Shifobaxsh balchiq bilan bemorlarni davolash qadimdan ma'lum bo‘lgan va uni tibbiyotda pelloid (grekchasiga “pelos” – loy, balchiq) terapiya deb ataladi.
Balchiq o‘zining kimyoviy va fizik xususiyatlariga ko‘ra turli xil bo‘ladi. Uning tarkibida kaliy, magniy, natriy va begona elementlar, organik va noorganik kislotalar, mikroelementlar, chirimagan o‘simlik qoldiqlari mavjud. Shifobaxsh loylar suyuq yoki quyuqroq holda uchraydi.
Shifobaxsh balchiq bilan davolash umumiy muolajalarning (dori-darmonlar, uqalash, fizioterapiya muolajalari, jismoniy badan tarbiya mashqlari va b.) bir qismi sifatida qo‘llaniladi.
Balchiqni hosil bo‘lishi va organizmga ta'sir ko‘rsatishida uning tarkibiga kiruvchi gazlar (serovodorod, ammiak) katta rol o‘ynaydi va xususiyatlariga ko‘ra uning yopishqoqligi, issiqlik berishi, tarkibida suvning mavjudligi va reaksiyasi (chuchuk, ishqoriy yoki neytral bo‘lishi) muhim. Balchiq organizmga issiqlik, mexanik, kimyoviy va biologik xususiyatlari tufayli ta'sir ko‘rsatadi.
Balchiq ta'sirida teridagi harorat ko‘tariladi, tanadagi qon va limfa aylanishi kuchayadi, qon bosim pasayadi, pulьs va nafas olish tezlashadi, modda almashinuvi ortadi, to‘qimalarni oziqlanishi yaxshilanadi, shamollash asoratlari va tuzlar so‘rilib ketadi. Balchiq bilan davolash natijasida turli jarohat va yaralarni bitishi tezlashadi, singan suyaklar tezda bitadi, jarohatlangan nerv shoxlarini funksiyasi tiklanadi, bo‘g‘imlardagi harakatlar yengillashadi.
Yuqoridagi ijobiy natijalar bilan bir qatorda, bemorni balchiqqa bo‘lgan sezgirligi yuqori bo‘lsa, uning kasalligi qaytalanishi, og‘riqlar kuchayishi, o‘pka, buyrak, yurak faoliyatlarida salbiy o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Shu tufayli pelloidterapiya muolajasini o‘tkazishdan oldin bemorni diqqat bilan to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish lozim.
Bemorni chorpoyaga (kushetka) yotqizib, belgilangan tana sohasiga 5-6 sm qalinlikda isitilgan, 38-46 gradusdagi shifobaxsh balchiq surtiladi, so‘ngra uni kleenka va qalin choyshab (odeyal) bilan 15-30 daqiqaga o‘rab qo‘yiladi. Muolaja tugagach, bemorni ustidagi loy yuvib tashlanadi, bemor artinib olgach, yana yarim yoki bir soat xonasida dam olib yotadi.
Balchiq bilan davolash muolajasi kun oralatib yoki ikki kun bajarilib, uchinchi kun tanaffus qilgan holda ja'mi 10-15 muolaja seansi o‘tkaziladi.
"Здоровье" jurnali, 1962, № 3, prof. X.M.Freydin, t.f.n. M.N.Siroechkovskaya maqolasidan foydalanildi.