STENOKARLIYADA DAVOLASH JISMONIY MASHQLAR
img description
STENOKARLIYADA DAVOLASH JISMONIY MASHQLAR

Odatda bemordagi stenokardiya og‘riqlari to‘sh ortida bo‘lib, chap qo‘l va kurakka ham tarqaladi; uning xurujlari gohida yoki tez-tez takrorlanishi, qisqa yoki davomli bo‘lishi mumkin. Xuruj paytida EKGda o‘ziga xos o‘zgarishlarni aniqlash mumkin, ammo xurujdan keyin bu o‘zgarishlar yo‘qolib, EKG normal holga kelib qoladi.

Stenokardiya xurujlari nima uchun ro‘y beradi? Har doim ham bir xil: yurak mushaklarini qonga bo‘lgan ehtiyoji va uni ta'minlash orasidagi nomuvofiqlik bo‘ladi. Ushbu nomuvofiqlikning sababi, uchta omildan iborat bo‘lishi mumkin: yurak tomirlarini torayishi, yurak tomirlarida qon aylanishini funksional o‘zgarishlari va yurak mushaklarida modda almashinuvi jarayonlarini buzilishi.

Davolash jismoniy tarbiya markaziy asab tizimiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, odamning ruhiyatini mustahkamlaydi. To‘g‘ri tanlangan jismoniy mashqlar organizmda qon aylanishini yaxshilaydi, qon tomirlardagi qon miqdorini ko‘paytiradi. Shu sababli yurakka qon oqib kelishi ortadi, uning oziqlanishi, qisqarish faoliyati yaxshilanadi va hokazo.

Agarda davolash jismoniy tarbiya bilan tizimli ravishda muntazam shug‘ullanilsa, qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari o‘rtasidagi buzilgan munosabatlar tiklanadi, nafas olish, modda almashinuvi yaxshilanadi. Bularning barchasi aterosklerozni kelgusida rivojlanishini sekinlashtiradi va stenokardiya xurujlarini bartaraf qiladi.

Stenokardiyada davolash jismoniy mashqlari va piyoda sayr qilish foydali hisoblanadi.

Jismoniy mashqlar va bemorning kundalik rejimini shifokor belgilab beradi. Albatta, xurujning birinchi kunlari bemorga tinchlik kerak: davolash jismoniy mashqlar va sayr qilish mumkin emas.

Davolash jismoniy mashqlarining majburiy tamoyillari – yuklamalarning ortishi yoki kamayishi, jismoniy mashqlarni nafas olish mashqlari bilan almashinuviga qat'iy ravishda asta-sekinlik asosida amalga oshirishdir. Eng katta yuklama muolajaning o‘rtasida berilishi kerak. O‘zbilarmonlik bilan mashqlarni o‘ziga belgilash yoki boshqa odamdan nusha olib bajarish mumkin emas. Aks holda yurakni oziqlantiruvchi qon tomirlarni kengaytirish o‘rniga ularni torayishi va og‘riqlar kuchayishi mumkin.

Eng avvalo, har bir bemor, o‘zida to‘g‘ri nafas olishni yo‘lga qo‘yib olishi kerak: burun orqali nafas olish, undan davomliroq bo‘lgan holda og‘izdan nafasni chiqarish. Jismoniy mashqlarni siltanib emas, balki asta, erkin holda bajarish kerak.

Mashqlarni boshlashdan oldin xonani yaxshilab shamollatish yoki imkoni bo‘lsa ochiq havoda bajargan ma'qul. Mashqlarga ertalab yoki kunning o‘rtasida, ovqatlanishdan 1-2 soat o‘tgach kirishish lozim. Kechki paytda mashqlarni bajarish tavsiya etilmaydi, chunki ular asab tizimini qo‘zg‘atib, normal uxlashni buzadi. Mashqlarni bajarib bo‘lgach, iliq yoki salqin suvda yuvinish-artinish foydalidir.

Davolash jismoniy mashqlaridan tashqari tekis (yoki ozgina balandlashib boruvchi) yo‘lda sayr qilish foydali bo‘lib, shuningdek bog‘ yoki shaxsiy tomorqadagi yengil jismoniy ishlarni bajarish mumkin.

Bemor shifokordan o‘zini-o‘zi nazorat qilish, mashqlardan oldin va keyin nafas olish va pul'sni o‘lchash tartib-qoidalarini so‘rab olishi, o‘zini his qilishni qanday tahlil qilishda nimalarga e'tibor qaratishi lozimligi haqida maslahatlar olishi kerak. Agarda umumiy ahvoli yaxshi, pul's ozgina oshgan bo‘lsa, hansirash, yoqimsiz his-tuyg‘ular va og‘riqlar bo‘lmasa, demak, davolash jismoniy tarbiya mashqlari foyda keltirmoqda.

Mabodo jismoniy mashqlar va jismoniy mehnat yoqimsiz tuyg‘ular va yurakda og‘riqlarni keltirib chiqarsa, ularni darhol to‘xtatish va shu kuni boshqa shug‘ullanmaslik kerak. Shundan keyin ham yuqoridagi noxush alomalar o‘tib ketmasa, shoshilinch holda qon tomirlarni kengaytiruvchi dorilarni (validol yoki nitrogliserin) ichish zarur. Bu dorilar doimo yoningizda bo‘lishi kerak. Ertasiga, og‘riqlar bo‘lmasa, mashqlarni qaytadan boshlash mumkin.

Stenokardiya kasalligi bilan og‘rigan bemorni piyoda sayr qilishida, yo‘l masofasi, harakatlar tempi va yo‘nalishdagi tanaffus qilish vaqtlarini shifokor belgilab beradi. Piyoda yurishda tanadagi qon aylanishi faollashadi, mushaklarni taranglashuvi va bo‘shashish almashinuvi bir xilda kechadi. Yurganda shoshmasdan, bir maromda odimlash va nafas olishga e'tibor berish kerak. Sayr uchun anhor bo‘ylari, ko‘kalamzor joylar, dam olish bog‘larini tanlash lozim. Sayrni 2-3 nafar tengdosh odamlar bilan amalga oshirish ma'qul.

 

Здоровье” jurnali, 1962, № 8, t.f.n. M.A. Voskanov maqolasidan foydalanildi.