Har bir oilada dori-darmonlar saqlanadigan idish (“aptechka”) bo‘ladi va unda vodorod peroksidi bo‘lgani yanada yaxshi. Bu tiniq rangsiz suyuqlik o‘ziga xos kuchsiz hidli, tishlarni qamashtiradigan ta’mga ega.
Ko‘pincha vodorod peroksidi teridagi ifloslangan yaralarni, infeksiya tushgan qirilgan joylarni zararsizlantirish uchun ishlatiladi. Jarohat yuzasini vodorod peroksidi bilan yaxshilab ho‘llanadi va bunda ko‘plab ko‘piklar hosil bo‘ladi. Natijada jarohat yuzasidagi iflos narsalar, qon quyqalari va o‘lgan to‘qimaning qoldiqlari yuvilib ketadi. Ko‘piklarni jarohat yuzasidan toza paxta tamponi bilan olib tashlanadi, so‘ngra sterillangan bint bog‘lamasi qo‘yiladi.
Ayniqsa vodorod peroksidini yiringli jarohat yoki yaralarni yuvish uchun tavsiya etiladi. U nafaqat jarohat o‘rnini zararli mikroblardan tozalaydi, balki yoqimsiz hidlarni ham yo‘qotadi.
Vodorod peroksidi – yaxshigina qon to‘xtatuvchi vosita hamdir. Ushbu dori bilan namlangan, marlidan tayyorlangan tampon burundan qon oqishini va teridagi kesilgan, tirnalgan joydagi qonlarni tezda to‘xtatadi.
Ko‘plab hollarda biz jarohat yuzasiga yopishib, qotib qolgan bog‘lamani qanday ko‘chirib olishni bilolmay qolamiz. Vaholanki, bu joyga vodorod peroksidi eritmasini quyish bilan bog‘lamani yumshatib, og‘ritmasdan osongina ko‘chirib olish mumkin hamda bir vaqtning o‘zida jarohatni qonashi to‘xtatiladi va infeksiyadan tozalanadi.
Og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, halqumni turli xil shamollashlarida shifokorlar vodorod peroksid bilan chayqashni tavsiya etadilar. Yarali stomatit bo‘lgan bemorlarga milklarni vodorod peroksidi bilan artish buyuriladi. Bu dori 2-3 darajali sovuq oldirilgan joylarni kompress qilish uchun ham foydalaniladi.
Ba’zida shifokorlar vodorod peroksidni oshqozon sokini kislotaligi oshib ketganda yoki ichaklarida bijg‘ish kuchayib ketgan odamlarga ichish uchun ham tayinlaydilar. Bunday hollarda tayyor tabletka shaklidagi magniy pergidrol ishlatiladi. Oshqozon soki ta’sirida undan vodorod peroksidi ajralib chiqadi va oshqozon-ichak yo‘llarini dezinfeksiya qiladi hamda shamollash jarayonini kamaytiradi. Vodorod peroksidi va magniy pergidrolning dozasini shifokor har bir bemorga tegishlicha aniqlab beradi.
Dorixonalarda uch foizli vodorod peroksidi, tarkibida o‘ttiz foiz vodorod peroksid bo‘lgan pergidrol hamda suvda yaxshi eriydigan gidroperit tabletkalari sotiladi. Ushbu dorilarning barchasini qorong‘i, salqin joyda saqlash zarur, chunki ular yorug‘lik ta’sirida buziladi.
“Здоровье” jurnali, 1960, №11, t.f.n. I.Yu.Yudin maqolasidan foydalanildi.