SOG‘LOM BOLAMNI ISHTAHASI YO‘Q

SOG‘LOM BOLAMNI ISHTAHASI YO‘Q

        Nima uchun oiladagi bolakayni ovqatga ishtahasi yo‘qolgan? Bu savol barcha ota-onalarni bezovta qiladi. Oila a’zolari (ota-ona, buvi) bolani hech bo‘lmasa bir qoshiq sho‘rva yoki bir qultum sut ichishga ko‘ndirish bilan ovora. Bolani ovqat yeyishga qiziqtirish uchun barcha yalinishlar, va’da berishlar, do‘q-po‘pisa qilishlar befoyda ketadi, hammaning asablari taranglashib, sabrlari tugab boradi, bola esa zo‘r berib ovqat yeyishda tixirlik qiladi, qo‘lchalari bilan likopchani o‘zidan nariga itaradi, lablarini mahkam qisib, oyoqchalari bilan tepinadi. Buning sababi nimada?
        Tabiatan bolani to‘g‘ri rivojlanishi uchun yetarli miqdor va to‘laqonli sifatga ega bo‘lgan ovqatni o‘zi yetarli. Bola organizmi uchun ovqat nafaqat sarflangan energiyani tiklashga, balki uni zahirada saqlash uchun ham zarur. Zero, odam tanasining massasi o‘sish va rivojlanish davrida taxminan 20 barobarga ortadi.
        Ma’lumki, odam organizmidagi jarayonlar ritm, temp va aniq bir tartibli ravishda kechadi. Ana shu tarzdagi hayot faoliyatida ishtaha ham yaxshi bo‘ladi.
        Bola yaqindagina ovqatlangan bo‘lsa, uni qayta-qayta ovqat yeyishga zo‘rlamang, buni u istamaydi va imkoniyati ham yo‘q. Oshqozoni esa to‘yingan va qonga kerakli oziqa moddalarni o‘tkazadi. Bularning barchasi miyadagi ovqatlanish markazi faoliyatini tormozlaydi, og‘izdagi so‘lak bezlarining faoliyati va oshqozonda shira ishlab chiqarish jarayoni pasayadi.
        Oradan 3-4 soat o‘tgach, qon tarkibi o‘zgaradi – oziqa moddalari to‘qima va hujayralarga tarqaladi, zahiradagi oziqa ham yana “ochlik” holatiga o‘tadi. Asta-sekin ovqatlanish markazining qo‘zg‘alishi ortadi, oshqozon shirasi va so‘lak ajralishi ko‘payadi. Natijada organizm ovqatlanishga ehtiyoj sezadi va go‘daklar beihtiyor onasini ko‘kragiga yoki ovqat solingan likopchaga intiladi, kattaroq yoshdagi bolalar qoshiqqa yopishadi.
       Ishtahani saqlashningbirdan-bir sharti – ovqatlanish rejimiga qat’iy rioya qilish, ovqatlanishlar orasidagi vaqt muddatini (3-4 soat) saqlash kerak. Ko‘krak suti bilan bolani emizishning eng maqbul vaqti, bola uxlab turgandan keyingi payt hisoblanadi va ovqatdan keyingi uni faol o‘ynashi uchun imkoniyat yaratib berish kerak. Ba’zi hollarda, yuqoridagi tartib-qoidalarga rioya qilinganda ham bolaning ishtahasi ochilmaydi. Nima qilish kerak?
        Ko‘pincha, ovqatni yedirishni boshidanoq bolada qarshilik ko‘rsatish boshlanadi. Odatda yangi, bolaga tanish bo‘lmagan ovqat va umuman barcha yangi predmetlar xavotir va xavfsirash his-tuyg‘ularini uyg‘otadi. Tanish bo‘lmagan shakl, rang, hidlar uni cho‘chitadi. Bir necha kun o‘tgach, boladagi salbiy munosabatlar mustahkamlanib, bola likopchani ko‘rishi va qoshiq tovushini eshitishi bilanoq o‘zining norozilik alomatlarini ko‘rsata boshlaydi.
        Agarda bola yangi ovqatga hamon o‘rganmagan bo‘lsa, ovqatlantirishni to‘xtatish kerak. Ba’zida navbatdagi ovqatlanish paytida ovqatni qoshiq yoki likopchada emas piyola, kichkina stakan yoki ovqat idishida berish foydali bo‘ladi.
        Bolani ovqatlantirishdagi har qanday yalinish, jazolash, kuch ishlatish va boshqa harakatlar zararli bo‘lib, faqat bolani ovqatga bo‘lgan salbiy munosabatini kuchaytiradi, ishtahasini bo‘g‘adi. Tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, agarda bola ovqatni yeyishdan bosh tortsa, eng yaxshi usul dasturxondagi ovqatni navbatdagi ovqatlanish vaqtigacha butunlay bermaslik kerak. Ba’zan bu usul tezda foyda bermasligi ham mumkin, faqat oiladagilardan sabr bo‘lish va iroda ko‘rsatish talab etiladi. Bola uchun bunday och qoldirish bilan davolash usulini qo‘llash xavfli emas, aksincha ishtahani tiklash maqsadida qo‘llaniladigan yagona choradir.
       Ovqatlanish paytlari orasidagi vaqtda bolaga faqat qaynatilgan suv beriladi. Ho‘l mevalar, shirinliklar, sut, kisel, kompot, pechene, hatto shirin choy qorinni to‘ydirmasdan, ishtahani bo‘g‘adi. 
        Bolalarni ovqatga taklif etishni do‘q bilan emas, aksincha shirin so‘zlar bilan erkalash orqali, xotirjam holda bajarish lozim. Ovqatdan bosh tortgan bola o‘zini aybdor his qilmasligi muhim. Uni eng yaxshi ko‘radigan ovqatini yaxshisi kechki ovqat paytiga qoldirgan ma’qul.
        Demak, yuqorida bayon  etilgan barcha ma’lumotlar kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda, bolalardagi ishtahani yo‘qligiga tegishli bo‘ldi. Bolani nima uchun ishtahasi yo‘qligini aniqlash – shifokorning ishi. Ammo to‘g‘ri ovqatlanish rejimiga rioya qilish, shunday qilish kerakki, bola huzur qilib ovqatlansin – bu onalarning vazifasidir. 

(“Здоровье” jurnali, 1958, № 3, D.Orlova maqolasidan foydalanildi)