskleroz bilan bog‘liq yurak kasalliklari va infarkt holatlarini soni ko‘p emas. Fransiya va Polsha shaharlarida yashovchi ayollar orasida ham semirib ketish hollari kam uchraydi. Masalan, ular restoran, kafe, uylarida ovqatni ko‘p iste’mol qilmaydilar. Odatda, ozgina non yeydilar yoki umuman yemaydilar. Ularda sabzavotlar, makkajo‘xori va o‘simlik yog‘idan foydalanish keng tarqalgan.
Patologik semirishning xavfli jihati nimada? Oldiniga odam havi yetishmayotgandek hansirashni his qiladi, oyoq kiyimini engashib kiyish, arzimagan yukni ko‘tarish, zinapoyadan ko‘tarilishda qiynaladi. Lekin bularning barchasini yoshini ulg‘ayishi bilan izohlaydi. Aslida esa, birinchi navbatda semizlikdan yurak ozor chekadi. Agarda semiz odamda 40 kilogrammdan ortiqcha og‘irlik bo‘lsa, yurak o‘z ishini 50-60 foizga kuchaytirishi lozim bo‘ladi.
Yurak mushaklari tez-tez qisqarmasa, periferiyadagi to‘qimalar, shuningdek ortiqcha yog‘ to‘qimalari kislorod yetishmasligidan qiynalib qolishi mumkin. Shu sababli yurakni dam olish vaqti keskin kamayadi va oqibatda modda almashinuv jarayoni yurak mushaklarida buzilib, tezda zaiflashuvi boshlanadi.
Ma’lumki, tanadagi yog‘ hujayralari o‘rtasida ko‘plab mayda qon tomirlari bo‘lib, muntazam ravishda yog‘ to‘qimasiga oziqa modda – kislorodni yetkazib turadi. Demak, yog‘ qatlami ko‘paygani sari undagi kapillyarlar soni ham ortadi va yurakka ortiqcha ish yuklamasini yuzaga keltiradi.
Yog‘ to‘planishi tobora ko‘payib, katta fartuk sifatida qorin bo‘shlig‘i ichki a’zolarini o‘rab oladi va odamni erkin nafas olishiga to‘sqinlik qiladi. Qorin bo‘shlig‘i bilan ko‘krak qafasi o‘rtasidagi parda, ya’ni diafragma nafas olishda qiyinchilik bilan harakatlanadi va shu sababli nafas olish paytida qonni periferiyadan yurakning o‘ng qorinchasiga yetkazib berolmaydi.
Semirishni yana bir salbiy tomoni shundaki, uning natijasida yurakni “yonboshlagan holati” yuzaga keladi, chunki katta hajmdagi yog‘ qatlami yurakni quyida siqib, uni chapga siljitadi va yurak qafasi qovurg‘alarining yuqorisiga ko‘tarilishiga majbur qiladi. Ko‘pincha yurakning chap qorincha qismi kengayadi va yurak yetishmovchiligi rivojlanadi. Bu holat ko‘proq 35-40 yoshlar oralig‘ida sodir bo‘ladi.
Yog‘ to‘qimasi mavjudligini ta’minlash uchun ko‘prroq ozuqa talab etadi va shunga yarasha bemorni ishtahasi doimo yaxshi bo‘ladi. Shuningdek, yog‘ to‘planishi organizmdagi qon tomirlar devorida ham rivojlanib, ateroskleroz kasalligini kuchaytiradi, qonda xolesterin va lipoproteinlar miqdori oshib ketadi. Odatda odam organizmida tashqaridan kirgan ovqatlardagi yog‘ miqdori bir kecha-kunduzda 1 grammdan oshmaydi, ammo organizmni o‘zida (ko‘proq jigarda) shu muddatda yog‘, oqsil, uglevodlar modda almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan atsetatdan 3-4 gramm xolesterinni sintez qiladi. Xolesterinni organizmda ko‘p miqdorda hosil bo‘lishi, haddan ortiq ovqatlanish oqibatida yuzaga keladi.
Amaliyotdan ma’lumki, aterosklerozni jadal rivojlanishi ikki xilda bo‘ladi: birinchisi – odamda ateroskleroz diatez bo‘lsa, ikkinchisi – ateroskleroz ko‘p miqdorda ovqatlanish va semirish tufayli rivojlanadi. Birinchi holda, bemorlar ozg‘in bo‘lishlari mumkin. Ateroskleroz diatezi mavjud bo‘lib, unga bemordagi to‘lalik holati qo‘shilsa, bunda og‘ir ateroskleroz rivojlanadi. Semizlikni davolash – juda qiyin va uzoq muddat davom etadi. Bu narsa ikkita tamoyildan iborat: birinchidan ko‘p ovqatlanishdan tiyilish va ovqatlar tarkibini unumli ravishda saralab olishdir; ikkinchidan, energiyani jismoniy mehnat, jismoniy badan-tarbiya, sport, harakatlar va hokazolarga sarflash shartligi. Eng muhimi, semizlikdan qutilishni yagona yo‘li ratsional ovqatlanish rejimiga qat’iy rioya qilish va buning uchun qanday ovqat mahsulotlaridan ehtiyot bo‘lishni bilish lozim. Nonni, albatta, qora non yoki quritilgan holdagi qarsildoq nondan bir kecha-kunduzda 50-100 grammdan ortiq yemaslik; yog‘siz go‘sht va baliq, tvorog, salat, vinegretlarni yeyish mumkin.
Sabzavotlardan kartoshka, lavlagi, banan, shaftoli va boshqa ho‘l mevalar ni kamroq tanavvul qilish lozim, chunki ularda uglevodlar ko‘p miqdorda bo‘ladi. Shuningdek, ozgina o‘simlik yog‘idan oz miqdordagi yog‘da pishirilgan kotlet mumkin, kunlikdalik ovqat ratsionida esa ichimlik va tuz miqdorini cheklash zarur. Ko‘pchilik bemorlar yuqoridagi tavsiyalardan tezda ijobiy natijani ko‘rmay, xafsalalari pir bo‘ladi va sabr qilmsdan belgilangan rejimdan voz kechadilar.
Axir, bir kunda organizmdan 20 gramm yog‘ yo‘qolganda, bir oyda tana og‘irligi bor-yo‘g‘i yarim kilogramm kamayadi-ku! Bemor bir yilda faqat 6 kg ozadi. Eng asosiysi, tanada to‘plangan yog‘ni kamaytirish kerak. Ana shunda, odamni ovqatni ko‘p yeyishga bo‘lgan hohishi kamayadi, odam o‘zini yengil his qiladi, yurakdagi og‘riqlar, nafas olish, tezda toliqish belgilari o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
”Zdorove” jurnali, 1962, № 5, prof.I.A.Kassirskiy maqolasidan foydalanildi.