Uyqusizlik har bir katta yoshdagilar va bolalarda uchrashi mumkin bo‘lgan holat hisoblanib, uning azobini boshidan o‘tgan odam yaxshi biladi.
Uyquni yo‘qolishi, odamning bosh miya po‘stlog‘ida kechuvchi qo‘zg‘olish va tormozlanish jarayonlarining o‘zaro muvozanatini buzilishi, ya’ni tormozlanish funksiyasini pasayishi yoki aksincha qo‘zg‘alishni kuchayganligi natijasida ro‘y beradi.
Hamma odam ham birdek chuqur va uzoq uxlay olmaydi: kimdir arzimas tashqi ta’sirdan cho‘chib uyg‘onib ketsa, kimnidir zambarak otib ham uyg‘otish qiyin. Gap shundaki, uyquni uzoq va chuqur bo‘lishi asab tizimining tipiga bog‘liqdir. Asab tizimida tormozlanish kuchli bo‘lgan tipdagi odamlar tezda uyquga ketib, uzoq uxlaydilar; qo‘zg‘aluvchan tipdagi odamlar esa uyqularini “topolmaydilar” va ozgina ta’sirdan ham uyg‘onib ketadilar.
Uyquni buzuvchi eng kuchli omil eshituv, so‘ngra ko‘ruv, teri orqali sezish, hid bilish a’zolari orqali ta’sir ko‘rsatishdir. To‘satdan, tartibsiz bo‘lgan kuchli shovqin (qattiq ovozda so‘zlash, avtomobil signali, biron-bir narsani taraqlab tushishi, to‘satdan yorug‘likni (yoki chiroq) tushishi va h.) uyqudagi odamni uyg‘otib yuborsa, boshqa bir xildagi ta’sirlar (shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilarining tovushi, poyezd g‘ildiraklarini bir ohangdagi taq-tuqlab yurishi, dengiz to‘lqinlarini qirg‘oqqa ohista urilishi) esa aksincha, odamni allalab, uyquni keltiradi. Shu bilan birga, tashqi issiq-sovuq ta’siriga badan terisi sezgir odamlar noqulay shart-sharoitlarda (xonani juda issiq yoki sovuqligi, begona joy, dag‘al yoki o‘ta yumshoq yostiq, choyshab, ko‘rpa-to‘shak va h.) uxlashga qiynaladilar. Shuningdek, uyqusizlikni ichki va tashqi sabablari turli-tuman: bu tanadagi og‘riq, qon aylanishi va nafas olishdagi buzilishlar (arterial gipertoniya, bronxial astma, ensefalit kabilar), asab tizimini umumiy qo‘zg‘aluvchanligi, his-hayajonlarni boshdan o‘tkazish (xavfsirash, qo‘rquv, bezovtalanish) bo‘lishi mumkin.
Odam uxlayotgan paytda, miya po‘stlog‘ida uning ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda avtomatik ravishda ishlovchi “uyg‘oq”, ”navbatchi, qorovul” xududlari mavjud bo‘lishi tufayli, ichki va tashqi ta’sirlarga ogoh bo‘lib turadi.
Uyqusizlik uzoq va qisqa muddatli, davolash oson va qiyin kechadigan bo‘lishi; shaklan tarlicha: uyquni kelishi qiyinligi, ba’zan yuzaki uyqu bo‘lib, odam kechasi bilan to‘lg‘anib chiqish holatlarida uchrashi; tushsiz yoki tush ko‘rish bilan namoyon bo‘lishi kuzatiladi.
Uyqu buzilishini davolashda eng avvalo qat’iy kun tartibi, rejimini aniqlab, unga doimiy rioya qilish kerak. Odatga aylangan shart-sharoit va belgilangan vaqt odam organizmini tezda va osonlik bilan uyquga ketishiga yordam beradi, miyada tormozlanish jarayonini kuchaytiradi.
Uyqusizlikni davolashda quyidagilarga e’tibor berish lozim:
- toza havodan foydalanish (yozda ochiq havoda, krovatni balkon yoki ayvonchaga olib chiqish; qishda xona darchasini ochib qo‘yish, shamolli yoki sovuq kunlarda
darchaga bir-necha qavatli dokani tutish);
- ovqatlanish rejimini saqlash (to‘yib ovqatlanmaslik, ayniqsa kechki ovqatni uxlashdan 2 3 soat oldin tanovvul qilish, suyuqliklar (issiq choy, kofe, kakao va h.) ichishni cheklash;
- uxlashdan oldin iliq vanna, oyoqlarga esa issiq vanna qabul qilish;
- asab tizimi kuchli qo‘zg‘alishga ega odamlarni yarim tungacha kitob o‘qishi, kompyuter yoki mobil telefonlardan foydalanishi,
televizor tamosha qilishi, suhbatlashib o‘tirish;
- jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish, badan-tarbiya mashqlarini bajarish, piyoda kechki sayr qilish;
- agarda uyqusizlik juda kuchli bo‘lgan taqdirda, oila shifokori bilan maslahatlashgan holda uyqu dorilariga murojaat qilish; Ushbu dorilar tezda, qisqa
muddatli ta’sir ko‘rsatuvchi (uyquni kelishi qiyin bo‘lganda) va uzoq muddat ta’sirga ega (uyquni yuzaki va tush ko‘rishlar bilan kechganda) turlarga bo‘linadi. Uyqu dorilarini “tez yordam” sifatida, zarur bo‘lgan kunlarda ichish lozim va suiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
- uyqusizlik biron-bir kasallikning belgisi bo‘lsa, asosiy kasallikni davolashga kirishish;
- uyqusizlikni hech qachon alkogol ichimliklar yordamida yengishga urinmaslik, zero alkogol uxlatuvchi vosita emas, balki narkoz vazifasini o‘taydi va asab
tizimiga ikki xil (zaharlovchi va qo‘zg‘atuvchi) ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
(“Здоровье” jurnali, 1958, № 3, E.S.Feldman maqolasidan foydalanildi)