So‘lak o‘zi nima va uning organizm uchun qanday ahamiyati bor? Og‘iz bo‘shlig‘ining shiliq qavatida uchta yirik va ko‘plab mayda so‘lak bezlari mavjud. Oddiy so‘lak rangsiz, biroz iishqorli suyuqlik bo‘lib, hidi va mazasi yo‘q. Uning tarkibida 99 foiz suv va 1-1,5 foiz turli tuz va organik moddalar bo‘ladi.
So‘lak odam organizmining faoliyatida ikkita muhim vazifani – ovqat hazm qilish va organizmni himoya qilish – o‘taydi.
Ovqatni chaynab yutishda so‘lakning ahamiyatini hamma yaxshi biladi: og‘izga tushgan ovqat bilan aralashib ho‘llaydi, so‘ngra uni osongina yutishda yordam beradi. Ovqatni hazm bo‘lishi og‘iz bo‘shlig‘ida boshlanadi. So‘lak tarkibida bir ferment mavjud. Shu tufayli murakkab uglevodlar yanada oddiy birikmalarga parchalanadi va bu jarayon oshqozonda ham 20-30 daqiqa davom etadi.
Agarda og‘izga biron-bir ishqorli modda, tosh, qum, turli kimyoviy va mexanik ta’sir etuvchi moddalar nogahon tushib qolsa,
so‘lak o‘zgarishlarga uchraydi. Natijada zararli moddalar parchalanadi yoki oqsil bilan birikib, zararsizlantiriladi. Shuningdek, so‘lak organizmni turli bakteriyalardan himoya qiladi, ya’ni bir qator antibiotik ta’siriga o‘xshash omillar to‘qimalarda ishlab chiqiladi.
XX-asrning 20-yillarida ingliz olimi mikrobiolog Fleming odamning burun shilliq qavatidan
bakteriyalarga qarshi omilni kashf qiladi va uning nomini lizotsim deb ataydi. Keyinchalik bu ferment ko‘plab tirik to‘qimalar, turli bezlarning shiralarida ham uchrashi aniqlangan. Lizotsim, masalan, meningit, o‘pka shamollashi, sibir yarasi, so‘zak (gonoreya) kabi kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi mikroblarni o‘ldiradi hamda ko‘z, quloq, tomoq va burun kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi. Nemis tadqiqotchisi Dold tomonidan maymun, quyon va dengiz cho‘chqasining so‘lagida bo‘yni o‘sishini to‘xtatishi va bo‘g‘ma (difteriya) kasalligini chaqiruvchi bakteriyani zararsizlantirishi (avirulent holga ketirishi)aniqlangan. Bunday xususiyatga ega bo‘lgan modda odamning so‘lagida ham topilgan va uni ingibinlar (lotincha “ingibire”-to‘xtatmoq, ushlab qolmoq) deb nomlashgan.
Ingibinlar teri va shilliq qavatlarni yiringli shikastlanishini keltirib chiqaruvchi mikroblar hamda qorin tifi, vabo, sibir yarasi mikroblarining zararli ta’sirini kamaytiradi.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, so‘lak ayrim xavfli gripp viruslarini ham kuchsizlantirishi hamda yirik qora molning so‘lak bo‘zlarida oqsim (yashur) kasallik virusini to‘xtatuvchi modda ham borligi aniqlangan.
So‘lakning xususiyati shundaki, u organizmni turli yuqumli kasalliklarga bo‘lgan immunitetini oshiradi.
Og‘iz bo‘shlig‘i organizmning ichki muhitini tashqi zararli ta’sirlardan himoya qiluvchi to‘siq vazifasini bajaradi. Nafas olish yo‘llari og‘iz bo‘shlig‘iga qanchalik yaqin bo‘lsa, ularning shilliq qavatlarida bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatish xususiyati shunchalik ko‘p bo‘ladi. Shu bilan birga, lizotsim fermenti nafaqat mikroblarni zararsizlantiradi, balki jarohatlangan to‘qimalarni qayta tiklanishiga sababchi bo‘ladi (bu o‘xshash instinkt hayvonlarda jarohat joyini yalashida ham saqlangan). Turli kimyoviy va mexanik ta’sirlarda ajraladigan so‘lakning tarkibi va miqdori, odatdagi ovqat qabul qilish jarayonidagi so‘lakdagidan farq qiladi. So‘lak ajralishini keskin ko‘payishi (gipersalivatsiya) har xil zaharlanishlarda (simob tuzlari, nikotin, ammiak, karbonat kislotasi), shuningdek xomiladorlikda kuzatiladi. Og‘ir holatlarda so‘lakning miqdori bir sutka davomida 10-12 litrgacha (normada 1-2 litr) yetishi mumkin. Bunday holatlarda organizm suvsirab,
ovqat hazm qilish bezlarining shira ajratib chiqarishi kamayadi va ovqat hazm qilish jarayonini buzilishi ro‘y beradi.
So‘lak ajralishini kamayishi (giposalivatsiya) organizmni ko‘p miqdorda suv yo‘qotishida, so‘lak bezlarini shamollashida va atropin bilan zaharlanishida kuzatiladi. Kuchli hayajonlanish va qo‘rquvda og‘iz qurishini his qilinadi, og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq pardasida mikroblarga bo‘lgan qarshilikni pasaytirib yuboradi.
Odatda, yorug‘lik va tovush so‘lakni ajralishiga ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo ovqat qabul qilish paytida yorug‘lik yoki tovush signali ham birgalikda ishlatilsa, keyinchalik ovqat berilmasa ham ushbu signallar so‘lak ajralishini keltirib chiqaradi (shartli refleks).
(“Здоровье” jurnali, 1960, № 2, t.f.n. V.Ye.Miklashevskiy maqolasidan foydalanildi)