TROFIK YARALAR HAQIDA
img description
Trofik yaralarni oldini olish va davolash yo'llari

Tibbiyotda to‘qimalar oziqlanishi va nerv tizimi faoliyatining yetishmovchiligi natijasida rivojlanuvchi yaralarni trofik (grekcha “trofe” so‘zi – oziqlantiraman) yaralar deb ataladi.

Yengil trofik buzilishlarda tuklar to‘kila boshlaydi, tirnoqlar sinuvchan bo‘ladi va terida toshmalar paydo bo‘ladi; to‘qimalarning uzoq muddat davomida va jiddiy yo‘sinda oziqlanishining buzilishi natijasida imillab kechuvchi va sekinlik bilan bituvchi yaralar yuzaga kelishi mumkin. Bunda, yaralarning kelib chiqishida nervlar faoliyatining buzilishi (masalan, quymich nervi va uning tolalarining jarohatlanishi) muhim rol o‘ynaydi.

Ko‘pincha, obliteratsiyalovchi endoarteriitlarda, asta-sekin oyoq panjasining mayda arteriyalari (kapillyar) berkilib qoladi va to‘qimalarning oziqlanishi buziladi. Agarda o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, oldiniga bosh barmoqda yengil trofik o‘zgarishlar, so‘ngra yara paydo bo‘ladi.

Aksariyat trofik yaralar oyoqlardagi teri osti venalarning varikoz (yoki tuguncha) kengayishi asosan 40 yoshdan keyin ro‘y beradi: ushbu kasallikning kelib chiqishiga turli sabablar keltiriladi. Eng muhimi, oyoqlarning teri ostidagi venalarda qon harakati dimlanib qoladi. Natijada oyoqlar shishib, boldirning pastki uchdan bir qismida qiyin bituvchi yara paydo bo‘ladi. Bu yaralarni iloji boricha kichik bo‘lsa-da, jarohat va infeksiyalardan ehtiyot qilish kerak.

Venalarning varikoz kengayishida trofik yaralarni oldini olish uchun venalardagi qon dimlanishini oldini olish zarur. Buning uchun oyoqlarga kiydiriladigan maxsus elastik bintlar yoki yaxshisi, elastik paypoqlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Obliteratsiyalovchi endoarteriitlarda trofik yaralarni oldini olish uchun dori-darmon va fizioterapiya muolajalarini erta boshlash lozim. Oyoqlarda qon aylanishini yaxshilash maqsadida novokainli blokadalar qo‘llaniladi. Ushbu toifadagi bemorlarga tamaki chekish qat’iyan taqiqlanadi.

Mavjud bo‘lgan trofik yaralarni bitishini tezlatish uchun, avvalo oyoqlarga tinch holat yaratish kerak. Yarani yuzasiga antibiotikli neytral reaksiya beruvchi malham bog‘lama yopiladi; Shostakovskiy balzami yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Shifokorlar uzoq muddatli tinch holatni saqlash lozimligini tavsiya etadigan hollarda, bemorning oyog‘iga maxsus sink jelatinali bog‘lama “etikcha” shaklida o‘rab qo‘yiladi.

Tuguncha shaklidagi kengaygan venalarni davolash, jarrohlik amaliyotini talab qiladi.

Keyingi vaqtlarda boldirdagi trofik yaralarni davolashda yangi usul keng tarqalmoqda: yara tozalanadi va vakuum apparati bilan davomli ishlov (“obrabotka”) berilgandan so‘ng, yara yuzasiga teri ko‘chirib o‘tkaziladi.

Demak, trofik yaralarni davolashdan ko‘ra, uni oldini olish yengil kechadi. Shuning uchun ham, qo‘l-oyoqlari jarohatlangan, obliteratsiyalovchi endoarteriit va varikoz kengaygan venalari bo‘lgan bemorlar o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishlari kerak. Shifokor zarur bo‘lgan gigiyena va davolash rejimini belgilab beradi.

”Zdorove” jurnali, 1962, № 5, I.M.Grigorovskiy maqolasidan foydalanildi.