SOG‘AYISH STRATEGIYASI
img description
Maktab o‘quvchilari uchun mehnat gigienasi, ularning sog‘ligi va rivojlanishi uchun zaruriy sharoitlar.

Maktab yoshi – nafaqat bolaning xarakterini shakllanish davri, balki organizmni o‘sishi, uning funksiyalarini takomillashuv payti hamdir.

Maktab sharoiti, mehnat va dam olish, o‘qitish jarayonining o‘zi – bularning barchasi bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishida o‘zining ahamiyati, ta'siriga ega bo‘ladi. Shu bilan birga maktab yoshida bolaning organizmi tashqi muhitning turli xil ta'sirlariga beriluvchan, osonlik bilan bo‘ysunuvchan bo‘lib, unda yaxshi yoki yomon jihatlar rivojlanishi mumkin.

Maktab rahbariyati, pedagoglari birinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha bo‘lgan davrdagi o‘quvchilarni bo‘yiga maktab partalarining mos kelish-kelmasligini hisobga oladilarmi? Partani balandligi past bo‘lganidan bola engashib o‘qish-yozishga majbur bo‘lar ekan, unda umurtqa ustunida qiyshayish (“skolioz”) kelib chiqmasligiga kim kafolat beradi? Agarda o‘quvchi bola maktabga kelib-ketishida doimo kitob-daftarlarga to‘la sumkasini bitta qo‘lida ko‘tarib yursa-chi? O‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarga ortiqcha kitob-daftarlarga sumkaga har kuni solib yurmaslikni eslatish, maktabga kelishda sumkani bir qo‘lida, uyiga qaytishida ikkinchi qo‘lida ko‘tarish lozimligi tushuntirilmasa nima bo‘ladi?

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoqdagi predmetlar, tasvirlarni yaxshi ko‘ra olmaydigan (“shabko‘rlik”) o‘quvchilarning foizi yuqori sinflarda ko‘proq ekan. Zero, sinf xonalarini yaxshi yoritilmasligi, o‘quvchilarning partada noto‘g‘ri o‘tirishlari ko‘rishni yomonlashtiradi.

Bolalar shamollatilgan, toza havoli sinfda shug‘ullanishlari kerak. Kichik yoshdagi bolalar har 15-20 daqiqadan keyin, yuqori sinfdagi o‘quvchilar esa har 40-45 daqiqadan keyin xonada yurishi, yengil gimnastika mashqlarini bajarishlari lozim. 1-4-sinf o‘quvchilari bir kecha-kunduzda 11,5 soat (kunduzi esa 1-1,5 soat), 10-13 yoshdagilar 10 soatdan kam bo‘lmagan holda, o‘smirlar esa 9 soat uxlashlari zarur.

Maktabgacha va boshlang‘ich sinf bolalarida diqqatni turg‘un holda ushlab turish 6-7 daqiqadan oshmaydi, yuqori sinfdagi o‘quvchilarda ham bu vaqtdan ko‘pga cho‘zilmaydi. Maktabdagi mashg‘ulotlar, aqliy mehnatni zo‘riqishi 4-5 soat davom etishi natijasida o‘quvchi albatta toliqadi. Uning organizmi bundan qutilishi uchun tanaffus qilish, dam olish, yengil jismoniy badan-tarbiya mashqlarini bajarishga ehtiyoj sezadi. Bu borada faqat jismoniy badan-tarbiya darsidan tashqari mehnat darsining ham o‘ziga xos o‘rni bor.

Bolalarni yoshiga, bo‘y-basti, sog‘liq darajasi va holati hamda boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda, mehnat ustaxonasini jihozlash yoki sinfxona, hovlidagi yer uchastkasi, bog‘da mehnatni to‘g‘ri tashkil qilish, beriladigan vazifalar, mehnat qurollari o‘quvchilarning yoshiga mos kelishi kerak. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sinf xonasi, koridor va zinalarni tozalab yuvish, ayniqsa deraza oynalarini artish ishlariga jalb etilmasliklari lozim. Ustaxona, yer uchastkasi, maktab bog‘ida va umuman jismoniy mehnat bilan band bo‘lishda o‘quvchilar maxsus ustki kiyim-bosh, oyoq kiyimilari bilan ta'minlangan bo‘lishlari hamda umumiy gigiena qoidalariga rioya qilishlari talab etiladi.

Qishloq xo‘jaligi, bog‘da mehnat qilish jarayonida o‘quvchilarga mo‘ljallangan paqircha va paqirlardagi suv miqdori ham o‘zlariga mos bo‘lishi kerak: 5-6-sinf o‘quvchilariga 4-5 litrdan, 7-8-sinflarda – 5-6 litr va 9-11-sinf o‘g‘il bolalariga 8-10 litrdan oshmaslik.

Bolalarni kichik yoshidan o‘zlariga o‘zlari xizmat qilish; umumiy foyda uchun mehnat qilishga o‘rgatish, buning uchun esa ushbu tadbirlarni ehtiyotkorlik bilan, aqlan o‘rinli tashkil etish, bir daqiqa bo‘lsa ham bolalar organizmini o‘ziga xos xususiyatlari, ularning imkoniyatlari va ehtiyojlarini esdan chiqarmaslik zarur. Yaxshisi, ozgina vazifa berish, lekin uning bajarilishini talab qilish darkor.

 

/”Здоровье” jurnali”, 1961, № 2, prof. P.F.Emel'yanov maqolasidan foydalanildi/.