SHAMOLLABMAN, SHEKILLI...
img description
Shamollash

Qiziq, burun ichining yengilgina namlanishi, qizarishi, oqishi, ozgina bosh og‘rishi, biroz tana haroratining ko‘tarilishi, tananing zirillab, behollik kuzatilishi, ba’zan esa tomoqning qurishi yoki bo‘g‘ilishida darhol kasallikka tashhis qo‘yib olamiz – “shamollabman, shekilli...”. Aslida ham shundaymi? Keling, buning sabablariga chuqurroq nazar solaylik.

Xonadan tashqariga chiqsangiz, beihtiyor, “Oh, qanday toza havo-ya!” deb yuborasiz. Shahar atrofiga chiqsangiz, masalan, dengiz, daryo, ko‘l yaqinidagi top-toza nam havo, tog‘ bag‘rida ozon, o‘rmonzorlarda esa fitonsidlarni ko‘pligi bahri-dilingizni ochib yuboradi. Bunday joylarda mazza qilib, havoni simirib-simirib o‘pkani to‘ldirishga harakat qilasiz.

Darhaqiqat, burun bo‘shlig‘i orqali organizmga tashqaridan doimo havo bilan juda ko‘plab ta’sir, “hujumlar” (chang, tutun, gaz, zaharli benzin, neft, mazut, bo‘yoq, kuyindilarning hidlari, organik moddalar, mikroorganizmlar va hokazo) bo‘ladi. Shunga yarasha, tabiatan burun shilliq pardalari ham o‘pka va umuman butun vujudimizni ana shunday “hujum”lardan himoya qilish qobiliyati bilan ta’minlangan. Tashqi zarrachalar kattaligi 50 mikrondan (mikron – 1/1 000 000 santimetr) ortiq bo‘lsa, burun bo‘shlig‘ida, 30-50 mikron bo‘lsa traxeyada, 10-20 mikron bo‘lsa bronxlarda ushlanib qolsa, 5 mikrondan kam bo‘lgani o‘pkaning eng mayda qismlari (alveola)gacha yetib boradi.

Gap shundaki, burun, traxeya, bronxlar, halqum shilliq qavatlarida (epiteliy) ko‘plab, zich joylashgan silindrsimon mayda hilpillab harakatlanuvchi (sekundiga 20-60 to‘lqinli) “kipriksimon” tolachalar (uzunligi 100 mikronga teng, qalinligi 0,3 mikron, oraliq joylashuvi 1,5-2 mikron) mavjudligi sababli tashqaridan kirgan zarrachalar to‘xtatib qolinadi. Odam tanasi gorizontal holatda bo‘lganda, tolachalarning harakati, tana vertikal holda bo‘lganiga qaraganda ikki barobar tezlashgan bo‘ladi. Shuning uchun yo‘tal bilan balg‘am tashlash ko‘proq tong otgach, o‘rindan turganda ro‘y beradi. Zarrachalar qanchalik yirik bo‘lsa, tolachalarning harakatlanish tezligi ham kuchayadi va bularning barchasi asab tizimi orqali boshqariladi. Ammo gripp va boshqa zaharli gazlar, kimyoviy moddalar ta’sirida nafas olish yo‘llari epiteliyidagi kipriksimon tolachalar nobud bo‘lishi mumkin. Natijada epiteliylarda ajralib chiquvchi shilliq va undagi zararli zarrachalar yig‘ilib qoladi va shamollash jarayoni, so‘ngra yiring hosil bo‘lishi, traxeit, bronxit, sinusit, gaymorit, laringit rivojlanishi kuzatiladi.

Issiq xonadan tashqari sovuq havoga (30 gradusdan past) chiqishda ham kipriksimon himoya tolachalarining bir xilda harakatlari keskin ravishda kamayadi, issiq havo (45 gradusdan yuqori) ta’sirida esa oldiniga tolachalarning harakati birmuncha ortadi, so‘ngra to‘xtab qoladi. Xo‘sh, ushbu tolachalarning ritmik harakatlanib turishi uchun nima qilish kerak?

Eng avvalo, tez-tez chang, gaz, tutunlarga boy shahardan tashqari tabiat qo‘yniga chiqib, toza havodan bahramand bo‘lish, tanani chiniqtirish lozim. Ammo hamma ham va doimo bunday imkoniyatga ega emas-da! Nafas olinadigan havodagi namlik miqdori 40-60 foizdan yuqori bo‘lsa, tolachalarning harakatlanishi normal bo‘ladi. Agarda xonadagi issiqlik ko‘tarilib, undagi namlik 20 foizdan kamayib ketsa, tolachalarning harakatlanishi to‘xtab, nafas olish yo‘llarida namlik keskin kamayib ketadi va “burun qurib qoladi”. Shu sababli, ishlab chiqarish korxonalarining sexlarida maxsus havoga namlik beruvchi ingalyatorlar o‘rnatiladi. Uy sharoitida esa, oddiygina paqir, tog‘ora, bolalar vannachasi va boshqa idishlarda sovuq suvni xona olib kirib qo‘yish yoki tizimcha tortib unga namlangan choyshab, sochiqni osib qo‘yish mumkin.

Organizmni sovuq suv va havoga o‘rgatib, chiniqtirish lozim. Eng muhimi, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, bolalikdan boshlab burundan havo olishga odatlanish zarur. Doimo, shamollash belgilari paydo bo‘lishi bilan shifokorga murojaat qilish va foydali maslahatlarni olish, jumladan turli dori-darmonlar, ingalyatsiyalarni (evkalipt, anis, xantal, oq qayin yog‘lari bilan) qabul qilish tezda tuzalishga olib keladi. Agarda ushbu yog‘larga mentol, solol, timol, sitral qo‘shilsa, nafas olinayotgan ingalyatsiya yog‘laridagi aerozollarga yoqimli hid beradi va mikroblarni yo‘qotadi.

Changli havoga yo‘liqqan odam og‘iz va tomoqni 2 foizli soda yoki 1 foizli osh tuzi bilan bir kunda 2-3 marotaba chayqab tashlashi lozim. Uydagi xonalarni tez-tez shamollatish, deraza va darchalarni ochish bilan havosini tozalash kerak. O‘ta issiq va sovuq ovqatlar, qalampir, xantal va sirka essensiyasi qo‘shilgan taomlarni tanavvul qilmaslik tavsiya etiladi. Alkogol iste’mol qilish va chekish sog‘liq uchun zararli ekanligini unutmang.

("Здоровье" jurnali, 1960, № 2, t.f.n. S.I. Eydelshteyn maqolasi asosida tayorlandi)